O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Shuhrat G‘ANIEV: “Qo‘qon shahri hunarmandchilik xaritasidan munosib o‘rin egallaydi”

Shuhrat G‘ANIEV: “Qo‘qon shahri hunarmandchilik xaritasidan munosib o‘rin egallaydi”

Bugun O‘zbekiston yana bir nufuzli anjumanga mezbonlik qilmoqda. Ko‘hna va navqiron Qo‘qon shahrida ilk bor xalqaro hunarmandchilik festivali boshlandi.

O‘zA muxbiri Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev bilan eksklyuziv suhbat uyushtirdi. 

– Shuhrat Madaminovich, xalqaro miqyosdagi mazkur festivalga tayyorgarlik ishlari qanday olib borildi? 

– Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda nomoddiy merosni asrab-avaylash bo‘lgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi. Ayniqsa, viloyatimizning Qo‘qon shahrida mazkur tadbirni o‘tkazilishi farg‘onaliklarni behad mamnun etmoqda. Yurtimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu bayram keng miqyosli bo‘lib, unda dunyoning 85 ta mamlakatidan davlat va jamoat arboblari, ustazoda hunarmandlar, xalq amaliy san’ati ustalari, mutaxassislar, soha olimlari va faxriy mehmonlar, madaniyat va san’at sohasi vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlaridan mazkur festivalda ko‘plab mehmonlarning ishtirok etayotgani ham quvonarlidir. 

Bugungi kunda Qo‘qon shahrida xalqaro hunarmandchilik festivalini yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha tayyorgarlik ishlari to‘liq yakunlandi. Mahallalarni, ko‘cha va xiyobonlarni obodonlashtirishga muhim e’tibor qaratilib, shahar butunlay yangi qiyofaga kirdi. Xorijiy mehmonlar va festival ishtirokchilari tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan 12 ta tarixiy obidani ta’mirlandi Shuningdek, 20 dan ortiq Qo‘qon milliy hunarmandchiligi namoyandalarining uy ustaxonalari, 4 ta madaniy dam olish maskani festival ishtirokchilari va mehmonlar tashrifi uchun tayyorlandi. Xudoyorxon O‘rdasi maydonida festivalning asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Maydonda sahna va amfiteatr barpo etildi. Xorijlik hunarmandlar, viloyatlarning vakillari o‘z san’at asarlarini namoyish etishi uchun alohida joylar ajratildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, festival ishtirokchisi bo‘lgan 570 dan ziyod xorijiy hunarmandlar va ikki mingga yaqin mahalliy ishtirokchilar uchun yangitdan 10 ta mehmonxona qurib, foydalanishga topshirildi. Yuzdan ziyod uy mehmonxonalari tashkil etildi.

– Mazkur xalqaro festivalni o‘tkazish uchun Qo‘qon shahri tanlandi. Nega bunday qarorga kelingan deb o‘ylaysiz? 

– Hunarmandchilik barcha xalqlarga xos bo‘lgan madaniy meros hisoblanadi. Har bir usta hunarmand tayyorlagan mahsulot yurak qo‘ri va qo‘l mehnati bilan yaraladi. Shuning uchun ham ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro hunarmandchilik festivali barcha xalqlarni birlashtiradigan do‘stlik va hamjihatlik bayramidir. 

Bu festivalning har ikki yilda bir marta Qo‘qon shahrida o‘tkazilishi zamirida ham o‘ziga xos ma’no mujassamdir. Zero, Farg‘ona – usta hunarmandlar yurti. Bugun viloyatimizda hunarmandchilikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha to‘rt mingdan ortiq hunarmand ustaxonalari faoliyat olib bormoqda. Ular orasida o‘z maktabiga ega sulolalar, turli xalqaro va mamlakatimiz miqyosida o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar, festivallar ishtirokchilari, davlat mukofotlari sohiblari bor.

Qo‘qon hunarmandchiligi ham o‘ziga xos tarixi, uslub va an’analariga ega bo‘lib, hozirgi kunda shaharda milliy hunarmandchilikning 30 ga yaqin turlari keng rivojlangan. Bugun latif shaharda qariyb to‘rt yuz nafar hunarmandlar ota-bobolardan meros yumushlarni avloddan-avlodga o‘tishini ta’minlamoqdalar. O‘zbekiston Qahramoni yog‘och o‘ymakori Adbug‘ani Abdullaevning hunarmandchilik rivojiga qo‘shgan hissasini barchamiz yuksak qadrlaymiz. Bugungi kunda pichoqchi Hasanjon Umarov, yog‘och o‘ymakor Muhammadali Yunusov, kabilar el e’zozini topgan.

