O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

“Sinxua” axborot agentligi

“Sinxua” axborot agentligi

Dunyo axborot agentliklari 

Sinxua xitoy tilida yangi Xitoy degan ma’noni anglatadi. Demak, Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining bosh rasmiy axborot agentligi shu nom bilan yuritiladi. Agentlik mamlakatda matbuot anjumanlari o‘tkaziladigan eng yirik markaz hisoblanadi.

“Sinxua” axborot agentligi Xitoy Xalq Respublikasining ommaviy axborot vositalari, matbuot, radioeshittirishlar, kinematografiya va televidenie bo‘yicha Bosh davlat boshqarmasiga qaraydi. Uning xinhuanet.com nomli sayti bor. Bosh binosi Pekinda joylashgan agentlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri XXR Davlat Kengashiga bo‘ysunadi.

Axborot agentligi 1931 yilning noyabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, dastlab u bizdagi “Qizil O‘zbekiston” gazetasiga o‘xshab Xitoyning “Qizil axborot agentligi” deb yuritilgan. 1937 yildan boshlab hozirgi nomi bilan ataladi. “Sinxua” axborot agentligi 1944 yildan ingliz tilida xalqaro mavzuidagi materiallar tayyorlab tarqata boshladi. 

Hozirgi kunda “Sinxua” o‘z yangiliklarini Osiyo, Yaqin Sharq, Lotin Amerikasi va Afrika davlatlariga tarqatmoqda. Agentlikning jahonda 100 dan ortiq filiali bor. Filiallaridagi muxbirlar dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni xitoy, ingliz, fransuz, rus, ispan, arab va yapon tillarida tarqatadi. Shuningdek, alohida tayyorlanadigan yangiliklar lentasi orqali muhim voqealarni 9 tilda butun dunyoga yetkazib beradi.

Xitoy Xalq Respublikasi hududida “Sinxua” agentligining 33 muxbirlar byurosi ishlab turibdi. Agentlikning alohida harbiy byurosi ham mavjud. Bundan tashqari mamlakatning turli mintaqalarida o‘zining 170 ga yaqin bo‘limlari bor. Dunyoning turli burchaklarida “Sinxua” axborot agentligining 2 ming 500 dan ortiq o‘z muxbirlari, fotosuratchilari va operatorlari faoliyat ko‘rsatadi.

2007 yildan “Sinxua” axborot agentligining rasmiy sayti ishlay boshladi. 2009 yilda xorijiy auditoriyaga mo‘ljallangan CNC (“China Network Corporation”) teletarmog‘iga asos solindi. 2010 yildagi ma’lumotga ko‘ra agentlikda 13 mingga yaqin xodim mehnat qiladi. “Sinxua” axborot agentligi mamlakatdagi eng nufuzli: “Xinhua Daily Telegraph” va “The Outlook” jurnallari kabi mavzu va yo‘nalishlarda turlicha bo‘lgan 20 dan ortiq ga¬zeta va jurnallarni chop etadi. 
XXI asrdan boshlab agentlik axborot tarqatishning zamonaviy multimediya formatiga o‘tmoqda va butun dunyoda o‘z auditoryasini kengaytirishga harakat qilayapti.

“Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi” paydo bo‘lganligi haqidagi axborotni birinchi bo‘lib O‘zbekiston Milliy axborot agentligi butun dunyoga tarqatganidek, jahonda yangi nomdagi davlat – Xitoy Xalq Respublikasi paydo bo‘lganligi haqidagi axborotni “Sinxua” axborot agentligi 1949 yili birinchi bo‘lib xabar berdi. “Sinxua” o‘z buyurtmachilariga 50 turdagi maxsulot: matn, foto, audio, video, grafika shaklidagi materiallarini yetkazib beradi.

“Sinxua” axborot agentligi tijoriy va bepul-beminnat axborot almashish bo‘yicha dunyoning 100 dan ortiq ommaviy axborot vositalari bilan bitimlar imzolagan.

Agentlik Xitoydagi eng yirik fotosuratlar arxiviga ega. Uning kolleksiyasida 2 million noyob tarixiy fotosuratlar saqlanmoqda. Ularning eng qadimgisi XIX asr oxirida sin dinastiyasi davrida suratga tushirilgan. “Sinxua” ko‘plab xalqaro yangiliklar tashkilotlarining a’zosi hamdir.

