O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Shayx Mustafo Kamol: Ulug‘ qadamjolarga kelganimdan mamnunman

Shayx Mustafo Kamol: Ulug‘ qadamjolarga kelganimdan mamnunman

Yurtimizda islom olamida mashhur allomalar mangu qo‘nim topgan muborak maskanlar talaygina. Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Qovchin qishlog‘ida joylashgan Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi ham ana shunday muborak qadamjolardan sanaladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qayta chiroy ochgan ushbu ziyoratgoh bugun nafaqat mahalliy balki xorijlik ziyoratchilar bilan gavjum. Toshkentda o‘tkazilayotgan “Naqshbandi Tourism Festival – 2019” tadbiri ishtirokchilari jumladan, Arabiston, Suriya, Eron kabi 15 dan ziyod davlatdan kelgan 200 nafarga yaqin ziyoratchilar mazkur qadamjoga tashrif buyurdi.

2.jpg

– Alloh taologa va uning payg‘ambariga hamdu sanolar bo‘lsinki, O‘zbekiston hukumati tomonidan aziz avliyolar qo‘nim topgan maskanlarni ulug‘ qadamjoga aylantirish, ta’mirlash va tiklash ishlariga alohida e’tibor qaratilganidan bag‘oyatda minnatdormiz, –deydi Shayx Muhammad Rajab Damashqiy (Suriya). – O‘tgan yili ham O‘zbekistonda bo‘lganman. Bir yil mobaynida ko‘p o‘zgarishlar bo‘lgani yaqqol sezilib turibdi. Biz bungacha Buxoro va Samarqand shaharlarida bo‘ldik va ziyoratgohlarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning guvohi bo‘ldik. Mana shunday binolar va ziyoratgohlarni qayta qurishga ahamiyat berilayotgani, islom dini tarixi va buguniga munosabat, hurmat oshib borayotganidan dalolatdir.

5.jpg

Ta’kidlash lozimki, Davlatimiz rahbarining 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Abu Muin Nasafiy maqbarasini obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, bu maskanda kutubxona tashkil etish, buyuk olim asarlarini xalqimizga yetkazish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi. Shunga muvofiq majmuada keng ko‘lamli qurilish ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Qisqa muddatda ziyoratgoh ko‘rkam go‘shaga aylandi. Ayni paytda qurilish ishlari yakuniy pallaga kirgan.


8.jpg
– Festival bahonasida bu diyorga, mana shunday ulug‘ qadamjolarga kelganimdan mamnunman, – deydi Shayx Mustafo Kamol (Pokiston). – Buning uchun tashkilotchilarga rahmat. Shuni ta’kidlashimiz kerakki, qadimdan bu o‘lka, ayniqsa, Nasaf shahri ko‘plab ulamolarni yetkazib bergan go‘sha hisoblanadi. Butun islom olamida bu yerga, ustoz Abu Muin Nasafiyning oldilariga ko‘plab talabalar kelar edi. Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhdan keyingi Moturidiya aqidasida dinga xizmat qilgan eng katta ulamolardan hisoblanadi. Abu Muin Nasafiy hazratlari va u zotning “Tavsiratil adilla” nomli kitoblari Imom Motrudiyning “Kitobi Tavhid” asaridan keyingi ikkinchi, eng mo‘tabar kitoblardan hisoblanadi. Biz avval ham bu yerga safar qilganmiz. Bizni hayratga solgan narsa bu yerdagi o‘zgarishlar. Avvalgi safarimizdan hozirgi safarimizning sharoitlari, ayniqsa, ziyoratgoh hamda hazratning qabri atrofidagi o‘zgarishlar tahsinga loyiq. Bu xalqni, hukumatni o‘z tarixiga, e’tiqodiga buyuk ehtiromini ko‘rsatadi. 


12.jpg
“Naqshbandi Tourism Festival – 2019” xalqaro tadbiri yurtimizda ziyorat turizmining rivojiga xizmat qiladi. Kelgusida bu yo‘nalishda xalqaro ziyoratchilar oqimining yanada ko‘proq jalb qilinishida o‘zining salmoqli hissasini qo‘shadi.

348
O‘.BAROTOV, J.NORQOBILOV (surat), O‘zA