O‘zA O`zbek

01.08.2018 15:58 Chop etish versiyasi

Sherobod tumanilik Shavkat Azimqulov: ana buni adolat desa, bo‘ladi...

Surxondaryo viloyatidagi oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun test sinovlari yuksak saviyada boshlandi.

Prezidentimiz g‘amxo‘rligi bilan mamlakatimiz ta’lim tizimida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar janubdagi vohada ham o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, barcha tarmoqlar uchun yetuk salohiyatli kadrlar tayyorlash, ayniqsa, ta’lim, tibbiyot sohalari va agrar tarmoqni malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga e’tibor yanada kuchaytirilayotir. Shunga muvofiq, viloyatda mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining filiallari tashkil etilib, yoshlarning o‘zlari tanlagan kasb sirlarini mukammal egallashi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratildi.

O‘tgan yili Termiz shahrida I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika va Toshkent davlat agrar universitetlarining filiallari tashkil etilgan bo‘lsa, joriy yilda Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiallari va Termiz davlat universitetining Denov filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilib, voha ehtiyoji uchun zarur kadrlar tayyorlash joriy etildi.

Bu yilgi test sinovlarini yuqori saviyada tashkil etish uchun vohada abituriyentlar uchun ham, ota-onalar uchun ham zarur qulayliklar yaratildi. Tamomila yangi ko‘rinishda o‘tkazilayotgan test sinovlari uchun zamonaviy keng, yorug‘ sport zallar tanlanib, jihozlandi. Kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Endilikda ota-onalar farzandlarining test savollarini qanday yechayotganini bemalol monitorlarda tomosha qilishi, test sinovlarining ochiq, oshkora o‘tayotganini kuzatishlari mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra bu yilgi qabul jarayonida vohadagi oliy ta’lim muassasalariga qariyb 57 ming o‘g‘il-qiz hujjat topshirgan. Viloyatda yangi tartibda o‘tkazilayotgan test sinovlarini Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi Termiz filiali abituriyentlari boshlab berdi.

– Kollejni tugatganimga to‘rt yil bo‘ldi, – deydi Angor tumanidagi Gulzor mahallasida yashovchi abituriyent Azimjon Salimov. – Shifokor bo‘lishni orzu qilaman. O‘tgan yillarda omadim chopmadi. Bu yil imtihonga yanada jiddiy tayyorlanib, hujjatlarimni Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi Termiz filialiga topshirdim. Zamonaviy usulda jihozlangan keng zalda ochiq, oshkora test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirdim. Bu yil savollar ham ancha yengillashibdi. Test sinovi umuman yangi usulda o‘tkazilgani, hech kimning telefon yoki shpargalkalardan foydalanishga imkoniyat berilmagani bu jarayonning yanada adolatli bo‘lishiga xizmat qildi. Biz, yoshlarning o‘z orzuimizni ro‘yobga chiqarishimiz uchun ko‘rsatilayotgan bunday e’tibordan behad mamnunmiz.

To‘rtta inshootda tashkil etilgan imtihonni ota-onalar yirik monitorlar orqali bevosita kuzatib turish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

– Qizim Gulmira bolalikdan shifokor bo‘lishni orzu qiladi,– deydi Sherobod tumanilik Shavkat Azimqulov. – Bu soha bo‘yicha uni poytaxtda qanday o‘qitamiz, deb ko‘p o‘ylar edim. Prezidentimizga rahmat. Mana, o‘zimizda tibbiyot akademiyasining filialini ochib berdilar. Endi farzandlarimiz ko‘z o‘ngimizda o‘qishi mumkin. Gulmira shu yil Sherobod tibbiyot kollejini tamomlab, Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi Termiz filialiga hujjat topshirdi. Bugun test sinovlarini yechmoqda. Ana, monitorda biz, ota-onalar farzandlarimizning qanday harakat qilayotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib o‘tiribmiz. Buni adolat desa bo‘ladi. Yana bir gap: har yili birinchi avgust kuni test bahonasida Termizga tumonat odam to‘planib qolar edi. Qarang, bu yil test sinovlarining 15 kun etib belgilangani natijasida odam ham unchalik ko‘p emas. Har qalay ko‘chalarda bemalol harakatlansa bo‘ladi. Yana ham bolalarimizning o‘qishga kirgan kirmaganini ertaning o‘zida bilishimiz mumkin ekan. Xullas, bunday qulayliklarni yaratayotgan davlatimizdan minnatdormiz.

Viloyatda test sinovlari 14 avustgacha davom etadi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 684