Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.01.2018 13:50 Chop etish versiyasi

Sirdaryoda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi kutubxona yoxud yonayotgan shamning osoyishtaligi xususida

Sirdaryoda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi kutubxona yoxud yonayotgan shamning osoyishtaligi xususida
Adabiyot

Dorilomon kunlar keldi, shafaqlari ol

Bu satrlar 1947-yil 17-mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida, dehqon oilasida tug‘ilgan Halima Xudoyberdiyevaga tegishli bo‘lib, hayot haqiqatini boricha bo‘yamay tasvirlash shoira hayotining, ijodini bosh tamoyilga aylangan edi.

“Muqaddas ayol”... Bu she’ri satrlarini o‘zicha xirgoyi qilmagan yoki qo‘shig‘ini eshitmagan biror bir o‘zbek topilmaydi nazarimda. Qo‘shiq so‘zlari shu qadar sodda, shu qadar xalqchil va shu qadar ko‘ngilga yaqinki, u tildan-tilga o‘tib, yuraklar kirib borgan. So‘zning sehri, shoirning mehnati, bedor o‘tkazgan tunlarining haqi bu.

Ana shunday go‘zal satrlar sohibasi Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek san’ati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy g‘oyalar, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qo‘shgani, ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati hamda tavalludining 70-yilligi munosabati bilan 2017-yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi.

Agar shoira ijodini kuzatadigan bo‘lsak, uning she’rlarining mavzu va ma’no ko‘lami nihoyatda keng va chuqur bo‘lib, go‘dak, ayol, ota-ona, vatan mavzulari ustuvorlik qiladi. She’r ruhi lahzada sizni zabt etadi. Ehtiroslarning guvlab, toshib kelgan oqimi qa’riga tortib ketadi. So‘zlar allanechuk jonli-jismli tuyg‘ularning tig‘iz safidek, ularni yorib o‘tgudek kuch-qudrat yo‘q, beixtiyor siz ham ana shu oqim qa’rida qolganingizni his qilasiz.

Halima Xudoyberdiyeva o‘rta maktabdan so‘ng 1968-1972-yillarda Toshkent Davlat universitetida ta’lim oldi. So‘ngra «Saodat» jurnalida avval bo‘lim boshlig‘i, muharrir o‘rinbosari va keyinchalik bosh muharrir sifatida samarali faoliyat ko‘rsatdi. 1975-1977-yillarda Moskvada Oliy adabiyot kursida tahsil oldi.

1978-1982-yillarda «Yosh gvardiya» (hozirgi «Yangi asr avlodi») nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi kengashi raisi lavozimlarida xizmat qildi. 1995-1996-yillarda «Yozuvchi» nashriyotida yetakchi mutaxassis va «Guliston» jurnalida adabiyot bo‘limini boshqardi. U turli lavozimlarda faoliyat yuritsada bir daqiqa bo‘lsada, she’riyatdan uzoqlashmadi.

Natijada 60-yillardan buyon yigirmadan ortiq she’riy to‘plamlar, dostonlar va publitsistik maqolalar yaratdi. Uning «Ilk muhabbat» (1968), «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog‘larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiq qor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Yuragimning og‘riq nuqtalari» (1991), «Hurlik o‘ti» (1993), «Bu kunlarga yetganlar bor» (1994), «To‘marisning aytgani» (1996) kabi she’riy, nasriy majmualari keng kitobxon ommasining ma’naviy mulkiga aylangan.

U tarjimon sifatida ham samarali ijod qilmoqda. Uning Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov asarlaridan qilgan tarjimalari e’tiborlidir. Halima Xudoyberdiyeva mahoratli publitsist hamdir. Uning “Yuragimning og‘riq nuqtalari” to‘plamiga kirgan maqolalarida zamonamizning dolzarb muammolari haqida mushohada yuritiladi.

Halima Xudoyberdiyeva «Muqaddas ayol» (1990) nomli she’riy to‘plami uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1992-yilda esa unga «O‘zbekiston xalq shoiri» degan yuksak unvon berilgan edi.

Halima Xudoyberdiyeva endigina ijodga kirib kelgan yillarda adabiyotning katta bilimdoni, «O‘zbek shoiralari» kitobini nashr ettirib ko‘p savob ishga qo‘l urgan To‘xtasin Jalolov uning she’rlari xususida «Tuyg‘ular tug‘yoni» sarlavhali maqolada shunday degan ekan: «Halima o‘zbek ayol she’riyatida kutilmagan hodisa, ungacha bu san’at koshonasida qandaydir sukunat, osudalik hukm surib, kishini mudroq bosardi. Halima bu dargohga bo‘ron bo‘lib, suron bo‘lib kirib keldi-da, to‘liqib, oshiqib, toshiqib baland pardalarda qo‘shiq boshladi.

