O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

SHEʼRIY EʼTIROF: Fidoyi jonlar

SHEʼRIY EʼTIROF: Fidoyi jonlar

Xalqimiz salomatligi yoʻlida 16-martdan buyon uyiga bormay, tunlarni tongga ulayotgan, fidoyi, aziz shifokorlarga sharafnoma

Bu hayot hamisha imtihon, sinov,

Goh quyosh charaqlar, gohi doʻl, qirov.

Nogoh gʻussa kelsa, nogoh bossa yov,

Hamisha topilgay mardi maydonlar,

Elga joni fido, chin qahramonlar!

Yogʻiy dushman doim tigʻ bilan kelmas,

Ochiq urush bilan, tugʻ bilan kelmas,

Baʼzan balo, ofat jonga qilar qasd.

Shunday chogʻ koʻksini qilib qalqonlar,

Maydonga chiqadi chin qahramonlar!

Azal shunday boʻlgan, shundaydir hamon,

Ezgulik yoʻlida fido aylab jon,

Har biri askardir, Vatanga posbon,

Omon boʻlsin, ular – mardi maydonlar,

El dardiga darmon, chin mehribonlar!

Sarhadlardan quvib oʻlat vaboni,

Mingta dardga topib ming bir davoni,

Ruhin shod etgaylar Ibn Sinoni,

Tabarruk insonlar, chin fidokorlar,

Sizga tahsin, olqish, ey shifokorlar.

Kim hakim degaydir, kim atar tabib,

Barchangiz el aro suyukli, habib,

Tunni tongga ulab, bedor oʻtkarib,

Baxsh etgan bemorga malhami jonlar,

Omon boʻling, aziz, shafiq insonlar!

Xalol rizq tutgaydir kasbi koringiz,

Elning baxti asli Sizning boringiz,

Olamni qutqarmoq chin shioringiz,

Tabarruk insonlar, chin fidokorlar,

Sizga tahsin, olqish, ey shifokorlar!

Bilamiz, ayondir jangning poyoni,

Mardlar xalos qilgay dardmand dunyoni,

Ziyodan yorishgay yurtning osmoni,

Shubhasiz bu jangda gʻolib shunqorlar

Safining sarboni – Siz shifokorlar!

El aro tinchlikdir ezgu gʻoyamiz,

Shavkatli shu Vatan tayanch qoyamiz,

Siz bilan mustahkam bor himoyamiz,

Tabarruk insonlar, chin fidokorlar,

Sizga tahsin, olqish, ey shifokorlar!

Muhiddin OMON,
Shoir.

4 321
OʻzA