O‘zA O`zbek

06.08.2018 10:42 Chop etish versiyasi

Shengen bitimi nima?

Shengen bitimi nima?

1995-yilning 26-mart kuni kuchga kirgan Shengen bitimi 1985 yilda Lyuksemburgning Shengen shahrida 5 ta davlat tomonidan imzolangan edi. 

O‘shanda yettita mamlakat – Belgiya, Fransiya, Germaniya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya va Ispaniya o‘rtasida pasport nazorati bekor qilingan edi. 1997-yilda Shengen hududiga Italiya va Avstriya, 2000-yilda Gretsiya, 2001-yilda esa Skandinaviya pasport Ittifoqiga a’zo Daniya, Finlyandiya, Shvetsiya hamda Yevropa Ittifoqining a’zolari bo‘lmagan Islandiya va Norvegiya qo‘shildi.

2007-yilda yana 9 mamlakat — Chexiya, Estoniya, Vengriya, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya va Sloveniya Shengen hududining a’zolari bo‘ldi. Bu davlatlarning hammasi uch yil avval Yevropa Ittifoqiga kirgan edi. Shveysariya Shengen hududiga 2008-yilning 12-dekabr kuni, Lixtenshteyn esa 2011 yilning 19 dekabrida kirdi. 

Ayni damda Shengen hududi 400 million aholi istiqomat qiladigan 4 million 312 ming 99 kvadrat kilometrni tashkil qiladi. O‘tgan yillar davomida Shengen hududiga 30 ta davlat kirgan bo‘lib, amalda 26 ta davlatda chegara nazorati bekor qilingan. Bu Yevropada hujjatsiz yursa bo‘ladi, degani emas. Har bir mamlakatda bojxonachilar, politsiya xodimlari va chegarachilar sizdan shaxsingizni tasdiqlovchi va mazkur mamlakatda yurish uchun ruxsat beruvchi hujjat talab qilishlari mumkin.

Buyuk Britaniya va Irlandiya Shengen Bitimini imzolagan bo‘lishiga qaramay, pasport nazoratini kuchda qoldirgan. Shu sababli ham bu ikki mamlakatga boruvchilar albatta viza olishlari kerak bo‘ladi. Hozircha Yevropadagi Bolgariya, Ruminiya va Kipr Shengen hududiga kirmaydi. Ayni damda hududga Bolgariya va Ruminiya kirishga harakat qilmoqda. Biroq, bu ikki mamlakatning Shengen hududiga kirishiga Fransiya, Niderlandiya va Germaniya qarshilik ko‘rsatmoqda. 

Tahlilchilar hozircha Bolgariya va Ruminiyaning Shengen hududiga kirish yo‘lida biror-bir siljishlar ko‘zga tashlanmayotganini aytishmoqda. Bunga bu davlatlarning korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib bormayotgani sabab sifatida ko‘rilmoqda. Shimoliy Kipr bilan bog‘liq muammo tufayli Kiprning Shengen hududiga kirishi noma’lum muddatlarga kechiktirildi. 2013-yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan Xorvatiya Shengen hududiga 2015-yilning 1-iyul kuni qabul qilindi.

Bolgariya, Ruminiya, Xorvatiya va Kipr o‘rtasida “Mini-Shengen” bitimi amal qiladi. Ya’ni, bu mamlakatlardan biriga viza olsangiz bo‘ldi, qolgan uch davlatga bemalol borish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

Shengen hududiga Yevropa Ittifoqining a’zosi bo‘lmagan Islandiya, Norvegiya, Shveysariya va Lixtenshteyn, shuningdek, Yevropadagi uchta mini-davlat – Monako, San-Marino va Vatikan ham a’zo bo‘lib kirgan. Andorra bilan ham ichki chegara nazorati yo‘q. Shengen qoidasiga ko‘ra, a’zo mamlakatlar chegaralarida nazorat bekor qilingan.

Shengen bitimiga a’zo har bir davlat ma’lum vaqt, ya’ni milliy xavfsizligiga tahdid tug‘ilgudek bo‘lsa, undan chiqib turishi mumkin. Ayrim hollarda, ya’ni davlat va hukumat rahbarlarining sammitlari va sport musobaqalari davridagina Shengen hududiga a’zo mamlakatlar chegaralarida ma’lum muddat chegara nazorati o‘rnatilishi mumkin.

Shuni ta’kidlash kerakki, Shengen hududiga kirmoqchi bo‘lgan davlatlar to‘rtta yo‘nalishda sinovdan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Ya’ni, havo chegaralari, viza, ichki ishlar vazirliklarining hamkorligi va ma’lumotlarni muhofaza qilish masalalari Yevropa Ittifoqining maxsus ekspertlari tomonidan diqqat bilan o‘rganib chiqiladi.

Shengen Bitimiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar chegaralarida bojxona va viza to‘siqlari olib tashlanadi. Shengen bitimiga kirgan mamlakatlardan biriga viza olgan xorijlik bu mamlakatlarning xohlaganida erkin harakatlanishi mumkin.

Shengen bitimi Fransiya va Niderlandiyaning xorijdagi hududlariga taalluqli emas. Daniya qirolligi tarkibiga kiruvchi Grenlandiya va Farer orollarida ham Shengen Bitimi amal qilmaydi. Bu hududlarga borish uchun maxsus ruxsatnoma olishga to‘g‘ri keladi. Norvegiyaning tarkibiy qismi bo‘lmish xalqaro maqomdagi Shpisbergen arxipelagiga borish uchun ham birgina Shengen bitimi yetarli emas. Ispaniyaning Afrika qit’asida joylashgan Seuta va Melilya shaharlariga Shengen vizasi bilan borish mumkin, ammo qaytishda albatta politsiya nazoratidan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Gretsiya tarkibidagi Muqaddas Afon tepaligida ham Shengen bitimi amal qilmaydi. Ming yildan beri davom etib kelayotgan an’anaga ko‘ra, Monaxlar respublikasi bo‘lmish bu yerga faqat erkaklargina borishi mumkin. Buning uchun Afon rasmiylaridan maxsus viza olishlari kerak bo‘ladi. Bu viza uch kunga beriladi.

Shengen bitimining afzaligi shundaki, Yevropadagi biror bir mamlakatning qaysidir mamlakatda elchixonasi bo‘lmasa, bundan fojia yasash kerak bo‘lmaydi. Shengen bitimiga a’zo mamlakat elchixonalaridan birortasi siz bormoqchi bo‘lgan mamlakat manfaatlarini bajarib turadi. 

Masalan, o‘zbekistonliklar Belgiyaga bormoqchi bo‘lsalar, u holda Fransiyaning Toshkentdagi elchixonasi (konsulxonasi) ga murojaat qilishlari kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 10 million 500 ming kvadrat kilometrni tashkil qiluvchi Yevropada 48 ta davlat mavjud bo‘lib, 830 million aholi istiqomat qiladi. Asrlar davomida bo‘lib o‘tgan urushlar, talon-torojliklar oqibatida “ko‘hna qit’a”ning xaritasi bir necha bor o‘zgardi. Bu qit’ada goh sivilizatsiya va madaniyatlar paydo bo‘ldi, goh vayron bo‘ldi. Bugungi kunda Shimolda Shimoliy muz okeani bilan, Sharqda Ural tog‘lari bilan, Janubda Bosfor bo‘g‘ozi orqali O‘rta Yer va Marmar dengizi, Afrika bilan, G‘arbda Atlantika okeani bilan chegaradosh Yevropa hamon sayyoramizning markaziy o‘rinlaridan birini egallab kelmoqda.

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA
3 350