O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 19:32 Chop etish versiyasi

Shirkatlar faoliyati qonun talablariga mosmi?

Samarqandda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan yigʻilish oʻtkazildi.

Qoʻmita aʼzolari va mahalliy kengashlar deputatlari, hokimliklar va mutasaddi idoralar vakillari qatnashgan majlisda “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi ijrosini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi B.Matmurodov va boshqalar uy-joy, kommunal xizmat koʻrsatish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida keyingi yillarda yurtimizda uy-joylar qurilishi koʻlami kengayib borayotganini taʼkidladi. Birgina joriy yilning oʻzida mamlakatimizda 13 ming 900 ga yaqin uy-joylar qurilmoqda.

Shu bilan birga, mavjud uy-joylarni sifatli saqlash, ularga zamonaviy xizmat koʻrsatish ham bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.

– 2018 yilda Samarqand viloyatidagi koʻp xonadonli uy-joylarni mukammal va joriy taʼmirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish dasturini amalga oshirish uchun 26,7 milliard soʻm mablagʻ sarflanishi rejalashtirilgan, – deydi Oliy Majlis Senati aʼzosi Sh.Choʻliyev. – Lekin oʻrganishlar davomida dasturda belgilangan vazifalar ijrosida mutasaddi tashkilotlar, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan koʻplab kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani aniqlandi. Shuningdek, ularning hujjat yuritish, shirkat aʼzolari bilan ishlash borasidagi faoliyatida ham nuqsonlar kuzatildi.

Majlisda oʻrganish jarayonida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muhokama yakuni boʻyicha qoʻmitaning uy-joy kommunal xoʻjaligini yanada rivojlantirish maqsadida qonunchilikka oʻzgartishlar kiritish, sohaga oid qonun hujjatlarini qayta ishlab chiqish va ularda koʻp xonadonli uylarni boshqarishning zamonaviy innovatsion shakl va usullarini mustahkamlashga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.

Gʻolib Hasanov, OʻzA