Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.11.2010 19:57 Chop etish versiyasi

Sifatli va to‘g‘ri ovqatlanish – salomatlik garovi

Har bir ota-ona farzandining jismonan va ma’nan sog‘lom, barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishini orzu qiladi. Yurtimizda ta’lim tizimini tubdan isloh etish jarayonida o‘quv maskanlarining moddiy-texnik holatini tubdan yaxshilash, ularni zamonaviy jihoz va uskunalar bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Barkamol avlod yili” Davlat dasturi doirasida yosh avlod salomatligini mustahkamlash, tibbiy madaniyatini yuksaltirish, o‘g‘il-qizlarimizda sog‘lom ovqatlanish ko‘nikmalarini shakllantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar qamrovi kengaymoqda. Bunday ezgu yumushlar maktabgacha ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar bilim dargohlaridagi oshxonalar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar misolida ham o‘z ifodasini topmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 20 avgustda qabul qilingan “Ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda qariyb o‘n ming umumiy o‘rta ta’lim maktablari, olti mingdan ziyod maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining nomi yuqorida qayd etilgan qaroriga muvofiq ulardagi oshxona va bufetlar ishi yanada takomillashtirilmoqda, xarid qilinayotgan mahsulotlarning sifati, xavfsizligi, yetkazib berilishi, saqlanishi, ovqat tayyorlanishi borasidagi sanitariya-gigiyena qoidalari va me’yorlariga rioya etilishi ustidan davlat sanitariya nazorati yanada kuchaytirildi.

O‘zbekiston davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazidan ma’lum qilishicha, mazkur hujjatga asosan umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarning xavfsiz ovqatlanishini tashkil etishga doir sanitariya-epidemiologiya talablari va me’yorlari ishlab chiqildi. Unda umumta’lim maktablarining oshxonalari faqat loyiha asosida qurilgan binoda faoliyat ko‘rsatishi mumkinligi, oshxonadagi o‘rinlar miqdori maktabda ta’lim olayotgan bolalar soniga mutanosib bo‘lishi, oziq-ovqat mahsulotlari veterinariya yoki kimyoviy laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan bo‘lishi, ularni to‘g‘ri saqlash, oshxonada faoliyat ko‘rsatayotgan oshpazlar tegishli tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarurligi kabi me’yor va talablar qat’iy belgilab qo‘yilgan.

– Vazirlar Mahkamasining joriy yil 20 avgustda qabul qilingan qarori maktabgacha ta’lim muassasalaridagi oshxonalar faoliyatini yanada yaxshilashga ham katta turtki berdi, – deydi Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 91-maktabgacha ta’lim muassasi mudirasi Maxfirat Qulmatova. – Bog‘chamizda uch yuz nafar bola tarbiyalanadi. Tayyorlanayotgan taomlarning sifati va ratsionini yanada yaxshilash, ularni rang-barang, turli vitamin, oqsil va minerallarga boy bo‘lishi uchun muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur hujjat talabidan kelib chiqib, bog‘chada sarxil sabzavotlar, jumladan, karam, sabzi, ko‘katlar, baliq, tovuq go‘shti, tvorog, qaymoq, qatiq singari sutli mahsulotlar, meva sharbatlari muntazam ravishda ovqat ratsioniga kiritildi. Bunda Toshkent viloyatidagi fermer xo‘jaliklari, shahrimizdagi yetkazib beruvchilar bilan shartnoma asosida mahsulot keltirish amalga tatbiq etildi. Bu sifat sertifikatiga ega, laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan, bozordagidan arzon narxdagi ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish imkonini bermoqda.

Ayni kunlarda maktabgacha ta’lim muassasasida qishki mavsum uchun kartoshka va piyoz jamg‘arilmoqda. Mahsulotlar turiga qarab alohida omborxonalarda saralangan va ozoda holda saqlanmoqda. Jumladan, guruch, yorma, no‘xat, un kabi mahsulotlar, sabzavotlar alohida-alohida omborxonalarda, sut va go‘sht mahsulotlari boshqa-boshqa muzlatgichlarda saqlanmoqda.

Joriy yilning sentabr oyidan boshlab umumiy ta’lim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish borasidagi faoliyat faqat tanlov asosida saralab olinadigan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

– O‘quvchilarimizning sog‘lom ovqatlanishini tashkil etishda maktabimizda tuzilgan maxsus komissiyaning faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Valentina Lomuxina. – Komissiya oshxonaning umumiy holatini, xarid qilinayotgan mahsulotning sifatini, ovqat tayyorlash texnologiyasi talablariga rioya etilishini, mahsulotlarni saqlash, tashish va sotish sharoitlariga amal qilinishini, xodimlarning shaxsiy gigiyenaga rioya etishini, bolalar ovqatlanishini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning tibbiy ma’lumoti, gigiyenik savodxonligini doimiy ravishda monitoring qilib boradi.

Poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 60-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham bolalarning sifatli ovqatlanishini tashkil etish bo‘yicha qator amaliy ishlar bajarilmoqda. Maktab direktori o‘rinbosari Osiyo Karimovaning aytishicha, ikki ming nafardan ortiq bola ta’lim oluvchi ushbu maktabda bolalarni issiq ovqat bilan ta’minlashga, tayyorlanayotgan taomlarning xilma-xilligi, servitaminligi barobarida narxini maqbullashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra maktab oshxonalaridagi texnologik asbob va jihozlar, elektromexanik inventarlar holatini o‘rganish, idish-tovoq, maxsus kiyimlar, yuvish va dezinfeksiya vositalarini sotib olish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, ovqatdan zaharlanish, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining oldini olishdek dolzarb masalalarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-9-sinflarida o‘tiluvchi “Atrofimizdagi olam”, “Salomatlik saboqlari”, “Sog‘lom avlod asoslari”, “Sog‘lom oila asoslari” kabi darslar o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida gigiyenik talablar asosida xavfsiz va ratsional ovqatlanishni tashkil etish, inson organizmi uchun zararli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning salbiy oqibatlarini atroflicha tushuntirish, ularning tibbiy savodxonligi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.


O‘zA, N.Usmonova






Все о погоде - Pogoda.uz