O‘zA O`zbek

22.07.2019 10:44 Chop etish versiyasi

Sirdaryo viloyatidagi paxtachilik fermer xoʻjaliklari hamda klasterlari ishchi va xodimlarining mamlakatimizning mirishkor fermer va dehqonlariga murojaati

Sirdaryo viloyatidagi paxtachilik fermer xoʻjaliklari hamda klasterlari ishchi va xodimlarining mamlakatimizning mirishkor fermer va dehqonlariga murojaati

Qadrli doʻstlar!

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev

2019-yil 18-iyul kuni viloyatimizga tashrifi chogʻida paxta dalalarida boʻlib, gʻoʻza rivoji bilan yaqindan tanishdilar.

Davlatimiz rahbari biz – fermerlar bilan boʻlgan uchrashuvda bu yilgi mavsumni paxtachilikda ham muvaffaqiyatli yakunlash boʻyicha oldimizda turgan vazifalarni alohida taʼkidlab, ularni hal etishning yoʻl-yoʻriqlarini aniq-ravshan koʻrsatib berdilar.

Prezidentimizning: “Choʻl quyoshi va hayot sinovlarida toblangan, omilkor, azmu shijoatli sirdaryolik fermerlar gʻoʻza parvarishi borasida zarbdor 40 kunlik eʼlon qilib, shu vaqt mobaynida oʻzlarini ayamasdan, astoydil mehnat qilib, viloyatda gʻalla yetishtirish boʻyicha erishilgan yutuqlar tasodif emasligini isbotlaydilar, deb ishonaman. Vohaning azamat dehqonlari qishloq xoʻjaligidan yuqori hosil va katta daromad olib, farovon va badavlat yashashga toʻla haqlidirlar. Bugun daladagi gʻoʻzaning baravj rivojini koʻrib, bunga har tomonlama amin boʻldim”, degan fikrlari bizni yanada ruhlantirib yubordi. Bu soʻzlar biz uchun albatta dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Haqiqatan ham, bu yilgi mavsum paxtachilikda moʻl hosil yetishtirish uchun juda qulay keldi. Bu borada qishloq xoʻjaligi xodimlarining moddiy manfaatdorligini oshirish, gʻoʻzani parvarish qilishda agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilayotgani biz – dehqon va fermerlarning kuchimizga kuch, gʻayratimizga gʻayrat qoʻshmoqda.

Ayniqsa, paxtaning xarid narxi oʻtgan yilga nisbatan qariyb

1,3 barobar oshirilib, uning 1 tonnasi uchun 4 million soʻm narx belgilangani, imtiyozli kreditlar, mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi-moylash mahsulotlari oʻz vaqtida joylarga yetkazib berilayotgani bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bundan tashqari, bu yilgi ob-havo sharoitida zararli hasharotlar koʻp boʻlganini hisobga olib, ularga qarshi kurashish uchun respublikamiz byudjetidan dotatsiya sifatida 120 milliard soʻm, jumladan, Sirdaryo viloyati fermerlariga 10,5 milliard soʻm mablagʻ ajratilganini taʼkidlash zarur.

Bu yil paxtachilikka tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etgan fermerlarga davlat byudjeti hisobidan har bir gektar yer uchun 8 million soʻmdan subsidiya mablagʻi ajratilayotgani ham muhim ragʻbatlantiruvchi omil boʻlib xizmat qilmoqda.

Soha rivojiga qaratilgan yana bir amaliy eʼtiborni alohida qayd etish lozim. Ikki yildan buyon fermer xoʻjaliklari va suv isteʼmolchilari uyushmalariga qarashli nasos agregatlari tomonidan sarflanayotgan elektr energiyasi qiymati davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiyalar hisobidan qoplab berilmoqda.

Soʻnggi yillarda qoʻshilgan qiymatga ega raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishga asoslangan paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etilayotgani paxtachilik tarmogʻidagi eng muhim yangiliklardan biri boʻldi.

