O‘zA O`zbek

15.05.2019 20:44 Chop etish versiyasi

Shayxontohur tumanida aholini qiynayotgan muammolar oʻrganildi

Shayxontohur tumanida aholini qiynayotgan muammolar oʻrganildi

Respublika ishchi guruhi hududlardagi haqiqiy ahvol, aholi turmush sharoitini bilish, uy-joy, kommunal xizmat koʻrsatish va yoʻl xoʻjaligi, energiya, suv taʼminoti, hududlarni obodonlashtirish, ijtimoiy turmush tarzidagi mavjud muammolarni aniqlash hamda hal etish boʻyicha poytaxtimiz tumanlarida oʻrganish oʻtkazayapti.

Navbatdagi manzil – Shayxontohur tumanidagi ahvol tanqidiy oʻrganildi.

Shodlik mahallasidagi 15-koʻp qavatli uyning yertoʻlasi koʻzdan kechirilganda, quvurlar yangisiga almashtirilgani, lekin aholining eʼtiborsizligi tufayli yertoʻlani suv bosgani, chiqindilar koʻpayib ketgani ayon boʻldi. 2-koʻp qavatli uyning yertoʻlasidagi oʻttiz yillik quvurlar foydalanishga yaroqsiz boʻlib qolgan. Aholi tashabbusi bilan binoning tom qismi qayta yopilgan.

Ishchi guruh vakillari mazkur holat yuzasidan fuqarolar bilan suhbatlashdi. Muammolarni bartaraf etish boʻyicha mutasaddi tashkilotlar vakillariga topshiriq berildi.

588-maktabgacha taʼlim muassasasi atrofdagi bino-inshootlarga qaraganda ancha pastlikda joylashgani tufayli yomgʻir yogʻib, qor eriganda suv toʻplanib qolar ekan. Oqova suv chiqib ketadigan latok va quvurlar ichi toʻlib qolgan.

photo5395719607140067879.jpg

– Bu masala yuzasidan bir necha bor tumandagi tegishli tashkilotlarga murojaat qilganmiz, – deydi MTM mudirasi Saodat Toʻraxonova. – 2018 yili bahorda boʻlgan kuchli yomgʻir oqibatida muassasamiz atrofida 50 santimetrgacha suv toʻplangan. Oqibatda binolarimizning ichki va tashqi qismiga jiddiy zarar yetdi.

Mazkur maktabgacha taʼlim muassasasi atrofini oʻrab turgan temir toʻsiqlar ham eskirgan. Ishchi guruh MTMdagi muammolarni ijobiy hal qilishga kirishdi.

“Yangi jarariq” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Sobitjon Saidkamolovlar oilasining ijtimoiy holati oʻrganildi. Oilada 3 nafar nogiron fuqaro yashamoqda. Shu kunga qadar mahalla faollari ushbu oila holidan xabar olib turgan boʻlsa-da, dori-darmon va boshqa zarur ehtiyojlar deganday, oila soʻnggi paytlarda moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan. Ishchi guruh vakillari Saidkamolovlar oilasidagi nogiron insonlarga muntazam tibbiy yordam koʻrsatish zarurligini inobatga oldi.

Mazkur MFYning 30 yildan buyon idora binosi yoʻq. Ular haligacha qoʻshni mahallada joylashgan umumtaʼlim maktabidagi bir xonada faoliyat olib bormoqda. Aholi tomonidan shu masala boʻyicha tuman hokimligiga bir necha bor murojaatlar qilingan.

photo5395681347571395358.jpg

– Mahalla raisi hamisha hududda boʻlayotgan voqea va jarayonlardan xabardor boʻlishi, zarur chora-tadbirlarni bajarishi kerak, – deydi “Yangi jarariq” MFY raisi Shohida Yusupova. – Biroq bunday imkoniyat bizda yoʻq. Mahallada biror holat sodir boʻlsa, biz yetib kelgunimizcha 20-30 daqiqa vaqt oʻtadi. Ayniqsa, keksalar pensiyasini olishi uchun shuncha vaqt sarflab qoʻshni mahallaga borib keladi. Bu aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.

Aholining yelib-yugurishi natijasida mahalla idorasi uchun yer maydoni ajratilgan edi. Lekin qurilish ishlari uchun tegishli qaror qabul qilinmagan. Ishchi guruh oʻrganishlari davomida mahalla idorasi uchun ajratilgan yer maydoni koʻzdan kechirildi. Masalani hal etish choralari koʻriladi.

