O‘zA O`zbek

05.09.2019 Chop etish versiyasi

Sirdaryoda mehnat bozori qay ahvolda?

Sirdaryoda mehnat bozori qay ahvolda?

Sirdaryo viloyatida 833 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ulardan 485 mingdan ziyodi mehnatga layoqatli fuqarolar.

Xo‘sh, bugungi kunda viloyatda aholini ish bilan ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu borada viloyat bandlik bosh boshqarmasi va uning tizimidagi muassasalar faoliyati nechog‘li samarali bo‘lmoqda. Huquqni qo‘llash amaliyoti, qonun hujjatlarini targ‘ib qilish, murojaatlar bilan ishlashda qonun hujjatlariga rioya etilishi qay ahvolda?

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining joriy yil 15 iyuldagi topshiriq xati hamda Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i asosida o‘tkazilgan o‘rganishlarda mazkur yo‘nalishdagi ishlar tahlil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi yuzasidan boshqarma va markazlar tomonidan o‘tgan vaqt davomida mehnat organlariga murojaat etgan ishsizlarning ishga joylashtirilishi ta’minlab borilgan. Fuqarolarga maqbul keladigan ishni tanlashda, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va boshqa ish beruvchilarga zarur xodimlarni tanlashda yordam ko‘rsatilgan.

Mazkur qonunga ko‘ra, mehnat bozori holatining monitoringini tashkil etish hamda shu asosda hududlar va tarmoqlar kesimida yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga doir yillik buyurtmalarni shakllantirish belgilab qo‘yilgan.

Boshqarma va uning tizimidagi tuman-shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga 2019 yilning 1 avgust kuniga qadar jami 18 ming 488 nafar ishsiz fuqarolar murojaat qilgan bo‘lib, murojaat qilganlarning 7 ming 36 nafari mehnat bozoridagi mavjud ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan, 311 nafariga ishsizlik nafaqalari tayinlangan, 1 ming 288 nafar ishsiz fuqarolar turli yo‘nalishlarda kasb o‘quviga yuborilgan, 6 ming 866 nafari qurilish, obodonlashtirish va boshqa sohalarga haq to‘lanadigan jamoat ishlarini bajarish uchun jalb qilingan.

Joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan, mehnat bozorida teng raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun ish o‘rinlarini band qilib qo‘yish maqsadida qabul qilingan tuman va shahar hokimlarining qarorlari asosida 2 ming 774 ta kvota ish o‘rinlari yaratilgan. Lekin ushbu ish o‘rinlariga 1 ming 619 nafar fuqarolar ishga joylashtirilgan.

10 ming 209 nafar mehnat migrantlaridan 7 ming 249 nafari rasmiy va norasmiy sektorlarda bandligi ta’minlangan. Joriy yilda 61 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari o‘tkazilgan bo‘lib, yarmarkada 930 ta korxona va tashkilotlar o‘zlarida mavjud 11 ming 396 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etib, yarmarkalarda qatnashgan 6 ming 507 nafar fuqarolarning 4 ming 69 nafariga ishga joylashishlari uchun yo‘llanmalar, 2 ming 68 nafariga huquqiy maslahatlar berilgan.

– O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi yangi tahrirda qabul qilingan qonunining 3-moddasi 3-qismida shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi qaror mahalliy mehnat organi tomonidan ular ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n birinchi kundan kechiktirmay qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan, – deydi Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sanjar O‘rmonov. – Afsuski o‘rganishlarimiz davomida tuman-shaharlarda murojaat qilgan fuqarolarni “ishsiz” deb e’tirof etish 13 kundan 21 kungacha kechiktirilgan holatlari borligi aniqlandi.

Jumladan, Boyovut tumanidagi Tinchlik mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi X.Berdiyorova joriy yilning 26 aprelida tuman bandlik markaziga murojaat qilgan bo‘lsada, 2019 yilning 8 may kuniga kelib, ya’ni 13 kunga kechiktirilgan holda ishsiz deb e’tirof etilgan. Xuddi shunday kamchiliklarni Yangier shahri, Sirdaryo tumani va boshqa bir qator shahar va tumanlarda ham uchratish mumkin.

Biroq buni aksi bo‘lgan holatni ham uchratish mumkin. Misol uchun, Boyovut tumani Ijodkor MFYda yashovchi fuqaro B.Qurbonovning murojaati axborot-dasturiy ta’minotiga joriy yilning 3 aprel kuni ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsada, belgilangan 10 kunlik muddat tugamasdan fuqaro ishsiz deb e’tirof etilgan va unga 167 ming 252 so‘m miqdorda ishsizlik nafaqasi tayinlangan.

Afsuski bu holat yagona emasligini, shu turdagi nafaqalar Boyovut tumanida yana 13 nafarni, Sirdaryo tumanida 8 nafarni, Yangier shahrida 2 nafarni tashkil etganini qanday izohlash mumkin.

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘laridan Boyovut tumani uchun 33 million 800 ming so‘m, Sirdaryo tumani uchun 30 million 300 ming, Yangier shahri uchun 42 million 200 ming so‘m kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish kurslarida o‘qishga sarflangan bo‘lsada, Boyovut tumanida ishsiz shaxslarning 18 nafari va Sirdaryo tumanida 2 nafari, Yangier shahrida 5 nafarini ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilmagan.

– Bu esa, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘larining asossiz ravishda sarf etilishiga olib keladi, – deydi S.O‘rmonov. – Bundan tashqari, yuqorida qayd etilgan qonunning 27-moddasiga asosan 35 yoshga to‘lmagan boquvchining qaramog‘ida uch nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan ishsiz erkaklarga ishsizlik nafaqasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ular haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etgan taqdirdagina tayinlanishi ta’kidlangan.

