O‘zA O`zbek

03.04.2019 Chop etish versiyasi

Shirin so‘z – eng yaxshi dori-mi?

Shirin so‘z – eng yaxshi dori-mi?

Hech kimga sir emaski, yildan-yilga tabobat ilmi kuchaygan sari kasallik turlari ham ko‘payib bormoqda. Bu o‘z-o‘zidan dorilar navining ham ortib borishiga sabab bo‘lmoqda. Ammo minglab turdagi dorilar ichida qaysi biri eng yaxshi bo‘lishi mumkin? Tabiiyki, tishi azob berib turgan kishi uchun tish og‘riq doridan boshqasi o‘taversin. Yoki oshqozoni og‘riyotgan bemor uchun eng oliy darajadagi chet el bel og‘riq dorisi ham bekor. Chunki odamning qaeri og‘risa, joni o‘sha yerda turadi. Xullas, bir dori ikkinchi bir dorining o‘rnini bosolmaydi. Eng yaxshi dori esa hammasining o‘rnida qo‘llana oladigan bo‘lishi kerak.

Odamlar qadim zamonlardan beri mana shunday hammabop dorini qidirib kelmoqda. Ma’lum ma’noda uni topganlar ham. Ne baxtki, bu dori haqidagi dastlabki fikrlarni ham bizning dono xalqimiz, qolaversa, jahon tibbiyotining asoschisi, buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino ilgari surgan. Ulug‘ tabibning fikriga qaraganda, bemorni dori-darmon bilan birga so‘z bilan ham davolash kerak. Chunki so‘z shunchalik sir-sinoatga ega bir mo‘jiza hisoblanadi.

Bir og‘iz shirin so‘z... Siz bu so‘zning naqadar umidbaxsh va qudratli ekanligini his qilganmisiz? Qiziq, ba’zan noyob dori-darmonlar-u, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalari ham ojizlik qilib qolganda ana shu bir og‘iz so‘z bemorga qanchalar ruhiy dalda, jismoniy quvvat bag‘ishlaydi! Chunki so‘z xoh yaxshi, xoh yomon bo‘lsin, avvalo bosh miyaga ta’sir qiladi. Bosh miya esa organizmdagi butun jarayonlarni boshqaradi va nazorat qilib turadi. Yomon so‘z orqali asabiylashganda, odamning aft-angori o‘zgaradi, rangi o‘chadi, beti qotadi, qo‘l va oyoqlari titraydi, ko‘zi tinadi, quloqqa so‘z kirmaydi, nafas olish va yurak urishi tezlashadi. Buning ustiga asabi buzilgan organizmning himoya vositalari zaiflashadi. Shu payt kishi o‘zini bosib ololmasa yomon kasallikka chalinishi, hatto nojo‘ya harakatga yo‘l qo‘yishi mumkin. Ayniqsa, xunuk so‘z shifokorning og‘zidan chiqqan bo‘lsa, bundan ortiqroq fojia yo‘q.

Rivoyat qilishlaricha, bir kuni Luqmoni Hakim ko‘chada ketayotgan ekan. Qarasa, sal oldinda borayotgan bir qiz dam-badam qon tuflarmish. Buni ko‘rib, Hakim qorama-qora boraveribdi. Qiz uyiga kirib ketgach, darvozani taqillatibdi. Bir mo‘ysafid chiqib, shifokorni tanibdi va uni uyga taklif etibdi. Gap orasida Luqmoni Hakim: . “Qizingiz bedavo dardga uchrabdi, afsuski muolajaning iloji yo‘q”, – debdi. Uning bu so‘zlarini haligi qiz eshik orqasida eshitib turgan ekan. Birdan yuragi duk-duk urib, qaltirab yiqilibdi va hushidan ketibdi. Xullas, shu bir og‘iz so‘z oqibatida qiz ruhiy dardga giriftor bo‘lib, olamdan o‘tibdi.

...Kunlarning birida qizning otasi Luqmoni Hakimni uchratib qolibdi. Shunda ota:

–Taqsir, qizim bedavo dardga chalinganini qanday bilib edingiz? – deb so‘rabdi. Luqmoni Hakim debdi:

– Qizingiz ko‘chada kela turib, bot-bot qon tuflaganini ko‘rgan edim.