“Jarariq” mahala fuqarolar yigʻinidan oʻtgan, shu kunga qadar aholi tomonidan atrofi oʻzboshimchalik bilan oʻzlashtirilgan jarlikdagi manzara ham ayanchli edi. Ushbu joyga avvallari oqova suv tushib turgan. Ammo oxirgi paytlarda atrofga qurilgan noqonuniy qurilishlar tufayli jarlikning tabiiy yoʻli yopilib, oqar suv ketish joylari bekilib qolgan. Masalan, ushbu mahallada yashovchi Sobit Hasanovning xovlisi ham jarlik yonida joylashgan.

Kuz-qish paytlari jarlikka ortiqcha suv toʻplanishi tufayli hovli devorlari choʻkib, yorilib ketgan. Shunday paytlarda suvda toʻplangan chiqindidan esa badboʻy hid atrofga tarqalar ekan. Bu masala ham mahalla aholisi oʻrtasida koʻplab muhokamalarga sabab boʻlib, bir necha yillardan buyon oʻz yechimini topmay kelmoqda.

photo5395719607140067880.jpg

“Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi aholi xonadonlari, eski va avariya holatidagi turar joylar oʻrganildi. Kamolon 2-berk koʻchasi 57-xonadonda istiqomat qiluvchi Gennadiy Rebchenkoning kichkina hovlisi avariya holatida. Kanalizatsiya tizimiga ulanmagan uyidan turli hasharotlar chiqib turish holati ham uchraydi. Oʻtgan asrning 50-yillarida qurilgan uyning devorlari yorilgan, hojatxona va yuvinish xonalari sanitariya-gigiyena talablariga mutlaqo javob bermaydi. Uy egasining soʻzlariga koʻra, bu ahvolni oʻtgan yili ham mutasaddi tashkilotlar oʻrgangan. Ammo haligacha eski uylar buzilishi yoki buzilmasligi haqida maʼlumot yoʻq.

Shu koʻchaning 47-xonadonida 1928 yilda tugʻilgan mehnat faxriysi Anastasiya Voronsova yolgʻiz oʻzi istiqomat qiladi. U yashayotgan uy ham avariya holatida. Turli oʻt-oʻlanlar odam boʻyi oʻsib turibdi. Momoning aytishicha, oilaviy poliklinika sogʻligʻini nazorat qilmoqda, tuman hokimiyatidan yaqin bir yil ichida hech kim kelib, xabar olmagan. Yaxshiki, qoʻshnisi bor ekan, holidan xabar olib turibdi. Hovli olma, qoʻshni ol, deb shuni aytishsa kerakda.

53-xonadonda yashovchi Maʼmur Mirhamidov necha yildirki uy hujjatlarini rasmiylashtirish masalasida muammolarga duch kelmoqda. Uy hujjatlarini rasmiylashtirish yuzasidan Yagona darchaga murojaat qilgan. Ammo rad javobi kelgan. Hovli jarlikka yaqin joylashgani tufayli jarlik tobora uyni tortib ketayapti. Kanalizatsiya muammosi sabab ishlatilgan oqova suvlar jarlikka quyilib, uni kengaytirib yubormoqda. Hovlining devorlari yorilib, jarlikka qarab ogʻishni boshlagan. Bu yashash uchun juda xavfli.

– Har yili turli idoralardan kelishadi. Uylar eskirgan, yashash uchun yaroqsiz, tez orada buziladi, deb ketishadi. Ammo haligacha hech qanday oʻzgarish boʻlmadi, – deydi fuqaro Maʼmura Dadaboyeva. – Koʻchamiz torligi bois mashina kirolmaydi. Xudo koʻrsatmasin, yongʻin boʻlsa, yoki biror hodisa yuz bersa qayerga boramiz. Kanalizatsiya yoʻqligi sababli oqova suvlar toʻgʻri jarlikka quyiladi. Jarlik kengayib bormoqda. Unga tutash uylar avariya holatida. Bu masalalarni bartaraf etishsa yaxshi boʻlardi.

Darhaqiqat, koʻchalar tor, maxsus avtotransport vositalari harakatlana olmaydi. Koʻcha oxirigacha mashinada borishning imkoni yoʻq. Ustiga ustak, koʻchaga kirish uchun Kamolon qabristoni hududidan oʻtib kelishingiz kerak. Agar qabristonga mayit olib kelinsa uylariga qaytayotgan fuqarolar marosim tugashini kutishi kerak boʻladi. Bu hol deyarli har kuni takrorlanadi. Inson hayotida yaxshi-yomon kunlar boʻladi. Aytaylik bir xonadonda toʻy boʻlsa, kuyov navkarning qabriston ichidan kirib kelishini tasavvur qilavering.