Joriy yilda viloyatimizda 38 ming gektar yerda yoki umumiy paxta maydonining 52 foizida 5 ta zamonaviy klaster korxonasi faoliyat olib bormoqda. Ular tomonidan 350 dan ortiq yangi qishloq xoʻjaligi texnikalari xarid qilingani chigit ekishni 10-12 ish kunida yakunlash imkonini berdi.

Bu islohotlarning yana bir muhim jihati shundaki, klasterlarning tajribali mutaxassislari dalaga chigit ekilganidan buyon biz bilan yonma-yon turib, gʻoʻza parvarishi bilan bogʻliq barcha agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida oʻtkazilishiga yaqindan koʻmaklashmoqda.

Davlatimiz rahbarining biz – fermer va dehqonlarga koʻrsatayotgan ulkan eʼtibor va gʻamxoʻrligi, kamtarona mehnatimizga berib kelayotgan yuksak bahosi qalbimizga quvonch va gʻurur bagʻishlab, oʻz kuchimizga boʻlgan ishonchimizni yanada oshiradi, ayni vaqtda zimmamizga katta masʼuliyat ham yuklaydi.

Bu masʼuliyat bizdan yanada samarali mehnat qilishni, qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlari qatori paxtachilik boʻyicha zimmamizga olgan shartnoma majburiyatimizni ham sharaf bilan ado etishimizni taqozo etishini albatta barchamiz yaxshi anglaymiz.

Ayniqsa, hosil taqdirida hal qiluvchi palla boshlanayotgan shu kunlarda bu haqiqatni barchamiz chuqur his etmoqdamiz.

Chindan ham, mashaqqatli mehnat va katta xarajat evaziga yetishtirilayotgan hosilni nafaqat toʻla saqlab qolish, balki uni yanada koʻpaytirish maqsadida qishloq xoʻjaligi xodimlari va mutasaddilari, suvchi va mexanizatorlar, agrar soha mutaxassislari bilan birgalikda barcha fermer va dehqonlar masʼuliyatni ikki karra oshirib, kunu tun dalada boʻlishimiz, bir tanu bir jon boʻlib ishlashimiz hamda bu yil gʻalla kabi paxtadan ham moʻl hosil va yuqori daromad olishimiz shart.

Koʻpni koʻrgan tajribali fermer va dehqonlarimiz iyul-avgust oylari gʻoʻza ayni rivojlanadigan, dehqonchasiga aytganda, ekin kechayu kunduz kuchga kiradigan, hosil toʻplaydigan eng dolzarb palla ekanini, bu davrda qanday agrotexnik ishlar amalga oshirilishi zarurligini juda yaxshi biladilar.

Buni toʻgʻri tushunadigan viloyatimiz fermerlari 2019-yil paxta hosili uchun tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini qayta koʻrib chiqdilar. Natijada paxta yetishtiradigan 1 ming 474 ta fermer xoʻjaligining 282 tasi rejadagi 26,7 sentner oʻrniga gektaridan

40 sentnerdan, 897 tasi 35 sentnerdan va 295 tasi 30 sentnerdan yuqori hosil olish uchun yangitdan shartnomalar tuzib, paxta tayyorlash shartnomaviy rejasini viloyat boʻyicha oshirib bajarishga qaror qildilar.

Hurmatli mirishkor fermer va dehqonlar!

Biz – sirdaryolik fermer va dehqonlar, paxtachilik klasterlarining ishchi va xodimlari gʻoʻza rivojida oʻta dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan hozirgi kunlarning har bir daqiqasini gʻanimat bilib, 20-iyuldan 30-avgustgacha boʻlgan muddatni mamlakatimizda “Gʻoʻzadan kafolatli hosil yaratishning 40 kunlik zarbdor oyligi” deb eʼlon qilishni taklif etamiz.

Ana shu zarbdor davr mobaynida quyidagi tadbirlarni amalga oshirishga jiddiy eʼtibor qaratishimiz zarur, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, tashkiliy ishlarni yana bir marta, bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda, qaytadan, puxta rejalashtirib olaylik.

