O‘zA O`zbek

21.09.2020 Chop etish versiyasi

“Shirmonbuloq faxri” olti kunda rejani bajardi

“Shirmonbuloq faxri” olti kunda rejani bajardi

Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi 100 ta fermer xoʻjaligi hamda “Xoʻjaobod fayz M” klaster korxonasi tomonidan joriy yilda 2 ming 829 gektar maydonda “Andijon – 35” navli chigit parvarish qilinib, moʻl hosili yetishtirildi.

Ayni kunlarda tumanda hosilni yigʻib-terib olish ishlari qizgʻin davom etmoqda.
3.jpg

Tumanning Bakir Rajapov massividagi “Shirmonbuloq faxri” fermer xoʻjaligi paxtakorlari olti ish kunida qabul punktiga 92,7 tonna paxta topshirib, rejani 104,7 foizga bajardi.

– Joriy yil erta bahorda 25,7 gektar yerga chigit ekkanmiz, – deydi “Shirmonbuloq faxri” fermer xoʻjaligi rahbari Muborakxon Isroilova. – Belgilangan agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilgani, umuman, xoʻjaligimiz aʼzolarining samarali mehnatlari evaziga paxtadan moʻl hosil yetishtirildi.

2.jpg

Birinchi terimdayoq belgilangan 88,5 tonna oʻrniga 92,7 tonna paxta topshirib, rejani ortigʻi bilan uddaladik. Yuzimiz yorugʻ boʻldi. Dalalarimizda hali hosil koʻp. Terimni davom ettirib, yurtimiz paxta xirmonining yana-da yuksalishi uchun harakat qilamiz.

Buloqboshilik paxtakorlar tomonidan joriy yilda davlatga 9 ming 700 tonna “oq oltin” hosili topshirilishi rejalashtirilgan. Shu kunlarda tumandagi “Hasanov Soyibjon shijoati”, “Abduhoshim Nurmatov”, “Sarvontepa faxri” singari ilgʻor fermer xoʻjaliklari ham yuqori marrani zabt etishga yaqin turibdi.


4 393
F. UBAYDULLAYEV, Z. UMRZOQOV (surat), OʻzA