O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Shveysariyada tahsil olgan buxorolik tabibni bilasizmi?

Shveysariyada tahsil olgan buxorolik  tabibni bilasizmi?

Tehrondagi Tibbiyot kolleji va Shveysariyadagi Bern universitetining tibbiyot fakultetida tahsil olgan, 1902–1909 yillarda Yevropa va Sharq mamlakatlariga uch marta sayohat qilgan buxorolik Siroj Hakim haqida tarix darsliklarida biror ma’lumot uchratish qiyin. Uning 1909 yilda Buxoroda Yevropacha usuldagi shifoxona ochib, uni xorijdan keltirilgan tibbiy uskunalar bilan jihozlagani ham tarix kitoblarining bir chetida qolib ketmoqda. Shu sababli, mazkur maqolada Siroj Hakim va uning faoliyati haqida so‘z yuritmoqchimiz. 

To‘rt til bo‘yicha tahsil 

Siroj Hakim nomi bilan tanilgan sayyoh 1877 yilning 23 oktabrida Buxoro amirligining poytaxti – Buxoro shahrida tavallud topdi. Uning to‘liq ismi – Mirzo Sirojiddin Hakim Buxoriy ibn Hoji Mirzo Abdurauf edi. Otasi buxorolik savdogar va sarrof (pul almashtiruvchi, yirik pullarni mayda qiluvchi) edi. Siroj besh yoshidan ona shahri Buxoroda tahsil olishni boshladi. O‘qish davomida diniy va dunyoviy ilmlarni o‘zlashtirdi, fors tilini mukammal darajada egalladi.
Uning otasi Hoji Mirzo Abdurauf ikki yil davomida o‘g‘li uchun fors tilidan alohida o‘qituvchi yolladi. Yosh Siroj o‘qituvchi bilan tilga oid bilimlarini takomillashtirdi, fors yozuvini o‘rgandi, axloqshunoslik, madaniyat va tarixga oid forscha kitoblarni mutolaa qildi. Ayni vaqtda arab tilini ham o‘rganishga bel bog‘ladi hamda uni ham mukammal darajada o‘zlashtirdi.
Bir qancha vaqtdan so‘ng Hoji Mirzo Abdurauf o‘g‘lini o‘z ishiga jalb qildi va unga kasbining sir-asrorlarini o‘rgata boshladi. Otasi Sirojni sarroflik do‘konlaridan biriga joylab qo‘ydi. Bu vaqtda Siroj ish bilan band bo‘lib o‘qishni tashlab qo‘ymadi, balki otasi tomonidan yollangan alohida o‘qituvchi ko‘magida rus tilini o‘rgana boshladi. Olti oylik ta’limdan so‘ng u rus tilini o‘zlashtirdi hamda kirill alifbosida binoyidek o‘qish va yozishni o‘rganib oldi.
Bundan keyin, olti oydan biroz oshiq muddatda shaxsiy o‘qituvchi bilan fransuz tilini egallashga kirishdi. Ayni davrda u o‘z xususiy ishini ham boshladi hamda paxta oldi-sotdisi bilan shug‘ullandi. U Yevropa, Rossiya, Usmoniylar, Eron va boshqa mamlakatlar shaharlari hamda ulardagi g‘aroyibotlar haqida so‘zlab beruvchi savdogarlar, sayohatchilar bilan suhbat qurishni xush ko‘rardi. Siroj bu mamlakatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish ishtiyoqida edi. 

