O‘zA O`zbek

30.03.2020 Chop etish versiyasi

Sinovli kunlarni ahillik bilan yengamiz

Sinovli kunlarni ahillik bilan yengamiz
El boshiga ish tushsa...

Guliston shahri Ahillik mahalla fuqarolar yigʻini aholisi koronavirus infeksiyasi tarqab ketishini oldini olishga qarshi birdamlik va ahillik bilan kurashmoqda.

Mahallada 3 ming 528 nafar aholi istiqomat qiladi. Shulardan 11 oila kam taʼminlangan boʻlsa, 90 nafar oilada nogironligi bor fuqarolar istiqomat qiladi.

Mahalladagi kam taʼminlangan oilalarning 3 tasiga Guliston shahar hokimligi, 10 tasiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi Guliston shahar kengashi, yana 10 oilaga shu mahallada istiqomat qiluvchi tadbirkor R.Maksumov moddiy yordam koʻrsatib, ularning uylariga 4 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi.

Shu mahallada istiqomat qiluvchi Rahmonali hoji Ahmadaliyevning mehnat faoliyati haydovchilik bilan oʻtdi. 4 nafar oʻgʻil, 4 nafar qizning otasi Rahmonali aka ularning barchasini uyli joyli qildi.

Otaning maslahati bilan aka-ukalar birlashib, oʻzlari yashaydigan mahallada istiqomat qiluvchi 20 nafar kam taʼminlangan, nogiron, boquvchisini yoʻqotgan oilaga 2 kilodan un, makaron, sabzi, piyoz, 1 kilodan guruch, shakar, 1 litrdan oʻsimlik yogʻi, 1 quti(reshotka)dan tuxum, 1 donadan sovun va 1 xaltadan tuz mahsulotlarini mahalla fuqarolar yigʻini raisi bilan birgalikda uyma-uy yurib tarqatib chiqdi.

– Aka-ukalar yigʻinib, mahalla chetidan avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish kichik majmuasini ochish niyatida edik, bu ishlarni vaqtincha orqaga surishga toʻgʻri keldi, – deydi Rahmonali hoji otaning uchinchi oʻgʻli Sherzod Ahmadaliyev. – El boshiga ish tushganda, uyda biqinib oʻtirishni oʻzimizga ep koʻrmay, aka-ukualar birlashib, bozordan bitta qoramol sotib oldik. Hozir yemlayapmiz, yana ozroq boqib soʻymoqchimiz. Goʻsht mahallamizdagi kam taʼminlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi bor, yakka yolgʻiz qariyalarga ulashmoqchimiz.

858
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV(surat), OʻzA