O‘zA O`zbek

22.09.2019 Chop etish versiyasi

Sirdaryoda kibersport musobaqasi gʻoliblari aniqlandi

Sirdaryoda kibersport musobaqasi gʻoliblari aniqlandi

Guliston shahrida oʻtkazilgan kibersport respublika musobaqasining Sirdaryo viloyati bosqichi nihoyasiga yetdi.

Mamlakat miqyosidagi musobaqa – Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Esports Uzbekistan, Ucell mobil aloqa kompaniyasi homiyligida oʻtkazilmoqda.

Joriy yilning 19-mart kuni Davlatimiz rahbari boshchiligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yoshlarimizga boʻlgan eʼtiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga urgʻu berilganligi taʼkidlandi.

– Yoshlarimizning maʼnaviy immunitetini kuchaytirish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish har qachongidan ham dolzarbroq ekanini zamonning oʻzi koʻrsatib turibdi, – deydi viloyat axborot texnologiyalari boshqarmasi boshligʻi Baxodir Xidirov. – Prezidentimiz tomonidan ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surilgan edi. Oʻziga xos ushbu bellashuvni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad – ana shu ustuvor tashabbuslarning uchinchisi – aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish va yoshlarni boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish mujassamlashgan.

Ushbu yirik kibersport musobaqasining viloyat bosqichida 50 nafarga yaqin sirdaryolik kibersportchilar “FIFA 2019”, “PES 2019”, Counter Strike: Global Offensive (global hujum) hamda “DOTA 2” yoʻnalishda oʻzaro bahslashdi.

Yakuniy xulosalarga koʻra, 4 ta yoʻnalish boʻyicha 1-oʻrin olgan ikki jamoa hamda 2 nafar yakkalik bahs gʻoliblari joriy yilning 27-sentyabr kuni Toshkentdagi “UZEXPO” markazida “ICTWEEK UZBEKISTAN” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida tashkil etiladigan 50 million soʻmlik pul mukofoti uchun oʻynaladigan, respublika finalida viloyat sharafini himoya qiladilar.

Gʻolib va sovrindorlarga tashkilotchilarning diplom va pul mukofotlari topshirildi.

3 163
A,QAYUMOV, OʻzA muxbiri