Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.01.2018 11:31 Chop etish versiyasi

Shumanayda harbiy xizmatchilarga uy-joylar topshirildi

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari uchun qurilgan 16 xonadondan iborat uy foydalanishga topshirildi.

Tadbirda mamlakatimiz mudofaa tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, xususan, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy muhofaza qilish, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

2017 yil aprel oyida boshlangan qurilish ishlari "Qurilish binokor Shumanay" mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan amalga oshirildi. 3 milliard 700 million so‘m mablag‘ sarflangan ikki qavatli zamonaviy uy atrofida bolalar va sport maydonchasi ham barpo etilgan.

– Harbiy xizmatchilarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va farovon hayotini ta’minlashga xizmat qiladi, – deydi katta leytenant Elyor Erkinov. – Toshkent oliy umumharbiy qo‘mondonlik bilim yurtini 2014 yilda tamomlab, O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarida xizmat qilib kelmoqdaman. Yangi uyda barcha sharoit yaratilgan. Buning uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz.

San’at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Qurilish ishlarida faol qatnashgan bir guruh quruvchilarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Yerniyazov so‘zga chiqdi.

Yesimqan Qanaatov, O‘zA
7 126