Bu masala hal etiladigan boʻldi. Qabristonga yaqin joylashgan xonadon buzilib, yoʻl oʻtkazish taklifi bildirildi. Bu yoʻl koʻchani katta yoʻlga bogʻlaydi. Xonadon egasiga boshqa joydan uy berilishi aytildi. Shuningdek, qabriston atrofi devor bilan oʻraladi.

Yangiobod mahallasi Gʻ.Rahimov koʻchasi 21-uyda toʻrt aka-uka yashaydi. Fuqaro Bahodir Raupov ulardan biri. Bahodir aka va uning turmush oʻrtogʻi Fotima Raupova 3-guruh nogironi boʻlib, ularning 13 yoshli yolgʻiz farzandi 1-guruh nogironi. Ular bir xonali uyda istiqomat kiladi. Yuvinish va hojatxonasi umuman talabga javob bermaydi. Fuqaro uy masalasida mutasaddi idoralarga murojaat qilgan...

Ishchi guruh vakillari bu masalada fuqaroga kerakli yordam koʻrsatilishini maʼlum qildi.

Keyingi manzil 34-umumtaʼlim maktabi boʻldi. Taʼlim dargohida 1894 oʻquvchi tahsil olmoqda. Maktabning umumiy holati yaxshi, ammo yozgi sport maydoni talabga javob bermaydi. Yugurish maydoni toshlar bilan toʻlgan va maktab oʻquvchilari uchun hech qanday sharoit yaratilmagan. Maydon qishda loy, yozda chang-toʻzon boʻladi. Maktab direktori Gulnora Hamidovaning aytishicha, katta mablagʻ talab etgani bois, bu muammo qolib ketmoqda.

Ishchi guruh aʼzolari “Olim Xoʻjayev” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 15-uyni ham borib koʻrdi. 1957 yilda bunyod etilgan uy bir necha yil oldin tramvay deposi xodimlari yotoqxonasi boʻlgan. Ayni damda uy eskirgan. Avariya holatida, fundamenti yedirilib, devorlari yorilgan. Yashash uchun yaroqsiz. Ichkariga kirdik. Ahvol undan battar. Yuvinish xonasi, hojatxona aytgulik emas. Isitish tizimi yoʻq. Devorlari nuragan, ayanchli holatda. Oshxonasidagi vaziyat juda ogʻir. Uyda 23 xonadon mavjud. Bu 23 oila shunday ayanchli sharoitda yashab kelmoqda, degani. Ularning aytishicha, podvalda suv toshadimi, uydan chakka oʻtadimi, shirkatdagilar umuman xabar olmaydi. Xoʻsh, bu oilalar shu ahvolda yashayveradimi?

Respublika ishchi guruhi vakillari tez fursatda bu muammoga ijobiy yechim topib, vaziyatni oʻnglash haqida aytdi.

“Mannon Uygʻur” mahalla fuqarolar yigʻini Uygʻur koʻchasi 392-xonadonda 4 oila – 28 kishi yashaydi. Ular uy-joyga muhtoj. Yordam koʻrsatilmagan. Bundan tashqari, uyni qabriston bilan devor ajratib turadi xolos. Juda yaqin joylashgani uchun chayon, ilon va boshqa hashoratlar koʻp chiqadi.


Ulugʻbek koʻchasidagi 133a va 145b uylarda kushxonalar yashirin tarzda faoliyat olib borayapti. Ulardan tarqagan qoʻlansa hiddan atrofdagi qoʻshnilar norozi. Suzukota mahallasidagi masjid orqasidan oʻtgan kanal ifloslangan. Aholining uylari kanalga juda yaqin qurib tashlangan. Kanal atrofidagi simyogʻochlar eskirib, xavfli holatga kelgan. Zangiota mahallasidan oqib oʻtgan kanal va uning ustidagi koʻprik holati ham ayanchli. Qarovsiz qolgan.

Respublika ishchi guruhi poytaxtimiz tumanlaridagi ahvolni oʻrganishda davom etmoqda.

Abdulaziz MUSAYEV, Nurillo NASRIYEV, Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA
648