Bu javobni eshitgan chol shart etib, o‘z peshonasiga uribdi. Keyin sal o‘ziga kelgach:

– E, attang, qizim o‘sha kuni shotut yeb edi, siz ko‘rgan tufuk shotut sharbati-ku! Ey attang!.. – debdi.

– Shunda Luqmoni Hakim chol oldida tiz cho‘kib, uzr so‘rabdi:

– Siz menga va bizdan so‘nggi avlodlarga unutilmas saboq berdingiz. Bir so‘z bilan soppa-sog‘ odamni o‘ldirish yoki bemorni oyoqqa turg‘izib yuborish mumkin ekan! Yunonistonliklar “Dardni bilmasang, yaxshisi sen bemorni tinch qo‘y” deb bejiz aytmagan ekanlar...

Bunday voqealar afsuski, shu kunlarda ham bo‘lib turibdi. Yaqinda viloyat tumanlaridan biridagi shifoxonada quyidagi suhbat qulog‘imga chalinib qoldi: “Bir bemorni bilardim. Uncha-muncha dardni pisand qilmasdi, – deya so‘zlardi bemorlardan biri. – Operatsiyalarga “g‘ing” demay chidagan. Uning biror marta noliganini eshitmagandik. Doim kulib turardi. Bir kuni o‘sha bemorni ko‘rib qoldim. Rangi so‘lib, o‘zini butkul oldirib qo‘yibdi. Hayron bo‘lib hamshira qizlardan so‘radim: “Operatsiyadan yaxshi chiqdi, deyishgandi. Nima yolg‘onmidi?”. “Yo‘q, – deyishdi qizlar. – Operatsiyadan keyin ancha yaxshi bo‘lib qolgandi. Shifokorlardan biri bemorning ahvoli biroz yomonlashganda “sizning organizmingiz bunday operatsiyani ko‘tarmasdi, nima qilardingiz joningizni qiynab, buning ustiga yoshingiz ham bir joyga borib qolgan ekan”, – debdi. O‘sha kundan beri boshqacha bo‘lib qoldi”.

Bu gapni eshitib g‘alati bo‘lib ketdim. Demak, o‘sha shifokor bemehr, qahri qattiq ekan. “Undan hech qachon yaxshi shifokor chiqmaydi”, – degan fikr yalt etib xayolimdan o‘tdi.

Ha, yaxshi shifokor bo‘lish oson ish emas. Buning uchun yaxshi mutaxassis bo‘lishning o‘zi kamlik qiladi. Shifoning ta’sirchanligi, eng avvalo, shifokorning insoniyligiga, bemor qalbiga yo‘l topa bilishiga bog‘liq. Zero, har qanday muolaja asosida shifokor va bemor o‘rtasida ishonch omili bo‘lishi shart. Aks holda muolaja natijasiz bo‘ladi. Shuning uchun ham mashhur psixoterapevt Anatoliy Kashpirovskiy jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvda o‘zida sehrgarlik qobiliyati yo‘qligini, lekin 28 yildan beri davom ettirayotgan shifokorlik faoliyatida inson uchun eng yaxshi dori so‘z ekanini tushunganini ta’kidlab, shunday dedi: “Men erishgan natijalarga erishmoq uchun albatta shunga yarasha qobiliyatga ega bo‘lish kerak. Misol uchun o‘zaro muloqotga tez kirisha oladigan bo‘lish lozim. Toki kishilar o‘zida Siz bilan suhbatlashishga ehtiyoj sezishsin, sizga ishonishsin. Shuning uchun ham so‘z qudrati orqali bemorlar ongiga ta’sir etib, ularning umumahvolini, dardini yengillashtirish yoki butunlay yo‘qotib yuborish jarayoni psixoterapiya yo‘li bilan davolash deb ataladi”.

Tibbiyotda so‘z kuchi doimo juda katta ahamiyat kasb etganini rus tilidagi “vrach” so‘zining kelib chiqish tarixiga nazar tashlasak ham ko‘ramiz. Uning ildizlari XI asrdagi “vrat” so‘ziga borib taqaladi. U vaqtlar bu yolg‘on gapirish emas, balki umuman gapirish, ya’ni xastalikni so‘z kuchi bilan yengishni anglatgan.

