O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

“Sheremetga suiqasd” ishi boʻyicha tergovda yangiliklar maʼlum boʻldi

“Sheremetga suiqasd” ishi boʻyicha tergovda yangiliklar maʼlum boʻldi

Jurnalist Pavel Sheremetni oʻldirishda gumonlangan uch nafar shaxsga nisbatan tergovning fikri oʻzgarib qoldi. Avvalroq mazkur fojiani uyushtirishda ayblanganlardan biri Andrey Antonenkoning advokati Leonid Maslov OAVga maʼlum qilishicha, endi suiqasd tashkilotchilari nomaʼlum emish.

“Taxminiy ayblov xulosalari oʻzgardi. Oʻzgartirish mazmuni qisqacha: “ultramilliy gʻoyalar“, “ariya irqining ulugʻlanishi“ singari ilovalar olib tashlandi. Bular oʻrnida “shaxsi aniqlanmagan kishilar oʻzlarining bir qator shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqib, keyinchalik koʻp sonli norozilik namoyishlarini qoʻzgʻatish maqsadida kuchli aks sado berishi kutilgan voqealarni yuzaga chiqarishga qaror qilgan“ qabilidagi soʻzlar paydo boʻldi. Aynan oʻsha nomaʼlum shaxslar Andrey Antonenko, Yana Dugar va Yuliya Kuzmenkoni “jalb qilishgan“. Pul evaziga emas“, — deb yozgan Maslov ijtimoiy tarmoq orqali.

Advokatning taʼkidlashicha, endi Antonenko tashkilotchi emas, balki “oldindan kelishilgan fitna boʻyicha oddiy ijrochi“. U shuningdek, Kuzmenko avval bayon qilinganidek tugmachani bosmaganligi, faqat Antonenko bilan birga portlovchi moddani joylashtirganini ham qoʻshimcha qilgan.

“Ularning boʻyniga endi “Subaru” rusumli mashinani yoʻq qilganliklari va hali oshkor qilinmagan usulda portlovchi modda saqlaganliklari ham qoʻyildi. Bu yana qoʻshimcha 2 ta modda boʻyicha ayblov degani“, — deydi u.

2019-yil dekabrda Ukraina IIV rahbari Arsen Avakov Milliy politsiya jurnalist Pavel Sheremetni oʻldirishda gumonlanayotgan shaxslarni qoʻlga olgani toʻgʻrisidagi bayonot bilan chiqqandi. Tergovning fikricha, voqeaga daxldorlar eng kamida 5 nafar, ular orasida Donbassdagi harbiy operatsiya ishtirokchilari ham bor. Hozircha uch kishi ushlangan. Qotillikning asosiy sababi sifatida mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga urinish keltirilmoqda.

Ukrainada jurnalistlarga tazyiq oʻtkazish holatlari tez-tez uchraydi. Masalan, saylovlarni yoritmoqchi boʻlgan Italiya davlat televideniyesi — “RAI” muxbiri Mark Innaro Ukrainaga kiritilmagan. Shuningdek, 2017-yil 22-iyunda poytaxtda tovlamachilikda ayblanib hibsga olingan “Strana.ua (http://%D0%A1%D1%82%D1%80%D0%B0%D0%BD%D0%B0.ua)” internet-portali muharriri Igor Gujvaning taʼqibga uchrashi, OAVdagi chiqishlari uchun davlatga xiyonat qilganlikda ayblangan jurnalist Vasiliy Muraviskiyning qamoqqa tashlanishi, 400 kundan ziyod turmada ushlangan va keyinchalik Ukraina sudi tomonidan ozod qilinib, Rossiyaga uchib ketgan RIA Novosti Ukraina” portali rahbari Kirill Vishinskiy bilan roʻy bergan voqealar ham bunga misol boʻla oladi.

Pavel Sheremet esa 2016-yil 20-iyul kuni Kiyevda avtomobil portlatilishi oqibatida halok boʻlgan. Tergov suiqasd sababi sifatida koʻrsatilayotgan bosh versiya kasb faoliyati bilan bogʻliq oʻch olish maqsadi, deb hisoblamoqda.

809
OʻzA