“Sinxua” axborot agentligi Xitoy mediaindustriyasida eng katta, eng boy va bir nechta tillarda saqlanayotgan axborot bankiga ega. 2013 yili bu raqam 120 million axborot, ma’lumot matnidan, 19 million fotosurat va grafikadan, 650 ming teleaxborot dasturlaridan iborat. Agentlik banki axborotlari uzluksiz sur’atda yangilanib turadi va buyurtmachi istagan vaqtda yetkazib beriladi.

Agentlikning Pekindagi markaziy ofisida 1 ming 300 kishi ishlaydi, provinsiyalardagi bo‘limlarda 400 kishi, shuningdek, mamlakatning turli burchaklarida to‘la ish stavkasida bo‘lmagan xodimlari faoliyat ko‘rsatadi.

Agentlikning radioeshittirish xizmati kuniga efirga 30 ming so‘zdan iborat umumdavlat milliy va mahalliy yangiliklar va yana shuncha chet el yangiliklarini berib boradi. Xorijiy davlatlarga yangiliklar ingliz va rus tillarida yetkazib beriladi. Agentlik bundan tashqari, 6 million nusxada 4 sahifadan iborat yangiliklar byulletenini chop etadi. Byulleten savdoga chiqarilmay faqat vazirliklar, idoralar, mamlakat ma’muriy markazlaridagi davlat xizmatchilariga tarqatiladi.

Agentlik shu kundagi eng zamonaviy fan tarmog‘i bo‘lgan – sun’iy intellektli virtual personajni yaratish, ko‘z oldimizda namoyon bo‘layotgan bu mo‘jizani kashf etish bo‘yicha tajribalar o‘tkazish va sinov maydoniga ham aylandi. Agentlik dunyoda birinchi virtual teleboshlovchini namoyish etdi.

Sun’iy teleboshlovchi yangiliklarni ingliz va xitoy tillarida o‘qish qobiliyatiga ega. Tashqi ko‘rinishi insonga o‘xshagan bu virtual teleboshlovchilarning yuz, ko‘z, lab harakatlari kamroq bo‘lsa ham ularni atrofingizdagi kishilardan ajratib bo‘lmaydi.

Shunday qilib ingliz tilida gapiradigan maosh olmaydigan, erta kelib kech uyiga qaytib ketmaydigan, kuniga 24 soat ishlay oladigan, ta’til, nafaqa talab qilmaydigan “Sinxua” agentligining kelishgan, xushbichim va arzon teleboshlovchisi paydo bo‘ldi. Virtual teleboshlovchining tashqi qiyofasi hayotda bor bo‘lgan real inson – Xitoy televideniesining teleboshlovchi Chjan Chjaoning qiyofasidan olingan.

U efirda, ekranda tajribali telesuxandonlardan qolishmay mahorat bilan matn o‘qiydi. Aytgandek, uning ovozini ham istagan diapozonda yo‘g‘on, ingichka, past, baland qilib berish mumkin. 

Sun’iy intellektli teleboshlovchi televidenie dasturida sekin-asta suxandonlar qatoridan o‘rin egallay boshladi ham. Uni televidenieda, internet veb-saytlarida yangiliklarni olib borish bo‘yicha navbatga qo‘yishmoqda. Virtual boshlovchi teledasturlarni tayyorlashga ketadigan xarajatlarini kamaytirib, yangiliklar hajmi, samarasini oshirmoqda. Qizig‘i va hayratlanadigan tomoni shundaki, u o‘zini-o‘zi kuzatib boradi. Virtual boshlovchi suxandonlar oldiga qo‘yilgan yuksak talablar asosida o‘zini nazorat ham qiladi. Xatolarini bir yo‘la efirda tuzata oladigan sun’iy intellektli teleboshlovchi o‘zini tanqid qilib, “matnlar bir ohangda o‘qilmoqda”, “insonga xos bo‘lgan tabiiylik yo‘q”, “yuz, ko‘z, qo‘l harakatlari kam” ekanligini qayd qilib turibdi. Kamchiliklarni sezib, tahlil qilib, ularni o‘zi to‘g‘rilay olmay: “texnologiya hali mukammal emas”, deb xulosa chiqarmoqda. 

438
I.ABDUXOLIQOV, O‘zA