Men shunchaki o‘ylagim kelmas,
Xayol – sharob misol qilsin sarxush, mast.
Men shunchaki kuylagim kelmas,
Ovoz pardalarim chidab bersa bas.»

Mazkur satrlar, shiddatkor she’r go‘yoki shoiraning ijodiy, axloqiy, insoniy o‘ziga xos dasturi bo‘lib tuyuladi. Bu she’r to‘lig‘icha olganda tuyg‘ularning tug‘yoni, jasoratning namoyishidir. Ha, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor!

Shoiraning bu kunlarga yetib kelguncha boshidan nimalar o‘tgani, bu iztiroblarning satrlardagi aksi va yangi kitobi – «Osoyishta sham» haqida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abduholiq Abdurazzoqov o‘z mulohazalarini satrlarga joylab, saytimiz o‘quvchilarga ilindi.


Halima Xudoyberdiyeva voqeasi

“Sharq ziyokori” kitob do‘konining “Yangi kitoblar” bo‘limida O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaning “Osoyishta sham” kitobini ko‘rib yuragim hapriqib ketdi.

Nega sham? Axir sham!.. Yuragimga ona arslon qo‘ygan in,
...Men taslim bo‘lmay turib, so‘rmalab,
Qonimizni ichadigan mast yo‘qdir.
Ona arslon o‘lmay turib, o‘rmalab
Bu o‘rmonga kiradigan kas yo‘qdir,


deb mardona she’rlar yozgan, o‘zbek she’riyati osmoniga “Boing” kabi tikka ko‘tarilgan, bizning nazarimizda uncha-muncha bo‘ronlarga-da bo‘y bermaydigan Halima opamizni nahot zamonning battol kuchlari osoyishta sham kabi yonishga majburlagan bo‘lsa! Chunki, ijodkorning “MEN”i uning hayotidan ayricha yashamaydi. Boyovutliklar, ayniqsa, Halima Xudoyberdiyeva tug‘ilib o‘sgan “Olmazor” qishloq fuqarolar yig‘ini aholisi shoiraning kitoblarini uning hayoti bilan bog‘lab o‘qishadi va uqishadi. Bu odat menga ham begona emas. “Osoyishta sham”ni varaqlar ekanman hayotimdagi Halima opa bilan bog‘liq voqealar qaytadan jonlana boshladi...

O‘tgan asrning yetmishinchi yillaridayoq Halima Xudoyberdiyeva ilk she’rlari bilan o‘zbek adabiyotiga voqea bo‘lib kirib kelgan edi. Buni birinchi bo‘lib ilg‘agan va unga ma’naviy ustozlik qilgan odam – Sharof Rashidov bo‘ldi. O‘z davrining ulkan shaxslaridan biri Uinston Cherchelning “Siyosatchi bo‘lajak saylovni mo‘ljallab kurashadi, davlat arbobi esa kelajak avlodni”, degan gaplari xuddi Sharof ota haqida aytilganday.

O‘z xalqi va vatanini jon dilidan sevgan donishmand ziyoli va fidoyi davlat arbobi bo‘lgan Sharof Rashidov vaqt topib, viloyat gazetalarini ham doim kuzatib borgan va unda yilt etgan uchqunning taqdiri bilan qiziqqan. Mana shu e’tibor tufayli yurtimizning uzoq kentlari va qishloqlaridan qanot yozib poytaxtga kelgan, o‘zining yorqin faoliyati va ijodi bilan ma’naviy hayotimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan ko‘plab ijodkorlarni adabiyot ixlosmandlari yaxshi eslashadi.

Men, she’rparast 8-sinf o‘quvchisi yonimizdagi maktabning o‘ninchi sinfida o‘qiydigan Halima opani tanigan paytimda uning she’rlari Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo haqiqati” gazetasida bosilib turar edi. Halima opa o‘zi ham yaxshigina shoir bo‘lgan adabiyot o‘qituvchimiz Mirzabek Mirzaqulov tashkil etgan adabiyot to‘garagining faol a’zosi edi.

