O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

Shayx Ahmad Tayyibning orzusi ushaldi

Shayx Ahmad Tayyibning orzusi ushaldi

Avval xabar qilganimizdek, Samarqandda oʻtayotgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etayotgan Misrning Al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Tayyib Imom Moturidiy, Imom Buxoriy yodgorlik majmualarini ziyorat qildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Shayx Ahmad Toyyib Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari tahsinga loyiq ekanini taʼkidladi.

- Ulugʻ allomalar yurti hisoblanmish Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlari abadiy qoʻnim topgan maskanda bunyod etilgan ilmiy markaz xalqaro talablarga toʻliq javob beradi. Keyingi yillarda Misr bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik mustahkamlanib, ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishdagi kelishuvlarimiz oʻz samarasini bermoqda. Eng muhimi, tomonlar bu hamkorlikni yana-da kengaytirishga intilmoqda, – dedi Al-Azhar majmuasi rahbari.

Shayx Ahmad Tayyibning faxriy mehmonlar kitobiga yozgan quyidagi fikrlari ham eʼtiborga molik:

“Alloh taologa hamdu sanolar boʻlsinki, men hayotimdagi eng katta orzularimdan biri boʻlmish Imom Buxoriy hazratlari qabrini ziyorat qilish va uning nomi bilan ataluvchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yaqindan tanishishga muyassar boʻldim.

Men Oʻzbekistonga ushbu ulugʻ zotning ilmiy merosi, shaxsiyatini oʻrganishga, shuningdek, bu muqaddas zamindan yetishib chiqqan ahli ilmni, barcha musulmonlarning imomlari hayoti va ilmiy merosini oʻrganishga boʻlgan katta eʼtibori uchun tashakkur bildiraman. Oʻzbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlari tahsinga sazovor.

Umid qilamanki, ilmiy merosga yuksak ehtirom hamda ushbu merosni oʻrganish, uning nufuz va salobatini, arab va islom olamiga taʼsir koʻrsatadigan adashgan falsafalarga qarshi turadigan ravnaqini qayta tiklash yoʻlida bor imkoniyatlarni safarbar etishda Oʻzbekiston boshqa musulmon davlatlariga namuna boʻladi”.

1 632
Gʻ.HASANOV, A.ISROILOV (surat), OʻzA