O‘zA O`zbek

16.08.2018 12:07 Chop etish versiyasi

Sharsharalar haqida nimalarni bilamiz?

Sharsharalar haqida nimalarni bilamiz?

Tabiat go‘zalliklaridan biri bu sharsharalardir. Ma’lumki, dunyoda bir xil sharsharalar bo‘lmaydi. Hammasi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Sayyoramizda shunday sharsharalar borki, ularni ko‘rib, tabiat tuhfasidan hayratga tushmaslikning iloji ham, imkoni ham yo‘q.

Buyuk Britaniyaning Yorkshir grafligida Ona Shipton g‘ori mavjud. Afsonalarga ko‘ra, aynan shu yerda 1488 yili yo‘lboshlovchi sifatida ko‘riladigan Ursula Sauteyl tug‘ilgan. Ma’lumki, u ko‘proq Ona Shipton nomi bilan mashhur edi. Mahalliy aholi Ursulani iblisning qizi sifatida ko‘rishardi. G‘or yaqinidagi sharshara esa afsunlangani aytiladi. Sharsharaning minerallarga boy suviga tekkan har qanday buyum bir zumda toshga aylanadi. Avvallari odamlar suvga yaqinlashishga qo‘rqishardi. Ayni damda sharshara daromad manbaiga aylangan. Suvga botirilgan buyumlar toshga aylangani bois, suvenir sifatida sayyohlarga sotiladi. Agar odamlar ham sharshara suvida ko‘proq turib qolsa, ular ham toshga aylanib qoladi.

Sharsharalar nafaqat suvli, balki toshli ham bo‘ladi. Meksikaning Oaxaka shtatida Ierve-el-Agua sharsharasi bor. Ispan tilida bu so‘z “qaynayotgan suv” degan ma’noni anglatadi. Bu sharshara tog‘ jismlarining suv olib kelishi natijasida paydo bo‘lgan.

Sharshara suvi aslida yuqoridan pastga oqadi. Ammo buning teskarisi ham bo‘lar ekan. Bundan bir necha yil avval Buyuk Britaniyaning Derbishir grafligida tabiatning noyob hodisasi kuzatildi. Kuchli shamol suvni pastdan yuqoriga ko‘tardi. Bu hodisa Kinder daryosi sohillarida sayr qilib yurgan Rod Kirkpatrik tomonidan videotasmaga muhrlandi.

Mavrikiy orolining janubiy-g‘arbiy sohillarida suvosti sharsharasi bor. To‘g‘ri, buni sharshara, deb bo‘lmaydi, balki tabiatning noyob ko‘rinishi deb atash kerak. Hind okeanidagi Le-Morn-Braban yarim orolidagi mazkur ko‘rinish aldov bo‘lib, xuddi suvosti sharsharasini eslatadi.

Kaliforniyaning Yosemiti milliy bog‘ida ham noyob ko‘rinishga ega sharshara bor. Fevral oylarida suv oqimi vulqondan otilib chiqayotgan olovni eslatadi. Shu sababli ham mazkur sharshara olovli, deb ataladi. Aslida quyosh botayotgan paytda nurlar suv oqimlarini yorqin olovli rangda namoyish qiladi.

Muzlab qolgan sharsharalar ham katta qiziqish uyg‘otadi. Masalan, Shvetsiya va Norvegiya har yili qish faslida Qor malikasi saroyiga aylanadi. Bu mamlakatlarda sharsharalarning muzlab qolishi o‘zgacha go‘zallik baxsh etadi.

Islandiyadagi Litlanesfoss sharsharasi ta’rifiga so‘z yo‘q. Go‘yoki bu sharshara o‘zga sayyoraliklar tomonidan bunyod etilgandek tuyuladi. Ammo bu sharshara tabiatdagi turli kuchlar – suv, shamol va quyosh nurining o‘zaro ta’siri natijasida paydo bo‘lgan.

Germaniyadagi Triberg sharsharasi haqida ham ko‘p gapirish mumkin. Bu sharshara Shvarsvald o‘rmonida joylashgan. 163 metr balandlikdan tushayotgan suvni ko‘rish uchun bir nechta tomosha maydonchalari bunyod etilgan.

Estoniyadagi Yagala sharsharasini Boltiqbo‘yidagi Niagara sharsharasi, deb atashadi. Yana bir Valaste sharsharasi esa Estoniya Fanlar akademiyasi tomonidan tabiat merosi va mamlakat milliy ramzi sifatida e’lon qilingan. Yilning sovuq kunlarida 30 metrlik bu sharshara qish ertagini eslatadi.

Alp tog‘idagi ko‘plab sharsharalar esa qish faslida butun jahondan keladigan muzlarni zabt etuvchilar markaziga aylanadi.

Har yili qish oylarida AQSHning Minnesote shtatidagi Minnexaxa sharsharasi 16 metrlik billur devor ko‘rinishini oladi.

Qish faslida butun dunyodan keladigan alpinistlar Amerikaning Veyl tog‘-chang‘i kurortidagi muzga aylangan Klik sharsharasi go‘zalligidan bahramand bo‘ladilar. Odamlar 50 metrlik muz tog‘iga chiqish chog‘ida yiqilib, jarohat olishlariga qaramay muz cho‘qqisini zabt etish niyatidan qaytishmaydi.

Xitoydagi Dyaoshuyloupubu sharsharasining suvlari Szinbo ko‘liga borib quyiladi. Mahalliy Niagara deb ataluvchi mazkur sharshara ham qishda muzlaydi.

Sh. To‘laganov, O‘zA
2 778