“...Bemor uchun dori-darmondan ham avval shirin so‘z kerak ekan. Biz bunga ming karra amin bo‘ldik. Siz tanamizga malham bo‘lib, qalbimizga “Xafa bo‘lmang, sog‘ayib ketasiz. Kasalingiz esingizdan ham chiqib ketadi”, – deya taskin bera oldingiz. Biz sizni unutolmaymiz...”.

Bu so‘zlar to‘qima emas, bemorlar shifoxonalardagi daftarlarga yozib qoldirgan minnatdor qalblar qa’ridan chiqqan so‘zlar.

Taassuflar bo‘lsinki, xastalarning ruhiy ahvolini o‘rganish, qalblariga yo‘l topish, ularga ruhiy ta’sir etish o‘rniga turli hujjatlarni bemor qalbidan ustun qo‘yayotgan, qo‘pol so‘zlari bilan billur ko‘ngillarni bir umrga yaralayotgan byurokrat va dilozor “vrach”lar ham yo‘q emas.

Oradan qancha yillar o‘tib ketgan bo‘lishiga qaramay, bir ko‘ngilsiz voqea hamon yodimdan chiqmaydi. O‘shanda sariq kasali bilan og‘rigan jiyanim va uni olib yotgan buvimlar holidan xabar olish uchun Rishtonda qo‘shimcha ravishda tashkil etilgan dala shifoxonasiga borganimda buvimning ko‘zlarida jiqqa yosh ko‘rib, qanday holatga tushganimni ta’riflash qiyin. Nafaqa yoshidagi buvimning ko‘zlarini o‘zining qo‘pol so‘zlari bilan yoshlagan “vrach”ni o‘sha kuni shifoxonadan qidirib topolmadik. Bu kimsaning dilozorligidan yana ko‘p bemorlar zorlanib gapirishgan edi o‘shanda. Bu kabi dilozorlarni ko‘rganingizda nahotki bu oliy ma’lumotli “vrach”lar 6-7 yillik o‘qish jarayonida “Agar vrach suhbatidan keyin bemor yengil tortmasa, u vrach emas” (V. M. Bexterov) qabilidagi shifokorlar uchun eng zarur gaplarni eshitmagan bo‘lsa, deya ensangiz qotadi.

Ba’zi shifoxonalar ostonasiga qadam qo‘yishingiz bilanoq, nazoratchi hamshiraning qo‘pol muomalasiga duch kelasiz:

– Xalat chiqsin, keyin kirasiz! – deydi bu o‘rtoq ilk bora duch kelayotgan kishisi bilan salomlashishni ham unutib.

Begona ostonada noiloj xalat chiqishini kutib o‘tirasiz. Nihoyat, turli-tuman kishilar yelkasiga ilinaverganidanmi yoki haftalab yuvilmaganidanmi oqligini ham bilib bo‘lmas darajaga kelib qolgan “infeksiya qo‘riqchisi”ni ijirg‘anibgina yelkangizga ilib, bemoringiz huzuriga kirib biroz o‘tirasizda, shoshilinch juftakni rostlab qolasiz. Bechora bemor esa hangu mang bo‘lganicha qolaveradi. Ayniqsa, tug‘ruqxonalardagi yo‘qlovlar juda ham o‘ziga xos. Umuman, bizda bemorlardan hol-ahvol so‘rash tartibini ham o‘ylab ko‘rish kerakka o‘xshaydi.

Kezi kelganda shuni ham aytib o‘tish kerakki, shifokorlar tayyorlaydigan o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida darslar endilikda o‘zbek tilida olib borilayotganligiga qaramay, shifokorlarning tilni, ayniqsa, muomala madaniyatini yaxshi bilmasliklari achinarli holdir. Kasallik varaqasini o‘z ona tilida, jumladan, o‘zbek tilida to‘ldira olmaydigan shifokordan qanday shirin muomala kutish mumkin?! Ayni damda ham eng yaxshi dorini topish ilinjidamiz. Na chora, so‘z ham shifo erur...

Siddiqjon Mo‘minov,
Farg‘ona davlat universiteti professori,
filologiya fanlari doktori.

2 738
O‘zA