O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

“SHHTning sakkiz moʻjizasi”

“SHHTning sakkiz moʻjizasi”

Sian, 11-sentyabr. OʻzA maxsus muxbiri Ulugʻbek Shonazarov xabar qiladi.

Xitoyning Sian provinsiyasida Yevroosiyo iqtisodiy forumi doirasida “SHHTning sakkiz moʻjizasi” taqdimoti oʻtkazildi.

Yevroosiyo iqtisodiy forumi sessiya majlislarida davom etyapti. Xususan, “Buyuk ipak yoʻlining muhim sayyohlik yoʻlagi” mavzusida tashkil etilgan sessiyada mamlakatlar oʻrtasida turizmni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish masalalari qizgʻin muhokama qilindi.

Tadbirda SHHT Bosh kotibi Vladimir Norov ishtirok etib, turizm industriyasini rivojlantirish, uning mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishi va madaniyatlararo muloqotni faollashtirishdagi ahamiyati haqida fikr bildirdi.

– Turizmning jahon iqtisodiyotidagi ulushi ortib bormoqda. 2018-yilda dunyoda sayyohlik sohasidan olinadigan daromad 5 trillion dollarni tashkil qildi. Bu 2017-yilga nisbatan 5 foiz koʻp, – dedi V.Norov.

Uning qayd etishicha, bugungi kunda SHHTga aʼzo davlatlarda turizmning barcha yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha ulkan imkoniyat mavjud. Jumladan, hayvonot va nabotot olamining 44 foizi SHHTga aʼzo davlatlar hududiga toʻgʻri keladi. SHHT makonida YUNESKOning moddiy va madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan 140 ortiq tarixiy obyekt mavjud. Shu bois tashkilotning 2025-yilgacha rvojlanish strategiyasida turizm industriyasi uchun zarur sharoit yaratishga alohida ahamiyat qaratilgan.

Bu tamoyil SHHTning Sindao sammitida imzolangan hujjatda ham oʻz aksini topgan. Unda aʼzo davlatlar turizmni rivojlantirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish, transport imkoniyatlarini kengaytirish, viza tartiblarini soddalashtirish, qoʻshni hududlar va yoshlar turizmini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yakdil harakatlarni amalga oshirishga kelishdi.

Tahlillarga koʻra, turistlarning 30 foizi dunyoning mashhur yetti moʻjizasini koʻrish uchun dunyo boʻylab sayohatni amalga oshirar ekan. Shu bois SHHT tomonidan XXR Fanlar akademiyasi koʻmagida “SHHTning sakkiz moʻjizasi” loyihasi ishlab chiqildi. Unda aʼzo davlatlarning har biri oʻz hududidagi bitta moʻjizaviy osori atiqa, madaniy, maʼnaviy boyliklar, yuksak sanʼat namunalarini taqdim etdi.

Forum doirasida ushbu sakkiz moʻjiza taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekistondan Buxoro viloyatidagi Poyi Kalon majmuasi, Hindistondagi Birlik ramzi haykali, Qozogʻistonning Tamgʻali arxeologik hududidan topilgan petrogliflar, Xitoydagi Tan sulolasi davrida bunyod etilgan Daming saroyi, Qirgʻiziston hududidagi Issiqkoʻl, Pokistonning Mugʻol merosi, Rossiyaning oltin gumbazlari, Tojikistondagi Navroʻz saroyi “SHHTning sakkiz moʻjizasi” sifatida eʼtirof etildi.

688
OʻzA