  

To‘garak mashg‘ulotlarida Halima opa o‘qib bergan yangi she’rlar ertasi kuni tuman yoki viloyat gazetasida bosilib chiqqanida biz muxlislar ijodkorning o‘zidan kam quvonmaganmiz. Ba’zan o‘qituvchimiz o‘zining gazetada chiqqan yoki yangi yozgan she’rini o‘qib, Halima opaning fikrini so‘rab qolardi. Endi eslasam, Halima opa bizning to‘garagimizga o‘rganuvchi bo‘lib emas, balki kuzatuvchi bo‘lib qatnab turgan ekan. O‘zbek she’riyatining malikasi Zulfiya “Oq olmalar” kitobiga yozgan so‘ngso‘zida ta’kidlaganidek, Halima Xudoyberdiyevaga hech qachon “havaskor shoira” nisbati berilmagan. U hech qachon havaskor shoira bo‘lmagan. Bunga uning 1968-yilda nashr etilgan birinchi kitobi – “Ilk muhabbat”dagi she’rlari misol bo‘la oladi:

Kelding, ko‘kragimga Seni berkitdim,
Suqlandim oy nuri, oftob zariga.
Va uzilmas bo‘lib ulanib ketdim
Yosh ishq, ehtiroslar zanjirlariga.

Men o‘sha lahzadan o‘zni unutgan,
Men o‘sha lahzadan sarkash, o‘t niyat.
Meni “sevaman” deb bag‘riga yutgan
Senmiding, senmiding, jonim – she’riyat!

O‘zbekistonning u paytdagi birinchi qo‘shiqchi shoiri Akmal Po‘lat bosh muharrir, o‘zbek tilining nozik sadolarini teran his etgani uchun she’riyat osmonida chaqmoqdek chaqilib turgan Sulton Akbariy va To‘ra Sulaymondek shoirlar ishlab turgan cho‘lquvarlar gazetasining ijodiy jarayoniga Halima Xudoyberdiyevaning birinchi kitobidan joy olgan va hanuz mumtozlik unvoni bilan yashayotgan “Dorilomon kunlar keldi” kabi she’rlari bilan kirib kelishini bir tasavvur qilib ko‘ring endi!

U paytda ham Mirzacho‘l dalalari keng edi. Sharof Rashidovning tavsiyasi bilan uni o‘zlashtirish uchun poytaxtdan cho‘lga borgan ijodkorlarning bag‘ri undan-da keng bo‘lgan. Mana shu qozonda bir qo‘r qaynab olgan mening opacham oradan sal o‘tmay “Halima Xudoyberdiyeva” bo‘lib poytaxtga o‘qishga otlanadi.

Umid bilan suqilgan tayoq, bir kun berar mevayu yaproq, deganlaridek oradan besh yil o‘tib, 1973-yilda Halima Xudoyberdiyeva yaqinlari, yurtdoshlari va ustozlarining umidlariga ikkinchi kitobi - “Oq olmalar” bilan javob berdi. ToshDUning kitob do‘konidan “Oq olmalar”ni navbatda turib, talashib, sotib olganimiz. Kitob yetmay qolganlar Chorsudagi do‘konga chopgan edi. Bu kitob Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlar boshqarayotgan o‘zbek she’riyati kemasida oq yelkan bo‘lib qanot yozdi. “Oq olmalar”ning ushbu kemaga bag‘ishlagan shiddati haqida o‘zbek shoiralari hayoti va ijodining fidoyi targ‘ibotchisi To‘xtasin Jalolov kitob chiqqan kunlarda bir haroratli taqriz yozgan edi. Bu taqriz ham xuddi “Oq olmalar” kabi adabiy davralarda tilga tushdi.

Shundan keyin Halima Xudoyberdiyevaning “Chaman” (1974-yil), “Suyanch tog‘larim” (1976-yil), “Bobo quyosh” (1977-yil), “Issiq qor” (1979-yil), “Sadoqat” (1983-yil), “Muqaddas ayol” (1987-yil), “Bu kunlarga yetganlar bor” (1993-yil), “Hurlik o‘ti” (1993-yil), “Tumarisning aytgani” (1996-yil), “Saylanma” (2000), “Yo‘ldadirman” (2006), “Buyuk qushlar” (2012-yil) kitoblari chop etildi.

Halima Xudoyberdiyeva Toshkentga o‘ziga va so‘ziga munosib shoira bo‘lib kelgan edi. Mana oradan ellik yil o‘tibdiki, u hamon o‘ziga va so‘ziga munosib shoira “Halima Xudoyberdiyeva” bo‘lib yashamoqda, ijod qilmoqda. Bunga uning yaqinda nashrdan chiqqan “Osoyishta sham” kitobi ham guvohlik beradi. Ammo, bu kitob uning o‘ziga va so‘ziga munosib yashashi oson ish bo‘lmaganidan ham guvohlik bermoqdaki, bu haqda endi shunchaki yozib bo‘lmaydi.

