O‘zA O`zbek

29.07.2020 Chop etish versiyasi

SHuhratbek Abdurahmonov: odamlar hayotidan rozi boʻlib yashashi kerak

SHuhratbek Abdurahmonov: odamlar hayotidan rozi boʻlib yashashi kerak

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon shahar va Oltinkoʻl tumanidagi qator mahallalarning yoʻl hamda kommunal infratuzilmalari holati, qurilish, obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. 

Viloyat hokimi tashabbusi bilan viloyat markazidagi Farobiy, Hamdoʻstlik, Mustaqillikning 21 yilligi, Sarvontepa hamda Oltinkoʻl tumanining Koʻmakay, Oyshaxonim, Choʻntak, Dalvarzin, Yangi chek mahallalari yoʻl va kommunal infratuzilmalari tubdan yaxshilanmoqda. Buning uchun mahalliy byudjet hisobidan mablagʻ ajratildi.

photo5265215861914972133.jpg

Taʼkidlash joizki, yuqorida qayd etilgan mahallalardagi yoʻllar, kommunal infratuzilmaning aksariyat qismi qariyb 30 yil avval barpo etilgan, taʼmirlangan. Ana shu yillar davomida yoʻl va kommunal infratuzilma holati aholining oʻz kuchi va mablagʻi hisobidan taʼmirlab kelingan. Biroq keyingi oʻn yillar davomida qarovsiz qolib, ular achinarli holatga tushib qolgan, turli noqulayliklar tugʻdirib, aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgan edi.

Ana shundan kelib chiqib, viloyat hokimi tashabbusi bilan joriy yil boshidan mahalliy byudjet hisobidan ajratilgan mablagʻ evaziga mazkur 9 ta mahallada elektr, tabiiy gaz, ichimlik va oqava suv tizimini yangilashga kirishildi. Viloyat hokimi bu borada olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan ishlarni sifatli va oʻz muddatida bajarish zarurligini qayd etdi.

photo5265215861914972130.jpg

Mahallalarda belgilangan ishlar hozirga qadar 70-80 foizga bajarilgan. Masalan Farobiy mahallasida elektr taʼminotini yaxshilash uchun yana temir-beton ustunlar oʻrnatish, mahallalardagi 47 ta koʻchadan 10 tasini asfaltlash zarur.

– Mahallamizda 1 ming 240 ta xonadonda 7,5 ming nafar fuqaro yashaydi, – deydi Oltinkoʻl tumani Dalvarzin mahalla fuqarolar yigʻini raisi Tohirjon Soliyev. – Rejalashtirilgan 12 kilometr ichki koʻchalardan 8 kilometri asfaltlandi.

photo5265215861914972132.jpg

Bir necha oʻn yillar davomida asfaltlanmagan koʻchalar asfaltlanib, obod boʻlayotganidan, umuman, Andijondagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlaridan mahalla ahli behad xursand. 

Viloyat hokimi bu borada belgilangan ishlarni oʻz vaqtida, sifatli yakunlash boʻyicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga zarur topshiriq va tavsiyalar berdi. Xalqimiz turmush farovonligini yana-da yuksaltirish, odamlarning hayotidan rozi boʻlib yashashlarini taʼminlash zarurligini taʼkidladi.


5 641
F. UBAYDULLAYEV, Z. UMURZOQOV (surat), OʻzA