Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2017 20:24 Chop etish versiyasi

Shifoxonalarda dori ta’minotida muammo bo‘lmaydi

Toshkent shahar hokimligida poytaxtimizda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 7 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli tarmoqlari, jumladan, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga doir ustuvor yo‘nalishlar o‘z ifodasini topdi.

Davlatimiz rahbarining 5 yanvar va 7 fevral kunlari sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari bilan uchrashuvlarida ham bu vazifalar atroflicha tahlil etildi, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar, ularning yechimlari, sohaning rivojlanish istiqbollari belgilab berildi.

Shu kunlarda joylarda ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yig‘ilishda poytaxtimizda shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi. Poytaxtimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish, tibbiyot muassasalari faoliyatini boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish hamda uning samaradorligini oshirish bo‘yicha Toshkent shahar hokimining qarori qabul qilingani ma’lum qilindi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimovaning aytishicha, endilikda mazkur qarorga muvofiq, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tizimidagi shifoxonalarga dori-darmon va bog‘lov vositalarni xarid qilish uchun ajratilayotgan mablag‘ kamida ikki barobarga oshiriladi. Bu haqda aholiga, ayniqsa, bemorlarga aniq ma’lumot berish maqsadida shifoxonalardagi barcha palatalarga tibbiyot muassasasida mavjud dori-darmon vositalarining ro‘yxati ilib qo‘yiladi, statsionarlarda davolanayotgan bemorlarning dori-darmon sotib olib kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Poytaxtimizda tibbiy xizmatni isloh etish borasida amalga oshirilayotgan bunday chora-tadbirlar jarayonida dorixonalar faoliyatini takomillashtirish, dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari cheklangan narxlarda sotilishi holati ham monitoring qilib borilmoqda.

Tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik imkoniyati takomillashayotir. Yaqinda ushbu tizimga yana yigirmata zamonaviy mashina ajratildi. Tez yordam mashinalari zamonaviy aloqa tizimlari bilan jihozlangan. Bu chaqiruvlarga o‘z vaqtida yetib borish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Joriy yilda poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan oilaviy poliklinikalarga «Damas» avtomashinalari ajratish rejalashtirilayotir. Bundan maqsad tibbiy-profilaktika xizmatini yanada rivojlantirish, xonadonlarda uyushtiriladigan patronaj ko‘rigini kuchaytirish, tibbiyot muassasasiga tushayotgan murojaatlarga o‘z vaqtida javob berish, tibbiy xizmatdan har bir insonning rozi bo‘lishiga erishishdir.

Brifingda poytaxtimizda tibbiy xizmatni isloh etish, tibbiyot muassasalari faoliyatini boshqarishni tashkil etish, sog‘liqni saqlash tuzilmalarining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.

Bahor Xidirova, O‘zA
1 248






Все о погоде - Pogoda.uz