1965-yilning yozi boshlangan kezlar edi. Biz, yotoqmaktabning sakkizinchi sinf o‘quvchilari sport maydonida qo‘shni maktabning urushqoqligi bilan dong taratgan Sulton gujur (keyinchalik u “Sulton Rahmonqulov” bo‘lib kolxoz raisi, tuman hokimi sifatida yaxshi ishlar qildi) boshliq futbolchilariga qarshi to‘p surar edik. Qandaydir o‘ng kelib qoldi shekilli, Sulton gujurni chalib o‘tib, to‘pni uning darvozasiga bor kuchim bilan tepganimni bilaman stadion chetidagi daraxtzor tomondan gur kulgi yangradi. Qarasam, Halima opa boshliq o‘ninchi sinf qizlari. Ular tuproqqa belanib yiqilib yotgan, ehtimol sho‘xliklari bilan ularning ham joniga tekkan urushqoq sinfdoshlarining ustidan beg‘ubor samimiyat bilan kulishayotgan edi.

Sirdaryo-Boyovut safarlariga birga olib ketish uchun Mavlon pochchamizdan izn so‘ragani ikki-uch marta Halima opaning hali sirti qumsuvoqligicha turgan Do‘mbiroboddagi uyiga borganmanu, lekin hovlisiga kirmaganman. Garchi bir tog‘ning bolasi bo‘lsak-da, nima uchundir Halima opaning o‘zi bilan ham “yaxshi kuni uni o‘rab hol-joniga qo‘ymagan” (“Osoyishta sham”, 30-bet) jilg‘achalardek yaqin bo‘lmay, uni yangi chiqqan she’rlari va kitoblari orqali kuzatib yurguvchi muxlisi edim xolos.

Demoqchimanki, bir inson kabi Halima opaning hayotida ham, yuqorida eslaganimdek xush-xandon onlar ko‘p bo‘lgan. Lekin hayot shoir Boburshohni og‘ir qismati va g‘urbati bilan qanday beayov siylagan bo‘lsa, taqdir shamoli Halima opani rasida qizlar davrasini juda erta va tez tashlab ketishga majbur qildi. “Men chavandoz qiziman axir, - ota, otdan erta ayrilgan”, - deb yozgan edi bu haqda shoiraning o‘zi “Qumsash” she’rida.

Biz, bog‘bonining ko‘zini shamg‘alat qilib oq olmalar bilan qo‘yni-qunjimizni to‘ldirib chiquvchi bolalar shu bog‘ning sarkori - peshonasida oq qashqasi bor jiyron otli Ummat bobodan juda qo‘rqar edik. U kishining mashhur bog‘bon Rizmat ota Musamuhamedov bilan ta’rifi to Moskovgacha yetib borgan Boyovut bog‘larini ko‘kartirgani va Halima Xudoyberdiyevaning otasi ekanini keyin bilganmiz.

Taniqli tanqidchi Ibrohim G‘afurov “Buyuk qushlar” kitobiga yozgan so‘zboshisida Halima Xudoyberdiyevani 92 urug‘dan tashkil topgan o‘zbekning atoqli boyovut urug‘iga bog‘laydi. Men Boyovutni va boyovutliklarni yaxshi bilaman; shu yerda sakkizinchi sinfni bitirganman. Bir fursat Boyovut tuman gazetasida adabiy xodim, mas’ul kotib bo‘lib ishlaganman. Yaqinlarimning ko‘pchiligi Boyovutda yashashadi. Keyinchalik ham jurnalist maqomi bilan Boyovutning barcha xo‘jaliklarini oralab, qancha-qancha odamlar bilan suhbatlashganman. Lekin “men boyovut urug‘idanman” degan kimsani hech uchratmadim.

Boyovut tumani aholisi asosan yuqoridan, ya’ni Turkiston tizma tog‘lari bag‘ridagi Shahriston, Zomin va Baxmal kentlaridan ko‘chirma qilib keltirilgan va shu yerda palak yozib, boyovutlik bo‘lib ketishgan.

