O‘zA O`zbek

01.08.2018 23:41 Chop etish versiyasi

Shifokorlar uchun mehnat yarmarkasi

Shifokorlar uchun mehnat yarmarkasi Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida tibbiy mutaxassislar uchun mehnat yarmakasi tashkil etildi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan yarmarkada 16 shahar va tuman tibbiyot birlashmalari, viloyat davolash profilaktik muassasalari 595 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.

Joriy yil Toshkent davlat stomatologiya institutini bitirgan Aziz Hamroqulov yarmarkada Narpay tumani tibbiyot birlashmasi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasiga vrach-stomatolog vazifasiga ishga kirish bo‘yicha shartnoma imzoladi.

9 (1).JPG

— Institutni bitirib, o‘zim tug‘ilib o‘sgan joyda mehnat faoliyatimni boshlayapman, - deydi Aziz. — Tumanimiz aholisiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan xursandman. Maqsadim yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish. Bunda birlamchi tibbiy muassasalardagi faoliyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Yarmarka davomida tibbiyot yo‘nalishidagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilaridan bir nechasi ham ishli bo‘ldi. Ular safida So‘zangaron tibbiyot kolleji bitiruvchisi Ruhangiz Hakimova ham bor.

— Samarqand tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi 32-qishloq oilaviy poliklinikasiga patronaj hamshira vazifasiga ishga qabul qilindim, - deydi R. Hakimova. — O‘z soham bo‘yicha yetarli amaliyotga ega bo‘lib, keyinchalik oliy ta’lim muassasasida o‘qishni maqsad qilganman.

Mehnat yarmarkasida 75 nafar yosh tibbiyot xodimi ish beruvchilar bilan ishga qabul qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi.

Alisher Isroilov (surat) O‘zA
3 185