Ikkinchidan, dehqonlarimizning toʻplagan koʻp yillik boy tajribasiga tayanib, zamonaviy ilm-fan yutuqlari, innovatsion agrotexnologiyalarni qoʻllashga alohida eʼtibor qarataylik.

Sir emas, keyingi yillarda global iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlari yurtimizda ham sezilmoqda. Joriy yil 11-iyuldan buyon respublikamizning barcha hududlarida quruq va jazirama havo saqlanib qolmoqda. Harorat oʻtgan yillarning shu davridagi oʻrtacha meʼyordan 5-7 daraja yuqori boʻlmoqda.

Bunday holat barchamizdan yanada tadbirkorlik bilan ishlashni talab etadi. Biz tabiat injiqliklarini oʻz bilim, tajriba va mahoratimiz bilan mardonavor yengib oʻtishimiz, oʻtgan yillardagi natijalar bilan cheklanib qolmasdan, yanada yuqori marralarni koʻzlab ish tutishimiz lozim.

Shu kunlarda suvchilar sonini ikki barobar koʻpaytirib, ular uchun zarur sharoitlar yaratib, kechayu kunduz gʻoʻzani sifatli sugʻorishni taʼminlaylik.

“Zar qadrini zargar, suv qadrini suvchi biladi”, deydi xalqimiz. Shu hikmatga amal qilib, suvning bir tomchisini ham isrof qilmasdan, gʻoʻzani faqat tunda, qatʼiy tizim asosida, sharbat usulida sugʻorib, gʻoʻzaning tagida doimo nam saqlanishiga alohida eʼtibor qarataylik.

Uchinchidan, mavjud kultivatorlarni daladan chiqarmasdan, ularning “otryad” va “naryad” tizimida ishlashini tashkil etib, sugʻorilgan maydonlar tobga kelishi bilan ularni peshma-pesh “mayin” kultivatsiya qilaylik.

Toʻrtinchidan, gʻoʻzani chekanka qilishni 25-iyulga qadar toʻliq yakunlab, zararkunanda hasharotlarga qarshi kompleks yondashuv asosida kurashishni davom ettirib, gʻoʻzaga maxsus preparatlar bilan ishlov berishga hamda ushbu tadbirlarni kunning salqin paytlarida amalga oshirishga ahamiyat beraylik.

Muxtasar aytganda, tabiat oʻzbek dehqonlarining nimaga qodir ekanini, ularning sabr-bardoshi, bilim va tajribasini yana bir bor sinovdan oʻtkazayotgan shu kunlarda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, muhim agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida

va sifatli amalga oshirib, barcha saʼy-harakatlarimizni paxtadan yuqori hosil yetishtirishga yoʻnaltiraylik.

Aziz yurtdoshlar, qadrli fermerlar!

Bugun xalqimiz bizni “rizq-roʻzimiz bunyodkorlari” deb ulugʻlab, azmu shijoatimiz, gʻayrat va matonatimizga koʻz tikib turganini bir zum boʻlsa-da, esdan chiqarmasligimiz kerak.

Dasturxonimiz toʻkin-sochin, bozorlarimiz noz-neʼmatlarga toʻla va arzon, turmushimiz farovon boʻlishi bizning mashaqqatli mehnatimizga bogʻliq. Nega deganda, bugungi kunda paxtachilikning nafaqat mamlakatimiz sanoati rivojidagi, balki aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashdagi oʻrni ham beqiyos boʻlib, uni hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydi. Xususan, bozorlarimizni goʻsht, sut, tuxum kabi muhim oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻldirishda mazkur tarmoqning roli naqadar katta ekanini unutmaylik.

Biz muhtaram Yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qoʻshish uchun barchangizni sidqidildan halol va fidokorona mehnat qilishga chaqiramiz!

Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu va olijanob ishlaringizga qut-baraka tilaymiz. Bu yilgi mavsumda ulkan xirmon barpo etib, xalqimiz oldida yuzimiz yorugʻ boʻlishi hammamizga nasib etsin.

Sirdaryolik fermer va dehqonlar

OʻzA
6 934