Halima opaning avlodlari Shahristonning Qayirma qishlog‘iga mansub. Bu qishloq O‘ratepaning tog‘ tarafida, Poshshi va Kengqo‘l (O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov tug‘ilib o‘sgan qishloq) o‘rtasidagi qirlar bag‘rida joylashgan. Poshshi qishlog‘idagi bir to‘yning qo‘nig‘ida urug‘ bilgich oqsoqoldan Qayirma qishlog‘ining tarixi haqida hangoma eshitgan edim. Qadimda Poshshi urug‘ining bir tomiri “biz onov qirning arqasida yashaymiz” deb oqsoqollardan izn so‘rashadi. Chollar “ayrilganni ayiq yer, bo‘linganni bo‘ri”, deb ularni ketmaslikka ko‘ndirmoqchi bo‘lishganda boshqa bir so‘zi o‘tkir oqsoqol “qo‘y, qayirma (qaytarma), bu o‘jarlar baribir qaytmaydi, deb ularga yo‘l ochgan. Shu-shu o‘sha qishloq va urug‘ “Qayirma” bo‘lib ketgan ekan. Qayirma qadim-qadimdan o‘zining yelkasi yer iskamagan polvonlari va chavandozlari bilan mashhur bo‘lib kelgan. Hozirda qayirmaliklarning katta bir to‘pi Xovos tumanining Bobur fermerlar uyushmasi xududida yashashadi. Bu yog‘i Toshkentdan to Tojikistonning O‘ratepasigacha, asosan Sirdaryo viloyatida o‘tadigan kurashlarning ob-havosini qayirmalik polvonlar belgilashadi.

Halima Xudoyberdiyevaning hayotda o‘z tamoyillariga sadoqat bilan yashashi, she’riyatidagi mardona nafas unga qayirmalik polvon ota-bobolarining qonidan o‘tgan. Uning “Osoyishta sham” kitobini o‘qib tushunganimizdek, “kecha hayotga toj” bo‘lib, yozganlari “ko‘zga surtilgan”, keyin esa mag‘lubligi tufayli ”kitoblari yoqilgan” (she’rlari maktab darsliklaridan yiritib olib tashlangan), “boshda sochi qolmaguncha talangan, xos xonasigacha sinchiklab” o‘tkazilgan tintuvlar (oilaviy hayoti va ijodiga bog‘liq surishtiruvlar nazarda tutilgan bo‘lsa kerak), yaqinlarining qiynoq-qistovga olinishi va ta’qib qilinishi, uyining to‘rida bazmlarining gulini yeb yurgan “mol do‘stlarning” tashlab ketishi, ayniqsa yonida tog‘day suyab turgan pahlavon farzandidan judolik dog‘i va ular tufayli jismu joniga ko‘p bora sirtmoq tashlagan xastaliklarga qaramay, “qayg‘uzorlardan loladay yashnab o‘tib” o‘zi bir umr orzulab yashagan va har doim eng yaqinlariga sog‘ingan dorilomon kunlarga yetib keladi.

“Osoyishta sham” kitobi Halima Xudoyberdiyevaning dorilomon kunlariga ijodiy tortig‘idir.

Katta bayramlar, ulug‘ anjumanlar elning ardoqli farzandlari bilan ko‘rkam. Biz katta xalqmiz. Bunday tantanalarimiz, to‘riga chiqaradigan ulug‘larimiz har doim istagancha topilib kelgan. Lekin har kimning o‘z o‘rni bor. Halima Xudoyberdiyeva ana shunday o‘z o‘rni va aytadigan so‘zi bor shoira edi. Yigirma ikki yil uning joyi bo‘sh qoldi. Muxlislariga o‘z so‘zini o‘zi aytishiga izn berilmadi. Endi esa “nega adabiyotimizda bo‘shliq ko‘p, biz kutayotgan so‘zlarni aytadigan ijodkorlarimiz qani” deb hayron bo‘lib yuribmiz.

Bo‘sh joy hech qachon bo‘sh turmagan. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida ma’naviy hayotimizda yuz bergan bo‘shliq tufayli har xil yot g‘oyalar shu bo‘shliqning o‘rnini tezda to‘ldirdi va uning oqibatlariga qarshi hali hanuz qattiq kurash olib bormoqdamiz.

Qonidagi nazarkarda talanti tufayli shoira eng og‘ir damlarda ham eng to‘g‘ri yo‘lni tanlaydi - Yassaviyning baridan ushlab, “Tumarisning tumorin taqqan ayol o‘lmaydi”, degan xulosani hayotining bosh shioriga aylantiradi.