Ikki qit’a bo‘ylab dastlabki sayohat

Siroj 1902 yil, 25 yoshida Yevropa bo‘ylab sayohat qilish uchun otasining roziligini oldi. U ona shahri Buxorodan 1902 yil 5 iyunda yo‘lga chiqib, Kaspiy (Xazar) dengizi orqali Kavkazga, u yerdan Usmoniylar imperiyasiga keldi. Usmoniylar davlatida kemaga o‘tirib, Qora dengiz orqali Bolgariyagacha yetdi, uning poytaxti – Sofiyada sayru sayohat qildi.
So‘ngra Serbiya qirolligiga otlandi, turklar tomonidan “Qutlug‘ urush shahri” deb atalgan Belgradni tomosha qildi, shahardan chiqib shimolga – Avstriya-Vengriya imperiyasidagi Budapeshtga ham keldi. Venani ko‘rdi, Germaniya imperiyasining poytaxti – Berlin shahrini kezdi. Germaniyadan Fransiya Respublikasiga otlangan Siroj Hakim Parij shahrini ham chetlab o‘tmadi. Sayohatda davom etib, La-Mansh bo‘g‘ozi orqali Britaniya imperiyasiga keldi, Londonni aylandi. London sayohatidan so‘ng ortga qaytdi. 
Yo‘l-yo‘lakay Polsha qirolligi poytaxti – Varshavani kelib ko‘rdi. Moskvani aylanib, 1903 yil yanvarida Buxoroga qaytib keldi. O‘zi yozganidak, dastlabki sayohati uning dunyoqarashini tubdan o‘zgartiribgina qolmay, unda chuqur taassurotlar ham qoldirdi.

Tehrondagi tibbiy ta’lim

Qaytganidan bir oy o‘tib, o‘zining ikkinchi sayohatiga otlandi. Bu safar janub va janubi-g‘arbga tomon yo‘l oldi. 1903 yil fevralda Buxoroni tark etdi. Yo‘lda O‘rta Osiyoning eng qadimgi shaharlaridan biri – Marvga keldi, biroz vaqtdan so‘ng o‘sha davrda Qojarlar sulolasi hukmronlik qilayotgan Eronga qarashli Xurosonni aylandi. Shialarning “muqaddas” shahri – Mashhad, Umar Xayyom va Fariduddin Attor yashagan – Nishopur, Firdavsiyning Vatani – Tus shaharlarini borib ko‘rdi, Nishopurda yetti oy turdi. Keyin 1851 yilda asos solingan Tehron Tibbiyot kolleji (u 1986 yildan boshlab Tehron Tibbiyot universiteti nomini olgan)ga o‘qishga kirdi. 
Tehron kollejidagi o‘qish nihoyasiga yetgach, ayni shu dargohda dars berdi, shuningdek, Tehron shifoxonalaridan birida shifokorlik qildi. Ayni shu vaqtda u ancha tanildi, shifokor va keng dunyoqarashga ega sayohatchi sifatida nom qozondi. 
U Eronda “doktor Mirxon” nomi bilan el og‘ziga tushdi. U haqda Afg‘onistonning o‘sha vaqtdagi amiri Habibulloxon (1901–1919 yillarda hukmronlik qilgan) ham xabar topdi. Siroj Hakim Afg‘onistonda “doktor Sobir” nomi bilan shuhrat qozondi. U an’anaviy tibbiyotdan ko‘ra Yevropa tibbiyotini afzal ko‘rardi.

Buxorodagi yevropacha shifoxona

Siroj Hakim oradan ikki yil o‘tib, 1905 yilning iyunida Buxoro qaytdi. Ortga qaytishda Hirot, Bomiyon, Mozori Sharif, Balxda bo‘ldi, Amudaryodan suzib o‘tib Termizga keldi. Undan Nasaf orqali Buxoroga yetib keldi.
Buxoroga qaytganidan bir oy o‘tib, savdogarlar va afg‘on amiri Habibulloxonning yaqin kishilari o‘rtasida yuzaga kelgan mojaroga aralashib qoldi. O‘sh vaqtlarda Buxoro va Afg‘oniston amirliklari ittifoqchi edilar va mazkur mojaro amirliklar munosabatini yomonlashtirishi mumkin edi. Natijada Sirojiddin ta’qib ostiga olindi. U Buxoro amirligini tark etib, o‘zining so‘nggi – uchinchi sayohatini boshladi.
Sirojiddin Hakim Yevropaga yo‘l oldi. O‘zining tibbiyot sohasidagi bilimlarini yanada oshirish maqsadida Shveysariya poytaxtida 1834 yili asos solingan Bern universitetining tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirdi. 1909 yilda Buxoroga butunlay qaytdi va o‘zining xususiy shifoxonasini ochdi. Bu shifoxonadagi o‘z davrining zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari Yevropadan olib kelingan edi. 
Qisqa vaqt ichida uning shifoxonasi buxoroliklar ichida juda mashhur bo‘lib ketdi. Undan shifo topish maqsadida Buxoro hududidan tashqaridagi bemorlar ham kelardi. O‘qimishli va ma’rifatli bo‘lgani uchun uning Buxoroga kelishi yoshlarga sezilarli darajada kuch berdi.

