O‘zA O`zbek

17.12.2019 Chop etish versiyasi

Sirdaryo xabarlari – qisqa satrlarda

Sirdaryo xabarlari – qisqa satrlarda

Bugun kechasi 92 nafar sirdaryolik vatandoshlarimiz Umra ibodatini ado etish maqsadida Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportdan Saudiya Arabistoniga parvoz etdi.

Sirdaryolik ziyoratchilar ibodatlarini ado etishlari davomida Madina shahridagi “Masjidul Haram”dan 50-60 metr masofada bo‘lgan 5 yulduzli “Pulman Zazam” va Makka shahridagi Haramdan unchalik uzoq bo‘lmagan 4 yulduzli “Al-Kisva” mehmonxonalarida istiqomat qiladi. 

– Ota-bobolarimiz uchun armon bo‘lib o‘tgan baxt – Haj va Umra safarlariga bugun biz musharraf bo‘lganimiz uchun Yaratganga shukurlar bo‘lsin, – deydi Sirdaryo tumani fermerlar kengashi raisi F.Chiltanov. – Uch o‘g‘il, uch qizni o‘zlari yemay yedirib, o‘zlari ichmay ichirib, o‘zlari kiymay kiydirib voyaga yetkazgan piru badavlat volidam Oysara onani Allohning irodasi bilan muborak Umra ziyoratiga olib borish nasib etgani bu – avvalo mustaqillik sharofati, muhtaram Prezidentimizning xalq manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirayotgan oqilona islohotlari samarasidir. Umra ibodatlarini ado etish maqsadida yurtdoshlarimizga katta imkoniyatlar va barcha sharoitlarni yaratib berilishiga bosh-qosh bo‘lgan Prezidentimizga ming rahmat. 

Ushbu ziyoratga otlangan 44 ayol va 48 erkakka safar oldidan viloyat bosh imom-xatibi Habibulloh Zokirov tomonidan Umra ibodatining mazmun-mohiyati, shartlari hamda ado qilish tartib-qoidalari va odoblari to‘g‘risida zarur ma’lumot berildi.

Ziyoratchilar 3 kun Madina shahrida va 7 kun Makkada ibodatlarni ado etib, joriy yilning 27 dekabr kuni yurtimizga qaytib keladi.

***
Sirdaryo va Sayxunobod tumanlarida ana shu nomdagi aksiya doirasida tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat bandlik bosh boshqarmasi va tuman hokimliklari mas’ul xodimlari, ushbu tumanlarda faoliyat olib borayotgan tadbirkor va fermerlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlarga mehnat idoralari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rsatilayotgan ko‘maklar, ya’ni ajratilayotgan subsidiyalar, norasmiy tarzda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarga o‘zini-o‘zi band qilish guvohnomalari berish tartiblari va mehnat qonunchiligi bo‘yicha tushunchalar berildi. 

***

Prezidentimizning 2018 yil 23 oktabrda “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Sirdaryo viloyat elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari shahar va tumanlarda reja asosida amalga oshirilmoqda. 

ASKUElarni almashtirish ishlari Guliston shahridan boshlangan bo‘lib, hozirgi kunda 25 ming 714 dona bir fazali hisoblagichlar o‘rnatilishi talab etiladigan jami iste’molchilarga nisbatan olganda esa 94,7 foizga bajarildi. Shundan, 24 ming 353 dona bir fazali hisoblagichlar o‘rnatilishi talab etiladigan jami aholi iste’molchilari soniga nisbatan olganda 97,5 foiz, 1 ming 361 dona bir fazali hisoblagichlar o‘rnatilishi talab etiladigan jami ulgurji iste’molchilariga nisbatan esa 62.4 foiz iste’molchilarning elektr hisoblagichlari almashtirilgan. 

***

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani Nurli yo‘l mahallasida yashovchi xotin-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbir Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining 30 million so‘mlik grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.

Baxmalsoy qishloq vrachlik punktida o‘tkazilgan ko‘rikda malakali tibbiyot mutaxassislari tomonidan aniq tashxislar qo‘yilib, shu yerning o‘zida muolajalar ko‘rsatildi. Zarurati bo‘lgan bemorlarga tuman, viloyat va respublika shifoxonalariga yo‘llanma berildi. Tibbiy ko‘rik davomida viloyatning yetakchi tibbiyot xodimlari tomonidan ayollarda tez-tez uchrab turadigan kasalliklarni oldini olish, gigienaga rioya qilish, sog‘lom ovqatlanish mavzularida ma’ruzalar o‘qildi. 

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi direktori Yulduz Usmonova jamg‘arma tomonidan ajratilgan bepul dori-darmon va sovg‘alarni Nurli yo‘llik ayollarga taqdim etdi. 

3 610
A.QAYuMOV, O‘zA