O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Sharq gavhari – Samarqand. Xalqaro seminar ishtirokchilari Samarqandga tashrif buyurdi

Sharq gavhari – Samarqand. Xalqaro seminar ishtirokchilari Samarqandga tashrif buyurdi

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining Toshkentda oʻtgan 6-seminari ishtirokchilari 8-oktyabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

Mehmonlar Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Amir Temur maqbarasini ziyorat qildilar. Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi va Registon ansambli bilan tanishdilar.

– Oʻzbekistonda muqaddas ziyoratgohlar, masjidlarni obod etish, Toshkentdagi “Usmon musʼhafi” yoki Samarqanddagi “Sahihi Buxoriy” kabi nodir qoʻlyozmalarni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor, – deydi IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi aʼzosi, Senegal vakili Cheikh Tidiane Thiam. – Bu ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratilayotganidan dalolat beradi. Bugun eng katta orzularimdan biri ushaldi. Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish nasib etdi. Shuningdek, azim va navqiron Samarqand shahrining goʻzalligidan, Registon tarovati-yu, Amir Temur maqbarasining oʻziga xos milliy arxitekturasidan lol qoldim. Nasib etsa, Oʻzbekistonga yana kelishni niyat qildim.

Moʻtabar mehmonlar Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Hadis ilmi maktabi bilan tanishuv chogʻida mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ezgulik va insonparvarlik dini boʻlmish islomning asl mohiyatini yosh avlodga oʻrgatish, ularni insonparvarlik ruhida tarbiyalash, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ulugʻ allomalarimizning munosib davomchisi boʻladigan muhaddislarni kamol toptirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi. Bu maktabda saboq olayotgan yoshlarning zehni, ilmi, odobi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

– Imom Buxoriy maqbarasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi yonma-yon joylashgani eʼtiborimni tortdi, – deydi IHTga aʼzo Marokash davlati vakili Al Said Ali Zaxabi. – Hadis ilmi maktabida taʼlim-tarbiya olayotgan yoshlar tadqiqot markazida izlanishlarini davom ettirishlari, biz tomosha qilgan Markaz muzeyidagi nodir qoʻlyozmalarni oʻrganishlari va albatta, buyuk muhaddis Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilib, ruhiy, maʼnaviy quvvat olishlari mumkin. Bu maktab tarbiyalanuvchilari dinimiz rivojiga, uni turli tahdidlardan asrashga hissa qoʻshishlariga ishonaman.

– Komissiyamizning Toshkent shahrida oʻtkazilgan 6-seminariga juda katta tayyorgarlik koʻrilgani va anjuman yuqori saviyada tashkil etilganini alohida taʼkidlamoqchiman, – deydi IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi aʼzosi, Ozarbayjon vakili Aydin Safixanli. – Tadbir doirasida Toshkent va Samarqand shaharlaridagi muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalar, taʼlim maskanlariga uyushtirilgan sayohatlar bizda ulkan taassurot qoldirdi. Ayniqsa, yer yuzining sayqali, sharq javohiri Samarqand shahrini, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish imkoniyati yaratilganidan benihoya xursandmiz. Xalqaro seminar doirasida tashkil etilgan Samarqand safari hayotimizda unutilmas voqea boʻlib qoladi. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlari mangu orom topgan muqaddas maskanning ulugʻvor salobatidan, obodligidan hayratga tushdik.

– Milliylik va zamonaviylik uygʻunlashgan mamlakatingiz nafaqat koʻrkam tarixiy meʼmoriy obidalari bilan, balki zehnli va bilimli yoshlari bilan ham bizni lol qoldirdi, – deydi IHTga aʼzo davlat boʻlmish Gambiya Respublikasi Adliya vazirligi vakili Fatou Njiye. – Yoshlar bilan suhbatlashib, ularning fikrlarini eshitib, Oʻzbekistonda ulugʻ ajdodlariga munosib avlodlar kamol topayotganiga amin boʻldik. Yoshlar – bu kelajak degani. Demak, Oʻzbekistonning kelajagi munosib qoʻllarda.

Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

3 078
OʻzA