Ta’lim tizimini taqqoslab

Tarixchi Feruza Bobojonovaning “Buxoro amirligida ta’lim tizimi (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)” nomli nomzodlik dissertatsiyasida qayd etilishicha, Mirzo Siroj Hakim xorij safaridan qaytganidan boshlab jadidchilik harakatida faol qatnasha boshladi.
Mirzo Siroj chet ellarda bo‘lganida u yerdagi ta’lim tizimini, xususan, maktab ta’limini juda yaxshi o‘rgandi. Buxorodagi an’anaviy ta’lim bilan uni taqqosladi. Jumladan, buni o‘z safarnomasida quyidagicha qayd etgan: “Evropada maktab va madrasalarni ko‘rib yodimga o‘zimizdagi maktab va madrasalar keldi, esladimu yuragim g‘am va afsusga to‘ldi. Nega bizni millatimiz ilmni shuncha xor qilib, uni tark etadi... Eron ulamolari ilmga va san’atga g‘ayratli, ishtiyoqli bo‘lib, hamma shaharlarida maktablar ochgan. Tehronda jadid an’anaviy maktablari, dorulmuallimin, dorulfunun, siyosiy madrasa, harbiy madrasa, tibbiy madrasa mavjud. Muallimlari Farangiston (Fransiya, Yevropa)da ta’lim olishgan”. 
Ta’limdagi tanazzulni o‘zga tizim bilan taqqoslay bilgan Siroj Hakim an’anaviy maktablarni, yevropacha ta’lim-tarbiyani buxoroliklar uchun qanchalik ahamiyatli va zaruriy ekanligini tushuntirishda, targ‘ib etishda jonbozlik ko‘rsatdi.

Saxovatpesha ma’rifatparvar

Ko‘p yillik sayohatlari natijasida yaratgan “Tuhfai ahli Buxoro” (“Buxoro ahliga tuhfa”) asarida Usmonli turk sultonlari, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va Yevropa mamlakatlaridagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlar, madaniy hayotni tasvirladi. Jumladan, ushbu asarda Turkiya bilan bo‘lgan savdo ishlarida qatnashgan buxorolik va qo‘qonlik bir qancha savdogarlarni eslab o‘tgan. U o‘zining ko‘p turk savdogarlari bilan yaqin munosabatda bo‘lganini yozgan. Asarda, shuningdek, Buxorodagi madaniy hayot va madrasalar xususida ham so‘z boradi.
Siroj Hakim o‘zbek va tojik tillarida g‘azal, qasida, muxammas va ruboiylar yozdi. Uning 200 yuzdan ortiq she’rlari bitilgan 2 ta to‘plami va “Tuhfai ahli Buxoro” asarining qo‘lyozmasi Toshkentdagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. U o‘zbek tilidan tashqari, fors, arab, fransuz, nemis va rus tillarini ham mukammal bilardi. 
Siroj Hakim dastlab “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) maxfiy jamiyati shaklida tuzilgan jadidlarning “Yosh buxoroliklar” partiyasi dastlabki tashkilotchilaridan biri edi. U Buxoro jadidlari tomonidan Yangi Buxoro (hozirgi Kogon) shahrida 1912 yil 14 iyuldan 1913 yil 2 yanvargacha o‘zbek tilida chiqarilgan “Turon” gazetasini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turdi. 
Ma’rifatparvar olim va shoir, tabib, sayyoh Siroj Hakim 1914 yil 17 yanvarda – 36 yoshida Buxoro shahrida sil kasalidan vafot etdi. 

Alisher EGAMBERDIEV,
O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti talabasi

662
O'zA