Biroq, Yangier shahar bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro B.Haydarov ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi uchun 2 ta tashkilotga yo‘llanma berilgan. Mazkur tashkilotlarda bo‘sh ish o‘rinlari mavjud bo‘lmaganligi sababli, fuqaro ishsiz deb e’tirof etilib, unga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.

Vaholanki, mazkur holatda fuqaro B.Haydarovga ishsizlik nafaqasini tayinlashdan avval uni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish lozim edi.

Sirdaryo tumani bandlikka ko‘maklashish markaziga joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 2 ming 201 nafar fuqaro ish so‘rab murojaat qilgan. Ulardan 1 ming 176 nafari yo‘llanmalar asosida ishga joylashtirilgan bo‘lsada, nima sababdandir 918 nafari doimiy ish bilan ta’minlanmagan.

Xovos tumani bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999 yil 13 oktabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Mehnat organlarida fuqarolarni ro‘yxatga olish, ularni ishga joylashtirish, ishsizlik nafaqasini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga zid ravishda fuqaro D.Mamadalievaning murojaatini qabul qilishda ish stajini tasdiqlovchi hujjati, diplom nusxasi bo‘lmasa-da, unga tuman madaniyat bo‘limiga to‘garak rahbari lavozimiga yullanma berilgan. Xuddi shunga o‘xshash yo‘llanmalar yana 11 nafar ishsiz fuqarolarga berilganini qanday izohlash mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnatni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli organ hisoblanadi. “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya qilishda Sirdaryo viloyat Bandlik bosh boshqarmasi va tuman-shahar markazlari tomonidan bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

– Qonunning 8-moddasida ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlarning sabablarini tahlil qilish hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuridik va jismoniy shaxslarga bunday jarohatlanishlarning oldini olish bo‘yicha takliflar kiritish nazarda tutilgan, – deydi viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sanjar O‘rmonov. – Qonunning 32-moddasida, mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga javob bermaydigan, ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan mahsulotni ishlab chiqarganlik va yetkazib berganlik iste’molchilarga yetkazilgan zararning o‘rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishiga sabab bo‘lishi qayd etilgan. Biroq, amaliyotda ushbu normalar talablari deyarli qo‘llanilmagan.

O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, korxonalardagi texnik uskuna va inventarlarning inson sog‘lig‘i va hayotiga xavfsizligini aniqlaydigan maxsus o‘quv amaliyotiga ega mutaxassisning mavjud emasligi natijasida ushbu norma talablari ijrosi ta’minlanmasdan kelinmoqda.

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi va uning tuman, shahar markazlarida mamlakatimizning amaldagi “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi bo‘yicha o‘rganilganda, viloyat bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davri mobaynida nogironlar uchun 1 ming 102 ish o‘rinlari ajratilgan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar faqatgina 56 nafar yoki 5 foiz nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga joylashtirilgan, xolos.

Jumladan, ushbu qonunning 16-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarini band qilib qo‘yish maqsadida Mirzaobod tumanidagi mavjud korxona, muassasa va tashkilotlarda xodimlarining ro‘yxati bo‘yicha 82 nafar nogironning ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lsada, joriy yilning o‘tgan davrida jami 3 nafar nogiron kvotalangan ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan. Nima uchundir qolgan 79 nafar nogironlar uchun band qilingan kvotalangan ish o‘rinlariga joylashtirish choralari ko‘rilmagan?!.

Xuddi shunday holat Guliston shahrida 494 ish o‘rniga 35 ta, Yangier shahrida 69 ta o‘ringa atigi 4 ta, Boyovut tumanida 60 ta o‘ringa 8 ta, Xovos tumanida 83 ta, Guliston tumanida 72 ta, Sardoba tumanida 33 ta o‘ringa bor-yo‘g‘i bittadan nogiron fuqarolar ishga joylashtirilganini tuman bandlik markazlari qanday izohlar ekan-a?!.

Bundan ham achinarlisi, Shirin shahrida 33 ta, Sirdaryo tumanida 86 ta, Oqoltin tumanida 81 ta ish o‘rni band qilingan bo‘lsada, amalda birorta ham nogiron fuqaro ishga joylashtirilmagan?!.

Eng yomoni, ana shu nogironlarni ishga joylashtirishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llanilmaganidadir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 iyuldagi “Jismoniy shaxslarning mehnat stajini elektron hisobga olishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi ham ta’minlanmagan. Viloyat bo‘yicha fuqarolarning mehnat daftarchalarini elektron shaklda yuritish choralari ko‘rilishi bo‘yicha boshqarma tomonidan takliflar kiritilmagan.

Xuddi shunday boshqarma va markazlar tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 27 apreldagi 246-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari faoliyatini tashkil etish va ularning yagona reestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari ham bajarilmagan.

– O‘rganishlar natijasida aniqlangan xato va kamchiliklar yuzasidan boshqarma va tuman-shahar bandlikka ko‘maklashish markazlariga taqdimnomalar kiritildi, – deydi Sanjar O‘rmonov. – Viloyat bandlik bosh boshqarmasi va uning tizimidagi shahar, tuman markazlarida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etib, amaldagi qonunlar, Davlatimiz rahbari va Vazirlar Mahkamasi hamda vazirliklarning tegishli farmon, qaror, farmoyish va ko‘rsatmalari ijrosini ta’minlashlariga umid qilamiz. Sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar viloyat adliya boshqarmasining doimiy nazoratida bo‘ladi.

11 829
A.QAYuMOV, O‘zA