O‘zA O`zbek

02.08.2020 Chop etish versiyasi

Sinovli kunlarni fidoyi kasb egalari bilan birga yengamiz!

Sinovli kunlarni fidoyi kasb egalari bilan birga yengamiz!
Bugun Temiryoʻlchilar kasb bayrami

Har yili avgust oyining birinchi yakshanbasida Temiryoʻlchilar kasb bayrami nishonlanadi. Bugungi pandemiya sharoitida bu kun ommaviy tantana qilinmasada, soha xodimlarining mehnatini alohida eʼtirof etish oʻrinli. Zero, ular bugun nafaqat mamlakatimiz iqtisodiyoti yuksalishida, balki xalqimiz salomatligini muhofaza qilishda ham fidoyilik koʻrsatmoqda.

Koronavirusga qarshi kurash va insonlar hayotini saqlab qolish masʼuliyati ham, shubhasiz, shifokorlar zimmasiga tushgan. Bugungi vaziyat, yana bir bor, shifokorlarning jamiyatdagi oʻrni qanchalar muhim ekanini koʻrsatmoqda. Shunday ogʻir damlarda ham ular kasbiga sodiq qolib, oʻz vazifalarini ado etib kelayotir.

Bu keskin sinovli vaziyat bevosita va bilvosita shifokorlar salohiyati, masʼuliyatiga bogʻliq boʻlib qoldi. Oʻz aziz joni uchun qanchalik xavf tugʻdirmasin, shifokorlar qahramonlarcha insoniyat salomatligini muhofaza qilishga otlandi. Bugun dunyo asl tibbiyot xodimlarini olqishlamoqda, qoʻllamoqda.

Shu oʻrinda, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ “Salomatlik” tibbiy-sanitar yordam poliklinikasi tibbiyot xodimlarining ham oʻrni alohida eʼtiborga loyiq.

Ayni vaqtda, xalqimiz sogʻligʻini oʻz taqdiridan ustun deb bilgan hamda Zangiotadagi shifoxonada, Lokomativ mehmonxonasida, Toshkent passajir vagon qurilish va taʼmirlash zavodida konteyner qurilishi ishchilarini tibbiy-koʻrikdan oʻtkazish ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda.

“Salomatlik” poliklinikasi barcha kuch va vositalarini epidemiya keng tarqalishining oldini olishga qaratgan. Xususan, pandemiya davrida koʻchalarni, turli bino va inshootlarni dezinfeksiya qilish, mamlakatimizda sanitariya-epidemiologik holatni yaxshilash borasidagi mehnatlarini alohida eʼtirof etishimiz lozim.

Shifokorlarning mehnati, masʼuliyati qanchalar qaltis, murakkab va ogʻir ekanini his etish muhim. Axir ular har daqiqada bemorlarni kuzatib borishi, uzluksiz tibbiy tahlillarni oʻtkazishi, kerakli muolajalarni qilishi va ayni paytda oʻzlarini bu kasallikka duchor qilmaslik uchun kurashmogʻi kerak.

Ha, hozir butun dunyo aholisi ushbu kasallikka qarshi kurash oldida oʻziga xos sinovni boshidan oʻtkazmoqda. Maʼrifatli insonlar bir-biriga koʻmaklashish, bir-birini qoʻllab-quvvatlashga chorlamoqda. Ana shunday kurashda shifokorlar fidoyiligi, jasorati ruhimizga katta tayanch boʻlmoqda. Zero, insoniyat bu sinovni mustahkam iroda, mehr-oqibat, hamjihatlik bilan yengib oʻtadi.

Fotima TOʻRAYEVA,
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ “Salomatlik” tibbiy-sanitar yordam poliklinikasi bosh shifokori.

2 639
O'zA