O‘zA O`zbek

20.08.2018 12:21 Chop etish versiyasi

Sherobod sement zavodi: yiliga 1,5 milliontonna mahsulot

Sherobod sement zavodi: yiliga 1,5 milliontonna mahsulot Surxondaryo viloyatining tog‘li Vandob qishlog‘ida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bunyod etilgan Sherobod sement zavodining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, quruvchilar, mahalla faollari va yangi korxona ishchi-xizmatchilari ishtirok etgan tadbirda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.Xursandov, Turkiyaning “DAL Texnik Makina” kompaniyasi bosh direktori Chig‘atoy Kose va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, chet davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan mustahkam do‘stlik, hamkorlik aloqalari mavjud xomashyo resurslaridan oqilona foydalanib, yurtimizning sanoat salohiyatini yangi bosqichda yuksaltirish va milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Prezidentimizning 2016 yil 10 oktyabrdagi “Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida sement zavodini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini o‘tadi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 10-11 fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining qiymati 212,8 million dollar bo‘lgan mazkur loyihasi bilan tanishib, tegishli tavsiyalar bergan edi. Shunga asosan yirik zavod qurilishi qisqa vaqtda sifatli yakunlanib, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida viloyatning qurilish sanoatini rivojlantirishga, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qila boshladi.

13.jpg

Sherobod tumanidagi yirik zaxiraga ega qurilishbop noyob xomashyoni qayta ishlash korxonasi qurilishida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga katta ishonch bildirilganida chuqur ma’no bor. Zero, mamlakatimizdagi eng yirik ishlab chiqarish quvvatlaridan biri bo‘lgan mazkur sanoat korxonasi nodir, rangli va qimmatbaho metallarni qazib olib, sifatli qayta ishlashda boy tajriba to‘plagan. Kombinat konlaridan qazib olinayotgan ma’danlar tarkibida Mendeleyev davriy jadvalidagi elementlarning deyarli barchasi mavjud. Korxonada ishlab chiqarilayotgan oltin va kumush London qimmatbaho metallar birjasining sifat belgisi, ya’ni “Yaxshi yetkazib beruvchi” maqomiga ega. Mis ishlab chiqarish jarayonida sifat tizimi menejmenti joriy etilib, unga Xalqaro muvofiqlik sertifikati olingan. Ushbu sertifikat kombinatning Jizzaxdagi sement ishlab chiqarish jarayoniga ham berilgan.

Yirik korxonani tez, sifatli barpo etish uchun “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Turkiyaning “DAL Texnik Makina” kompaniyasi bilan zavodni tayyor holda topshirish yuzasidan tegishli shartnoma imzoladi. Xorijlik bunyodkorlar Toshkent shahridagi “Element qurilish” sho‘ba korxonasi bilan hamkorlikda yirik sement zavodini qisqa muddatda sifatli qurib, foydalanishga topshirdi.

Purviqor tog‘ bag‘ridagi 55 gektar maydonda qad rostlagan yangi zavod hududida soatiga 800 tonna ohaktoshni maydalash korpusi, xomashyoni taqsimlash bunkeri, vertikal maydalovchi tegirmon, klinkerni sovitish va ko‘p pog‘anali siklonli qizitish inshooti, olovbardosh materiallar, sement saqlash omborlari, klinkerni saqlashga mo‘ljallangan yopiq va ochiq ombor, aylanuvchi yirik pech, klinkerni elektr sovitish kamerasi va boshqa obyektlar qurilib, ishga tushirildi. Shuningdek, maishiy chiqindi suvlarni tozalash inshooti, ishchi-xodimlarning dam olish majmuasi, mo‘jaz kinoteatr, sport maydonchalari, zamonaviy oshxona, yotoqxona, hammom, kir yuvish binosi qurilib, zavod ixtiyoriga topshirildi. 37,8 kilometr masofaga tabiiy gaz quvuri tortildi, yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga ulandi. Yangi temir yo‘l liniyasi bunyod etildi. Avtomobil yo‘li tubdan ta’mirlanayotir.

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, xorijning zamonaviy uskunalari o‘rnatilgan yangi zavod yiliga 1,5 million tonna sifatli sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ishlab chiqarilayotgan sement mahsuloti mamlakatimiz, ayniqsa, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarining qurilish materialiga bo‘lgan talab va ehtiyojini qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Korxona foydalanishga topshirilishi bilan mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlandi.

– Mustaqilligimizning 27 yillik bayrami arafasida yangi korxonaga kompyuter operatori lavozimiga ishga qabul qilinganimdanbaxtiyorman, – deydi R.Himmatov. – Bu yerda barcha ishlar zamonaviy kompyuterlar yordamida boshqariladi. Ishchilarning unumli mehnat qilishi va ishdan bo‘sh vaqtida maroqli hordiq chiqarishi uchun zarur sharoit yaratilgan. Shunday yirik korxonada mehnat qilib, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shish baxtiga muyassar bo‘lganimdan faxrlanaman.

Ayni paytda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan 15 turdan ortiq raqobatbardosh mahsulot Yevropa mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlarga eksport qilinayotir. Kelgusida bu yerda ishlab chiqarilayotgan sementning ichki bozordan ortiq qismini xorijga eksport qilish mo‘ljallanmoqda.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi B.Po‘latov so‘zga chiqdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA
3 874