O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Sirdaryoda “Binary” xalqaro tadbirkorlik va menejment universiteti tashkil etiladi

Sirdaryoda “Binary” xalqaro tadbirkorlik va menejment universiteti tashkil etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sirdaryo viloyatida “Binary” xalqaro tadbirkorlik va menejment Universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Qarorga koʻra universitetning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

iqtisodiyot tarmoqlarining real ehtiyojni hamda amalga oshirilayotgan maqsadli rivojlantirish dasturlarini hisobga olgan holda chuqur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan kadrlar tayyorlash;

xorijiy mutaxassislarni, shuningdek xorijda faoliyat yuritayotgan vatandorshlarimizni jalb etgan holda tadbirkorlik sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot muasasalari bilan kooperatsion aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda oʻzaro malaka almashinuvini yoʻlga qoʻyish;

respublika hududlarida, xususan Sirdaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha mavjud tizimli muammolarni fundamental ilmiy-tadqiqotlar asosida oʻrganish va tegishli yechimlar ishlab chiqish, hududlarning iqtisodiy salohiyatlarini oʻrgangan holda ilgʻor xorijiy tajriba asosida yangi tadbirkorlik yoʻnalishlarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

Universitetning umumiy faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirish Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Universitetda oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasida amaldagi mavjud taʼlim shakllari hamda oʻzbek, rus va ingliz tillarida toʻlov-kontrakt asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Qarorda universitetda taʼlim faoliyati 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab yoʻlga qoʻyilishi belgilab qoʻyilgan.

Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan belgilangan namunadagi diplom beriladi. Universitetga abituriyentlarni qabul qilish tartibi va qoidalari universitet tomonidan belgilanadi.

Universitetni moliyalashtirish talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, tegishli shartnomalar asosida manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan grantlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Sirdaryo viloyati Guliston shahri joylashgan Guliston qurilish kasb-hunar kolleji bino va inshootlari operativ boshqarish huquqi bilan universitetga beriladi.

993
OʻzA