Biz Chor Rossiyasining O‘rta Osiyaga bosqinidan tortib Turkiston muxtoriyatini e’lon qilgani uchun qatag‘onga uchragan bobolarimizning taqdirini yaxshi tushunamiz. 37- va 50-yillar qatag‘onlari qurbonlarini undan-da yaxshi tushunamiz va sharaflaymiz. Lekin nima uchun mustaqillik davrida qatag‘on qilingan zamondoshlarimiz haqida miq etmaymiz!

Ona arslon shiddati bilan bolalarining otasini himoya qilib saroy eshiklarini qarsillatib kirgan o‘zbek ayolini men ko‘rganman. Men bilan shu voqeaga guvoh bo‘lgan do‘stimiz Halima opa oqlanganidan so‘ng uning yetmish yillik yubileyi munosabati bilan taqdirlangan “El-yurt hurmati” ordenini topshirish marosimida jo‘shib-jo‘shib gapirganida men to‘lib-to‘lib yig‘ladim. O‘zbek erkagi hech qachon onasidan boshqa zot oldida yig‘lamaydi. Lekin qo‘li uzun, yo‘li uzun bo‘laturib, yigirma ikki yildan so‘ng yana Halima Xudoyberdiyevani kashf etib tursak kim qaysi betimizga tarsaki tushirishi kerak!

Koshonamni, xos xonamni sinchiklab ko‘radilar,
Ko‘nglim ko‘rar, ko‘nglim so‘rar bir do‘st topmay xayronman.
Bir o‘y singdi yuragimga xuddi nashtar, xuddi o‘q,
Yiqilmagin, yiqilganni suyaydigan odam yo‘q!


Yiqilganni suyaydigan odam bo‘lmasa men bu satrlarni yozolmas edim. “Osoyishta sham” kitobini ham iqtidorli zamondoshlarimizning hurmatini joyiga qo‘yadigan odamlarimiz borligi tufayli o‘qib, unga munosabat bildirmoqdamiz.

Quchoq ochib qarshi oling:
Elkam xalqim yelkasiga tegib turmog‘i uchun,
Boshim xalqim ko‘lkasiga egib turmog‘im uchun,
Unga qarshi kim kelsa yengib turmog‘im uchun
Mendan qay ish lozim bo‘lsa,
Barchasiga tayyorman!

degan hayqiriq bilan Halima Xudoyberdiyeva yana davramizga qaytib keldi. Men she’rparast do‘stlarimni bu siylov bilan qutlar ekanman, ularni O‘zbekiston milliy bog‘i qavatidagi ijodkorlar xiyobonidan Sirdaryo viloyat Boyovut tumanidagi “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Halima Xudoyberdiyeva nomidagi kutubxonaga taklif etaman. To‘g‘ri, bu hali xayol. Lekin bu kutubxona uchun Halima opa tug‘ilib o‘sgan qishloqning markazidagi sobiq Ittifoq paytidagi “moda” bilan qurilgan Milliy hammom binosini moslashtirsak, men bir paytlar Garsia Lorka asarlarining to‘la tomini olib o‘qigan Qishloq soveti qoshidagi kutubxonani kitob fondi va kutubxonachi shtati bilan joyiga qaytarib qo‘ysak, olam guliston. Mahalla raisining oylik maoshini oshirishga byudjetimiz chidamasligini to‘g‘ri tushunamiz. Lekin zamonaviy mahallalar qoshidagi kutubxonalarning shtat bilan ishlaydigan kutubxonachisi bo‘lmasa kitobsevarlik haqidagi chiroylik qarorlarimiz qog‘ozda qolib ketaveradi. Qonun va qarorlar har qancha chiroylik bo‘lmasin, u mablag‘ bilan ta’minlanmasa qog‘ozda qolib ketishini pragmatik rahbarlarimiz yaxshi bilishadi.

Men o‘zbek onasini, o‘zbek ayolini rahmatli onamga, ammamga, ba’zan opachamga o‘xshatib tasavvur qilib yurar edim. Shogirdim, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalarining bosh muharriri Jahongir Sharofboyev bilan Halima opani yo‘qlab shifoxonaga borganimizda boshida ro‘mol, oddiy chit lozim-ko‘ylakda bizni qarshi olgan ayolni ko‘rib birdan tumanli tasavvurim ravshanlashdi. Chunki bizning ro‘paramizda onamga, opachamga va ammamga o‘xshagan haqiqiy O‘zbek onasi turar edi. Shunda tugayotgan yoki yona boshlagan paytida emas, faqat yonayotgan paytida sham osoyishta bo‘lishini angladim.

Abduxoliq Abdurazzoqov, 
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

O‘zA
1 650