Bu festivaldagi yana bir tarixiy voqea shundaki, Jahon hunarmandchilik Kengashining 2019 yilning 23 iyulidagi qaroriga ko‘ra, Qo‘qon shahriga Hunarmandchilik shahri maqomi berildi. Shu kungacha jahonning 36 ta shahri shunday yuksak nomga sazovor bo‘lgan. Qo‘qon esa MDH davlatlari ichida birinchi bo‘lib ushbu ro‘yxatga kiritildi.

– Farg‘ona viloyatida hunarmandchilikni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz? 

– Davlatimiz rahbari joriy yilning 6-7 may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘i
da Qo‘shtepa tumanidagi “Ipak gilamlar” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxona faoliyatini yanada kengaytirish, bu yerni Farg‘ona turizm yo‘nalishiga kiritish, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarda uning rastalarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Mazkur topshiriq asosida belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanib, xotin-qizlar uchun ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu yerda tayyorlanayotgan o‘zbek gilamlarini tashqi bozorda ham xaridori tobora ortib bormoqda.

Birgina o‘tgan yilda 12 turdagi 4,7 million dollarlik hunarmandchilik mahsulotlarini xorijga eksport qilindi. Joriy yilda ham hunarmandchilikniyanada rivojlantirish maqsadida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Hozirda umumiy qiymati 31,2 milliarad so‘mlik 731 ta qo‘shimcha loyihalarning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Hunarmandchilik mahsulotlari eksporti hajmini 2,2 barobarga oshirib, 10 million dollarga yetkazish harakatidamiz. “Usta-shogird” maktabi an’analari asosida shogirdlar tayyorlash va loyihalarni amalga oshirish natijasida 7 mingdan ziyod fuqaro bandligi ta’minlanadi. Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlari, Rishton va Buvayda tumanlarida “Hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari” ni ishga tushirish, bu orqali viloyatimizning turizm salohiyatini yuksaltirish belgilab olingan.

– Shuhrat Madaminovich, ma’lumki, Marg‘ilonda barcha oilalarda farzandlarini yoshligidan qaysidir hunarga o‘rgatadilar. Bu ming yilliklar davom etib kelayotgan an’anadir. Siz yoshligingizda qaysi hunarga qiziqar edingiz?

– Men yoshligimdan duradgorlik va yog‘och o‘ymakorligiga qiziqib, bo‘sh vaqtlarimda bu hunarni o‘rganishga harakat qilganman. O‘sha paytdagi duradgorlik asbob-anjomlari va o‘zim yasagan o‘ymakorlik buyumlari uyimizda hali ham saqlanib kelinmoqda. Farzandlarimga ham biror hunarni o‘rganishni doimo uqdiraman. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, Farg‘ona viloyatida har bir inson bolaligida biror hunarni albatta o‘rgangan. 

– Ilgarilari O‘zbekistonga xorijiy jurnalistlarning kelishiga voqea sifatida qaralar edi. Shu yilning o‘zida Shahrisabz, Samarqand, Marg‘ilon anjumanlarida o‘nlab mamlakatlarning OAV vakillari ishtirok etdilar. Bilishimizcha, Qo‘qonga 40 dan ziyod dunyoning taniqli jurnalistlari tashrif buyurishar ekan. Sizningcha O‘zbekistonga, jumladan, Qo‘qonga ularning bu qadr katta qiziqishi sabablari nimada ekan? 

– O‘zbek hunarmandlari dunyoning yetti mo‘jizasi sanalgan Tojmahalni bunyod etishida ham munosib hissa qo‘shishgani tarixdan yaxshi ma’lum. Bugun ham bu boqiy an’analar davom etib, hunarmandlarimiz Xitoyning Pekin shahrida, Belarus va boshqa ko‘plab davlatlarda bunyod etilayotgan bino va inshootlar qurilishida faol ishtirok etmoqda.Ana shu qo‘li gul usta hunarmandlarning ishini ko‘rgan har qanday xorijlik albatta yurtimizga tashrif buyurishni niyat qiladi. 

Bunga bir misol. Saudiya Arabistonidagi nufuzli nashr-“Ar -Riyod” gazetasi bosh muharririning festivalga qatnashish istagini bildirgani ham xorijliklarning O‘zbekistonga, uning madaniy-tarixiy merosiga bo‘lgan qiziqishini yaqqol ifodasidir.

OAV vakillari festival tadbirlaridan tashqari viloyatimiz misolida mamlakatimizdagi islohotlar bilan yaqindan tanishadi. Keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlariga o‘zlari guvoh bo‘lishadi. Bu albatta yurtimizning dovrug‘ini yanada yuksaltirish, qolaversa, turizm salohiyatini namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘ylaymanki, mazkur festival nomoddiy merosni xalqaro miqyosda keng namoyish etib, xalqimizning, jahon hunarmandlarining katta shodiyonasiga aylanadi.

425
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA