O‘zA O`zbek

06.09.2018 09:45 Chop etish versiyasi

“Sholi+baliq”: Bu usul koʻpchilik uchun qiziqarli

“Sholi+baliq”: Bu usul koʻpchilik uchun qiziqarli

Xorazm, Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi vazirlar kengashi raisi, viloyat hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, baliqchilik va paxtachilik yoʻnalishidagi fermerlar, paxta-toʻqimachilik klasteri korxonalari rahbarlari uchun koʻrgazmali seminar oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Zoyir Mirzayev, Qishloq xoʻjaligi vaziri Bahodir Yusupovlar ishtirok etdi. 

Seminarning birinchi kunida ishtirokchilar Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi “Xorazm faxri” fermer xoʻjaligida boʻlib, “Sholi+baliq” usulida sholi va baliq yetishtirish, achchiq qalampir, qoʻshqator usulda paxta yetishtirish, shuningdek gʻoʻza qator orasiga hamda ochiq maydonlarga kuzgi boshoqli don ekish borasida tajriba almashdi.

Shuningdek, ular Xiva tumanidagi “Xorazm baliq sanoat agro” masʼuliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilayotgan Vyetnam texnologiyasi asosida baliq yetishtirish va baliqni qayta ishlash bilan ham tanishdi.

Anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar Buxoro viloyati boʻlib, Romitan tumanidagi “BCT Cluster Agrokompleks” masʼuliyati cheklangan jamiyatida klaster usulida paxta yetishtirish tajribasini oʻrgandi. Hozirda korxona tumanning Nurafshon, Bogʻiturkon, Qoqishtuvon, Mirishkor hududlardagi 8 ming gektar ekin maydonini tasarruf etmoqda.

Ishtirokchilar aholi xonadonlarida ham boʻlib, tomorqa egalari bilan muloqot qildi. Misol uchun, Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi Uyrot mahallasida istiqomat qiluvchi Obid Saidov tomorqasida intensiv baliq yetishtirayotgan ekan. Zamonaviy va ixcham koʻrinishdagi moslama 5 mingta baliq chanoqlari yetishtirishga moʻljallangan boʻlib, mazkur maskanda 12 tonnagacha baliq boqilmoqda.

Albatta, yurtimizda bu kabi usulda baliq yetishtirishni ommalashtirish, aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini olib borish xususida zaruriy tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “Ishtixon nurli davr“ fermer xoʻjaligida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida paxta yetishtirish tajribasi seminar ishtirokchilarida qiziqish uygʻotdi. Ayni vaqtda fermer xoʻjaligida 134 gektardagi gʻoʻza tomchilatib sugʻorilmoqda.

– Tomchilatib sugʻorish texnologiyasini qoʻllashda mahsulot hosildorligi va sifati yuqori boʻladi, – deydi Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqarma boshligʻi Isroiljon Xolmirzayev. – Bunda sugʻorish bilan birga berilgan oʻgʻitlar gʻoʻza ildiz tizimiga aniq tushishi va oʻgʻitlar toʻliq oʻzlashtirilishi hisobiga anʼanaviy sugʻorishga nisbatan hosildorlik 50-55 foiz yuqori boʻladi.

Ikki kunlik koʻrgazmali seminar ishtirokchilarda qishloq xoʻjaligini yuritishda yangicha yondashuv va ish uslublarini joriy etish boʻyicha aniq tasavvurlarni uygʻotdi. Ilgʻor fermerlarning amaliy tajribalarini barcha viloyatlarda ommalashtirish boʻyicha takliflar berildi.

OʻzA
1 454