O‘zA O`zbek

12.09.2018 20:49 Chop etish versiyasi

Shukronalikka undovchi spektakl

Shukronalikka undovchi spektakl Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrining navbatdagi 44-ijodiy mavsumining ochilishi hamda mazkur jamoaning “Momo yer” spektakli premyerasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston teatr arboblari uyushmasi raisi Yo.Ahmedov, Oʻzbekiston xalq artisti R.Ibrohimova, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri direktori R.Rajabov mamlakatimizda milliy teatr sanʼati ravnaqi yoʻlida koʻrsatilayotgan doimiy eʼtibor soha ijodkorlarini yanada koʻproq izlanishga undayotganini taʼkidladi.

2018-2022 yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga muvofiq teatrlar binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash hamda jihozlash boʻyicha tegishli amaliy chora-tadbirlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Unga koʻra, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida ham kapital taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Shunday boʻlsa-da, teatr jamoasi ijodiy izlanishdan sira toʻxtamayapti. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarda teatr oʻz repertuaridagi eng sara sahna asarlarini tomoshabinlar eʼtiboriga havola etmoqda.

Atoqli adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bagʻishlab sahnalashtirilgan “Momo yer” spektaklini shunday ijodiy izlanishlar samarasi deyish mumkin.

...Qorongʻu sahna. Odmigina teatr dekoratsiyalarioddiy xonadon sohiblarining hayotidan soʻzlaydi. Spektakl asarning bosh qahramoni Toʻlgʻanoyning yer bilan ramziy, ayni chogʻda samimiy, insoniy suhbatidan boshlanadi.Ikkinchi jahon urushi tufayli yaqinlaridan judo boʻlgan Toʻlgʻanoy hamda uning kelini Alimanning boshiga tushgan kulfatu azoblar hech bir tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Inson sabr-bardoshi, matonati, qatʼiyati haqida hikoya qiluvchi ushbu spektakl tinch va osoyishta, farovon va saodatli kunlarimizning qadriga yetishga, bir-birimizni, yaqinlarimizni avaylashga, mudom shukronalik tuygʻusi bilan yashashga chorlashi bilan ahamiyatlidir.

Rejissyor Nigora Gʻoyibnazarova sahnalashtirgan ushbu spektaklda asosiy rollarni Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrining Mavluda Mamatillaoxunova, Ibrohim Qosimov, Behzod Mirsaitov, Gʻayrat Bozorov, Husan Musurmonqulov, Dilorom Mirsoliyeva singari aktyorlari ijro etmoqda.

N.Usmonova, OʻzA
1 995