O‘zA O`zbek

13.07.2020 Chop etish versiyasi

Sherzod Shermatov: “Oʻqi bolam, odam boʻlasan!”

Sherzod Shermatov: “Oʻqi bolam, odam boʻlasan!”

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov “Shum bola” filmidagi Ergash Karimovning mashhur iborasini yodga soldi - “Oʻqi bolam, odam boʻlasan!”

Sherzod Shermatovning “Eski shaharliklar oliy taʼlimga kamroq harakat qiladi”, degan fikri koʻplab munozaralarga sabab boʻldi. Shu sababli vazir oʻz fikrini qayta izohlab, odamlarni haqiqatni boricha qabul qilishga chaqirdi va quyidagi mulohazalarini bildirdi.

“Avvalo, oʻzim ham shu eski shaharda tugʻilganimni va barchamizga sevimli boʻlgan oʻsha mashhur “Shum bola” filmidagi quyidagi epizod aynan bizning koʻchamizda tasvirga olinganini baʼzi yurtdoshlarimizga eslatib oʻtmoqchi edim (hozir ham shu koʻchamiz va bostirmamiz bor).

Kuni kecha eski va yangi hududlar orasidagi ushbu tafovut haqidagi haqiqatni aytganim uchun xafa boʻlish emas, balki undan xulosa qilib, farzandlarimizni oʻqishga yana-da qiziqtirsak, shundagina eski shaharlarimiz yana-da rivojlanadi. Shaxsan oʻzim shunday insonlar orasida oʻsib-ulgʻayganim sababli, bu muammo haqida ichimdan his qilib, kuyinib gapirgan edim.

Muammo shundaki, yillar davomida ushbu hududlarda oliy taʼlimga qiziqish past boʻlgandan keyin, oliy maʼlumot talab etiladigan oʻqituvchi, muhandis, vrach, davlat xizmatchisi kabi qator kasb egalari kamayib boradi. Bu esa oʻz navbatida oʻsha hududlarning rivojlanishiga salbiy taʼsir qiladi.

Shuning uchun “oʻqib kim boʻlarding” qabilida gapirmasdan, hozir oʻqishga moyilligi bor farzandlaringizga oʻziga mos yoʻnalishga hujjat topshirishga undashning ayni vaqti. Ushbu vaqtni boy bermaslik kerak! Eʼtibor bergan boʻlsangiz, oʻsha kinofilmda taniqli aktyor Ergash Karimovning yana bir gapi bor: “Oʻqi bolam, odam boʻlasan!”

1 297
OʻzA