Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.08.2017 13:41 Chop etish versiyasi

Sirdaryoda 32 oilaga mo‘ljallangan 2 qavatli ikkita uy foydalanishga topshirildi

Sirdaryoda 32 oilaga mo‘ljallangan 2 qavatli ikkita uy foydalanishga topshirildi Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayramiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan shu kunlarda Sirdaryo viloyatining Guliston tumani Dehqonobod shaharchasidagi Namuna mahallasida 32 oilaga mo‘ljallangan 2 qavatli ikkita uy foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda fuqarolar bilan muloqot qilishning samarali va zamonaviy mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani odamlarning o‘y-fikrlari, quvonchu tashvishlarini o‘rganish, hayotiy talab va manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

"Ibrat" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashayotgan II guruh nogironi Jamoliddin Xoljigitov oila a’zolarining quvonchi cheksiz. Ularning bir necha yillik orzusi amalga oshib, uch xonali kvartiraga ko‘chib o‘tdi.

– 9 jon katalakdek uyda qiynalib qolgan edik, – deydi Jamoliddinning onasi Asalgul momo Berdiboyeva. – Xudoga shukur, mana bugun yangilangan loyihalar asosida barpo etilgan 2 qavatli uydan 3 xonali kvartiraning kaliti Prezidentimizning bayram sovg‘asi sifatida tantanali ravishda o‘g‘lim Jamoliddinga topshirildi. Uyning boshlang‘ich badali davlatimiz rahbari tomonidan to‘lab berilibdi. Shu yoshga chiqib, xudo bersa – qo‘sh qo‘llab beradi, deyishlarini hech tushunmasdim. Bugun o‘zim shunga guvohman. Yaqinda tikuv mashinasi, material, hatto tikish uchun ip ham berib ketishgandi. O‘zim ham, kelinlarim ham ishli bo‘ldik. Terimchilar fartugi tikayapmiz. Tayyorini cheklanmagan miqdorda tumandagi paxtasanoat korxonasi sotib olmoqda. Biz singari qo‘li kalta, ehtiyojmand oilalarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarilib, ikki-uch hissa ortiq ishlashga harakat qilayapmiz.

Tumanning “Boyovut“ suv iste’molchilar uyushmasi hududida yashovchi II guruh nogironi Botir Umarovlar oilasiga ham Prezidentimiz sovg‘asi – yangi uyning kaliti topshirildi.

– Turmush o‘rtog‘im, 2 o‘g‘lim va kelinlarim bilan bitta kvartirada ijarada yashardik, – deydi Rohila Umarova. – Davlatimiz g‘amxo‘rligi tufayli bugun o‘z uyimizga ega bo‘lib o‘tiribmiz. Kutilmagan baxt deganlari shu bo‘lsa kerak. Xuddi osmondan tushgandek uyli bo‘lsak-a?! Ishonging kelmaydi. Lekin uyning kaliti qo‘limda turibdi, mana. Ehtiyojmand oilalar og‘irini yengil qilayotgan, uy bilan, ish bilan ta’minlayotgan Prezidentimizdan juda minnatdormiz. Bu uy eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramiga davlatimiz rahbarining unutilmas sovg‘asi bo‘ldi.

​Viloyatda yil oxiriga qadar yana 6 shunday uy foydalanishga topshiriladi. Shahar va tumanlardagi bo‘sh turgan binolar qayta ta’mirdan chiqarilib, 2017-2018-yillarda uy-joyga muhtoj oilalarga berilishi ham nazarda tutilgan.

– Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joylarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar tashkil etildi, – deydi shu hududga biriktirilgan sektor rahbari, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Farhod O‘rmonov. – Sektorlar rahbar va a’zolariga uy-joy kommunal va yo‘l xo‘jaligi, energiya, suv va issiqlik ta’minoti, transport qatnovi, arxitektura, arzon uy-joylar qurish, hududlarni yanada obodonlashtirish, namunaviy mahalla, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini shakllantirish sohasidagi muammolarni aniqlash va hal etish bo‘yicha aniq maqsadli tadbirlarni amalga oshirish birinchi vazifa qilib belgilab berilgan. Guruhimiz tomonidan o‘zimizga biriktirilgan hududdagi xonadonlar, korxona-tashkilot, muassasa va mahallalardagi ijtimoiy muhit o‘rganilib, mavjud muammolarning aksariyati joyida hal etilmoqda. Viloyat, respublika miqyosida bartaraf etilishi lozim bo‘lgan ijtimoiy muammolar xaritasi tuzilib, harakatlar dasturiga kiritilayotir. Bugun foydalanishga topshirilgan uy-joylar ham komissiya tavsiyasi bilan nogironlar va uy-joyga ehtiyojmand oilalarga topshirildi. Bu oilalar bundan buyon ham doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.

Shu kuni Guliston shahridagi “Navro‘z” to‘yxonasida 31 nafar nogiron va ehtiyojmand fuqaroga arzonlashtirilgan yangi uylarning boshlang‘ich badali Prezidentimiz tomonidan to‘langani to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi. 34 fuqaroga nogironlar aravachasi, eshitish moslamasi va boshqa vositalar berildi.

Bir piyola choy ustida tashkil etilgan tadbirga san’atkorlarning Vatan, mustaqillik, mehr-saxovat, sevgi va sadoqatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

Tadbirlarda Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi.

Abdujalol Qayumov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA
1 449






Все о погоде - Pogoda.uz