O‘zA O`zbek

16.08.2018 18:58 Chop etish versiyasi

“Shashmaqom“da Buxoro ohanglari

“Shashmaqom“da Buxoro ohanglari “Shashmaqom“ xalqimizning falsafiy tafakkurini, o‘zligi va qalbini ifoda etadigan benazir madaniy meros hisoblanadi. U jahon musiqiy madaniyatining uzviy qismidir.

“Shashmaqom“siz jahon musiqa xazinasi kemtik bo‘lib qolardi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning YUNЕSKO jahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatidan o‘rin olgani ham bejiz emas.

Mamlakatimizda ushbu san’atni asrab-avaylash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “O‘zbek maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Ushbu hujjatga asosan, respublika maqom san’atini rivojlantirish markazi, viloyatlarda, jumladan, Buxoroda maqom jamoasi tashkil etildi.

– Bizda maqom ansambli boshqa ijodiy jamoa tarkibida faoliyat yuritar, ammo uning shtatlar jadvali cheklangan edi, – deydi Buxoro maqom jamoasi rahbari Obid Temirov. – Umuman, muammolar yetarlicha bo‘lgan. Prezidentimizning sohaga oid qaroriga muvofiq, viloyat madaniyat boshqarmasi huzurida maqom jamoasi tashkil etilgani bu boradagi nomuvofiqlikni bartaraf etdi. Masalan, unga alohida bino ajratildi. Respublika maqom markazi tomonidan esa barcha zarur milliy cholg‘u asboblari yetkazib berildi. Ilgari maqomchilar guruhi 15 kishidan iborat bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ular soni ikki barobar ko‘paydi. “Shashmaqom” san’atining mohir ijrochilari Rahmatulla Inoyatov, Eshpo‘lat Ortiqov, Tolib Temirov, To‘ymurod Qodirov, Fazliddin Gulov safiga ularning Buxoro san’at kollejidagi o‘quvchilari, ya’ni iste’dodli shogirdlari ham qo‘shildi.

Bugun maqom jamoasi rahbariyati ushbu noyob san’atga mehr qo‘ygan yigit-qizlar orasidan yorqin iste’dod sohiblarini kashf etish maqsadida Buxoroda san’at va madaniyat kollejlari o‘quvchilari, tuman va shaharlardagi bolalar musiqa va san’at maktablari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida xonandalik mahorati bo‘yicha ko‘rik-tanlovlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Prezidentimiz qarorida maqom jamoalari 2023 yilga qadar soliqning barcha turlaridan ozod qilindi. Bu ularning moliyaviy imkoniyatlarini mustahkamlashga, ijodiy izlanishlarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbek maqomchiligining har bir hududda umumiy va ayni paytda o‘ziga xos yo‘llari mavjud. Buxoro “Shashmaqom“i ular orasida ohangi, o‘ynoqiligi, avji va dillarni larzaga keltiradigan nolasi bilan ajralib turadi. Vohada ulug‘ maqomchi ustozlar yo‘lini davom ettirgan Halim Ibodov, Levicha hofiz Boboxonov, Fazliddin Shahobov va boshqa xonandalar yetishib chiqqan. Ularning poytaxtda yashab ijod qilayotgan bugungi izdoshlari – O‘zbekiston xalq hofizi Sohibjon Niyozov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Turdiyeva, “Nihol” mukofoti sovrindori Ilyos Arabov, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Mohichehra Shomurodova, shuningdek, Gulzoda Xudoynazarova va boshqalar maqom qo‘shiqchiligida o‘z o‘rinlarini topishdi.

Bugun san’atkorlar oldida “Shashmaqom“ning benazir yo‘l va ijro usullarini yanada chuqur o‘rganish hamda rivojlantirishdek qiyin, ayni paytda sharafli vazifa turibdi. Yangi tashkil etilgan Buxoro maqom jamoasi bu borada o‘z zimmasidagi katta mas’uliyatni chuqur his etadi.

San’atkorlar “Shashmaqom” namuna (sho‘ba)lari, jumladan, cholg‘u yo‘lidagi “Sayqal” kabi musiqalar va ashula (nasr) yo‘lidagi “Sarahbori dugoh“ singari o‘nlab asarlar ustida ish olib borayotir. Ta’kidlash joiz, “Sarahbori dugoh”ning azaldan sakkiz taronasi mavjud bo‘lsa-da, yanglish tushuncha va talqinlar sabab necha o‘n yillardan buyon ularning oltitasi ijro etib kelingan. Buxorolik maqomchilar hozirda Germaniyada yashab, Yevropada “Shashmaqom”ni keng targ‘ib etayotgan yurtdoshimiz, bastakor va sozanda Ari Boboxonov taqdim qilgan asl nota asosida asarga nisbatan adolatli haqiqatni tiklashdi. Mana endi “Sarahbori dugoh” ilk bor to‘liqligicha shinavandalar e’tiboriga havola qilinadi. Ayni shu dastur bilan jamoa joriy yil 6-10 sentyabr kunlari Shahrisabz shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro maqom san’ati anjumanida qatnashadi. Umuman, ushbu anjuman Buxoro maqom jamoasi uchun o‘ziga xos ilk va katta ijodiy taqdimot vazifasini ham o‘taydi.

– Bir necha yildan buyon Buxoro viloyati “Shashmaqom” va nomoddiy madaniy merosni o‘rganish ilmiy-amaliy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi ushbu nodavlat notijorat tashkiloti markazi rahbari, Buxoro san’at kolleji direktori Doniyor Ne’matov. – Biz tuman va shaharlarda maqom san’atini targ‘ib qilib kelyapmiz. Tavsiyalarimiz asosida Peshku, Qorako‘l, G‘ijduvon va Buxoro tumanlari madaniyat bo‘limlari qoshida maqom ansambllari tuzildi. O‘tgan yili maqom yo‘nalishini rivojlantirishga qaratilgan biznes loyihamiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grantiga sazovor bo‘ldi.

Ushbu markaz yangi tashkil etilgan viloyat maqom jamoasi bilan ham hamkorlik qilib, zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda kamarbasta bo‘lmoqda.

Erkin Yodgorov, O‘zA
2 532