O‘zA O`zbek

18.07.2019 19:41 Chop etish versiyasi

Sirdaryo viloyatida Prezident topshiriqlari qanday bajarilmoqda?

Sirdaryo viloyatida Prezident topshiriqlari qanday bajarilmoqda?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 19-fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chogʻida hudud barcha jabhalarda oʻrnak boʻlmogʻi lozimligini taʼkidlab, mutasaddi vazirlik va tashkilotlar rahbarlari zimmasiga bir qator vazifalar yuklagan edi. 

Hududlarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha muhtaram Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlarga asosan Xovos tumanida 2019-yilning oʻtgan davrida 5 million dollar miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi.

Joriy yilning oʻtgan 6 oyi davomida Xovos tumanida jami 5 milliard soʻmlik 5 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Jumladan, qiymati 3 milliard 500 million soʻm boʻlgan “Nurli istiqbol” fermer xoʻjaligining parrandachilikni tashkil etish loyihasi, qiymati 1 milliard soʻmlik “Bogʻiston nektari” fermer xoʻjaligining sovutkichli sigʻimni tashkil etish loyihasi ishga tushirilgan.

Hududiy investitsiya dasturi doirasida 2019-2020-yillarda jami 2 trillion 413 milliard soʻmlik 24 ta loyihalarni amalga oshirish hamda 5 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratish belgilangan. Shundan, 2019-yilda 81 milliard soʻmlik 14 ta loyihalarni amalga oshirish va 170 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan. Mazkur loyihalarning 5 tasi yoki 395 milliard soʻmligi sanoat, 1 tasi yoki 315 million soʻmligi xizmat koʻrsatish va 18 tasi yoki 2 trillion 17 milliard soʻmligi qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshiriladi.

Xovos tumani byudjet daromadlarining joriy birinchi yarim yillik prognoz rejasi 23 milliard 800 million soʻm boʻlib, haqiqatda 6 oylik yakuni bilan byudjetga 28 milliard soʻm tushum taʼminlandi hamda belgilangan prognoz koʻrsatkichi 118 foizga bajarilib, byudjetga 4 milliard 300 million soʻm qoʻshimcha tushum undirilishiga erishildi.

Xovos tumani mahalliy byudjetining joriy birinchi yarim yillik ijrosi davomida shakllangan qoʻshimcha manbalari jami 22 milliard 300 million soʻmni tashkil etib, quyidagi muhim tadbirlarga yoʻnaltirildi.

Jumladan, Xovos tumani markazida joylashgan koʻp qavatli uylar atrofini obodonlashtirish boʻyicha bolalar maydonchalari, umumiy foydalanishdagi sanitar uzellar, tandirxonalar, omborxonalar qurish hamda piyodalar yoʻlaklariga beton qoplamalar yotqizish ishlarini boshlash uchun 3 milliard soʻmni tashkil etdi.

“Xovos siti” dasturi doirasida tuman hokimligiga yangi bino qurish ishlari uchun 3 milliard soʻm, “Obod qishloq” dasturi doirasida tumanda amalga oshirilayotgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun 14 milliard 200 million soʻm, “Obod markaz” tamoyili asosida tumanlar markazlari arxitekturaviy koʻrinishini tubdan oʻzgartirish, qiyofasini zamonaviy koʻrinishga keltirish yuzasidan qurilish taʼmirlash va obodonlashtirish xarajatlari uchun 100 million soʻm, boshqa muhim ijtimoiy tadbirlarni moliyalashtirish uchun 776 milliard soʻm mablagʻ moliyalashtirildi.

Joriy yil hosili uchun 720 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 7,4 ming gektar maydonga boshoqli don ekinlari ekilib, belgilangan agrotexnik tadbirlar asosida parvarishlanib, gektaridan oʻrta hisobda 55,8 sentnerdan hosil olinib, jami 44,6 ming tonnadan ziyod gʻalla yigʻishtirib olindi.

