O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 10:05 Chop etish versiyasi

Sherobodda nasha ekkan, Denovda marixuana sotayotgan shaxs ushlandi

Sherobodda nasha ekkan, Denovda marixuana sotayotgan shaxs ushlandi

Surxondaryo viloyatida oʻtkazilayotgan “Qoradori-2018” tadbiri doirasida Sherobod tumanidagi Poshxurt mahallasida yashayotgan Jovboʻri Chayirov (ism-shariflar oʻzgartirildi)ning yashash uyi va tomorqasi xolislar ishtirokida tekshirildi.

Buni qarangki, poshxurtlik bu shaxs qonunga zid ravishda nasha giyohvandlik oʻsimligini ekib, parvarishlab kelayotgan ekan. Hovlidagi bogʻda yetishtirilayotgan ikki tup zahri qotil oʻsimligi hujjatlashtirib olindi, J.Chayirovga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

– Oʻtkazilayotgan tadbirlar chogʻida giyohvand moddalar savdosiga bogʻliq shaxslar ham qoʻlga tushib qolmoqda, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboyev. – Masalan, Denov tumani Istiqbol mahallasida yashayotgan 31 yoshdagi Maʼruf Sharipov Navroʻz mahallasi hududida naqd 400 ming soʻm pul evaziga mijozga bir dona gugurt qutisiga joylangan marixuana giyohvandlik moddasini pullayotganida ushlandi. Sof vazni 5,29 gramm boʻlgan giyohvand modda xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib, M.Sharipovga nisbatan tegishli tartibda jinoyat ishi ochildi.

Ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA