O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Sifatsiz akkumulator sotgan "uchar" tadbirkordan xaridorning haqi undirildi

Sifatsiz akkumulator sotgan "uchar" tadbirkordan xaridorning haqi undirildi


Bugungi bozor iqtisodi sharoitida ba’zi bir “uchar” tadbirkorlar borki, kimnidir aldab, yolg‘on gapirib foyda olaman deyishadi. Aslida har insonning o‘z haqqi bor. 

Samarqand viloyati Oqtosh shahrida yashovchi Abdurazzoq Amirqulov 2016 yilning fevralida yuk avtomashinasi uchun Navoiy shahridagi “Texnoplanet” savdo majmuasidan “Delkor-200” rusumli ikki dona akkumulatorni 3.200.000 so‘mga xarid qiladi. 

Mahsulotlarni 1 yil-u 6 oy muddatga kafolat hujjati bilan sotib olgan yurtdoshimiz qisqa fursatda ishdan chiqqan akkumulatorni do‘kon sotuvchisi Yoqub Rajabovga olib keladi. 

Savdogar hozir ushbu rusumdagi tovari qolmaganini ro‘kach qilib, nosoz akkumulatorlarni olib qoladi. Buni qarangki, bir necha oy o‘tsa ham, mahsulotni sifatlisini egasiga yetkazib bermaydi. 

Akkumulatorlarni yoki pulini qaytarib berishini so‘ragan iste’molchining harakatlari besamar keta boshlaydi. A.Amirqulov nihoyat O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga murojaat qiladi. 

Yillar davomida hal etilmagan ushbu muammoni Federatsiyaning Navoiy viloyati hududiy birlashmasi Navoiy shahar jamiyati hal etish maqsadida sudga da’vo arizasini kiritdi. Sud masalani har tomonlama o‘rganib chiqar ekan, iste’molchiga 3 mln. 200 ming so‘m miqdorda xarid qilingan mahsulot uchun to‘langan mablag‘ini, sotuvchidan 669 ming so‘m miqdorda davlat bojini, 446 ming so‘m miqdorda ma’naviy zarar undirib berilishi to‘g‘risida qarorni qabul qildi. 

Inson manfaatlari himoya qilinadigan mamlakatimizda iste’molchi sifatida ham o‘z huquqlarimizni qonunan himoya qilish huquqiga egamiz. Asosiysi o‘z manfaatlarimizni himoya qilish yo‘lini to‘g‘ri tanlay bilishimiz lozim.

492
O‘zA