Shundan davlatga 21,5 ming tonna don sotib, belgilangan reja 
122 foizga bajarilib, fermer xoʻjaliklarining oʻzida 23,1 ming tonna don omborlarga toʻkildi.

2019-yilda viloyatda 765 qutida ipak qurti jonlantirilib, 296 qurt boquvchi zvenolarda parvarishlandi. Jami 42 tonna tirik pilla yetishtirildi yoki belgilangan reja 100 foizga uddalandi.

Viloyatda chorvachilik sohasini rivojlantirishga berilayotgan alohida eʼtibori natijasida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan chorva bosh sonlari hamda chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish koʻpaydi. Jumladan, joriy yilning 1-iyul holatiga viloyatning barcha toifadagi xoʻjaliklarida 49 ming 300 bosh qoramol, 49 ming 300 bosh qoʻy va echki, 1 ming 400 bosh yilqi, 126 ming 400 bosh parranda tashkil etmoqda.

Joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda 2 ming 400 tonna goʻsht 13 ming 700 tonna sut, 3 million 500 dona tuxum, 154 tonna baliq va 20,4 tonna asal ishlab chiqarilib barcha sohalarda rejalar ortigʻi bilan bajarildi.

Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan 154 ta targʻibot tadbirlari tashkil etildi. Ularda 12 ming 180 nafar oʻquvchilar qamrab olindi. Buning natijasida 2019-yilning oʻtgan davrida maktab oʻquvchilari tomonidan jinoyatlar sodir etilmadi.

Xovos tuman hududida 3-7 yoshli bolalar soni 7 ming 396 nafarni tashkil qiladi. Maktabgacha taʼlim boʻlimi tasarrufida 15 ta davlat va 16 ta nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi mavjud. Davlat maktabgacha taʼlim muassasalari 2 ming 75 quvvat bilan, nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari 475 quvvat bilan faoliyat olib bormoqda.

Hozirda 2 ming 739 nafar bola davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga, 495 nafar bolalar nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olingan. Jami bogʻchalarga 3 ming 234 nafar tarbiyalanuvchi qamrab olingan va bu 43,7 foizni tashkil etadi.

2019-yil Davlat investitsiya dasturiga tumandagi 2-, 9-, 10- maktabgacha taʼlim muassasalari kiritilgan boʻlib ayni paytda qurilish taʼmirlash ishlari olib borilayotir. Xovos SITI dasturiga koʻra tumandagi 1-, 3-, 4-maktabgacha taʼlim muassasalarida qurilish taʼmirlash ishlari boshlangan.

Xovos tumanida 29 ta umumtaʼlim maktabi mavjud boʻlib, ushbu maktablarda 15 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim-tarbiya olayotir.

Barcha sohalarda boʻlgani kabi xalq taʼlimida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar tufayli maktablarga eʼtibor keskin kuchaydi, jumladan, soʻnggi uch yil mobaynida Xovos tumanidagi umumtaʼlim maktablarining 2 tasi konstruksiya qilinib, 2 ta maktabda mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Joriy yilda “Obod qishloq” dasturiga koʻra 3 ta – 21-, 24-, 25- umumtaʼlim maktablarida mukammal taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Xovos shaharchasida esa 350 oʻrinli yangi maktab qurilmoqda.

Tuman aholisiga bugungi kunda 1 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, 2 ta qishloq oilaviy poliklinikasi, 6 ta qishloq vrachlik punkti, jami 9 ta birlamchi tibbiy sanitariya muassasalari tomonidan tibbiy xizmat koʻrsatilayotir.

Shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi 15 oʻrinli tuman tibbiyot birlashmasi tarkibidagi binoda joylashgan va UZI, endoskopiya tekshiruvi xonalari, zamonaviy raqamli rentgen apparati bilan jihozlangan.

Xovos tumanidagi 26 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari hududini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush tarzi va ijtimoiy muhofazasini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish va huquqbuzarliklar profilaktikasi, shu jumladan diniy muhitni sogʻlomlashtirish boʻyicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotir.

A.Qayumov, OʻzA
1 735