O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Sinovli damlarda fuqarolar uchun zigʻirdek koʻngilsizlik ham ortiqcha

Sinovli damlarda fuqarolar uchun zigʻirdek koʻngilsizlik ham ortiqcha

Yaqin kunlargacha murojaatchining shikoyati boʻgʻzida qolgan zamonlar boʻldi. Endi-chi? Fuqaro bugun u yoki bu muammosi yuzasidan murojaat qildimi, ertasiga albatta arzi holi inobatga olinib, masalasiga yechim topilmoqda yoki huquqiy tushuntirishlar berilayapti. Ayniqsa, Davlat xizmatlari Agentligida har bir fuqaro eʼtirozi birinchi rahbar nazorati va eʼtiborida. Shu kunlarda FHDYO idoralari faoliyati yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar, shikoyatlar oʻrganilmoqda.

“Sirli mijoz” tadbiri oʻz natijalarini ham bera boshladi. Kelgusida tizimda murojaatchilarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgan kamchiliklar, korrupsiya va vakolati suiisteʼmoliga yoʻl qoʻymaslik uchun xodimlar oʻrtasida vebinarlar tashkil etildi. Ana shunday onlayn tadbir DXA Navoiy viloyati boshqarmasida ham oʻtkazildi. Unda viloyat boʻyicha FHDYO idoralari mudiralari ishtirok etdilar. Aslida besh qoʻl barobar emas. Ammo, FHDYO idoralari mudiralari uchun vakolat va xizmat koʻrsatish burchi birday. Bugun tizim uchun zamonaviy texnik imkoniyatlar va mehnatga haq toʻlash yaxshilandi. Ish koʻlami kengayganligi tufayli yangi ish oʻrinlari ham ajratildi. Faqat xodimlardan toʻgʻri yoʻlda qolib, xalqqa halol mehnat qilish talab qilinayapti, xolos.

Aslida halollikka ne yetsin? Ayni pandemiya vaziyatidagi sinovli damlarda fuqarolar uchun zigʻirdek koʻngilsizlik ham ortiqcha. Murosai madora bilan istagan muammoga javob topish mumkin. Vebinarda ishtirokchilar uchun birinchi galda karantin qoidalarga amal qilgan holda aholiga xizmat koʻrsatish, murojaatchilarga xizmat koʻrsatish jarayonida muomala madaniyatga alohida eʼtibor qaratish taʼkidlandi. Murojaat etilgan masalalar yuzasidan sunʼiy byurokratik toʻsiq, sansolarlikka yoʻl qoʻymaslik, xullas, fuqaroni ovorai sarson qilmaslik boʻyicha qatʼiy talablar qoʻyildi. Toʻlov intizomiga rioya qilish, yaʼni toʻlovlarni naqd va naqdsiz pul koʻrinishida bevosita qabul qilgan xodimga nisbatan mehnat shartnomasini bekor qilish shartlari qoʻyildi. Xullas, FXDYO idoralari vakillari “Sirli mijoz” tadbirining bosh qahramoniga aylanmasligi uchun halollik vaksinasi bilan emlanishlari zarur.

Laziz Hamrayev,
DXA Navoiy viloyati boshqarmasi bosh maslahatchisi

1 892
O'zA