O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 20:40 Chop etish versiyasi

Sharoit yaxshi, mehr ziyoda, ammo oʻziga xos muammosi ham bor

Sharoit yaxshi, mehr ziyoda, ammo oʻziga xos muammosi ham bor Jizzax shahridagi bu maktab tashqaridan qaraganda,bolalarning chugʻur-chugʻuriga toʻlaligi bilan boshqa taʼlim muassasalaridan farq qilmaydi. Ammo, uning bir qarashda koʻzga tashlanmaydigan boshqa dunyosi ham bor. Bu yerda dunyoni faqat koʻz bilan emas, qalb bilan koʻradigan bolalar koʻpchilikni tashkil etadi. Ularga bolalar dunyosiga qalb koʻzi bilan qaraydigan oʻqituvchilar taʼlim-tarbiya beradi.

2005 yilda koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilar uchun viloyat markazida “Mehr-muruvvat” shaharchasi bunyod etilib, bu yerda 150 oʻrinli maxsus maktab-internat barpo etildi. Bu ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga oʻziga xos qulaylik yaratdi. Chunki ilgari viloyatda koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun maxsus ixtisoslashgan taʼlim muassasasi yoʻq boʻlib, bu toifadagi bolalar Samarqand shahridagi maktab-internatda oʻqishar edi.

Oʻtgan yillar davomida maktabning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, taʼlim-tarbiya ishlari zamon talablariga mos takomillashtirildi. Maktabni bitirgan yuzlab yoshlar hayotda oʻz oʻrnini topib, turli sohalarda sidqidildan mehnat qilib kelmoqda.

Zamonaviy binoda joylashgan maktabning 26 ta sinfida 260 nafar oʻquvchi taʼlim-tarbiya olayotir. Sport zali, kutubxona, dam olish xonasi va oshxona zamonaviy jihozlangan.

Oʻz kasbining fidoyisi boʻlgan oʻqituvchilar dunyoni qalb koʻzi bilan koʻrayotgan bolalar ongiga ilm-fan sirlarini mehr-muhabbatga qoʻshib singdirmoqda. Davlatimizning gʻamxoʻrligi, ustoz-murabbiylarmehri bolalar qalbida Vatanga muhabbat tuygʻusini ulgʻaytirmoqda.

– Bolalarni yaxshi koʻraman, – deydi maktab-inrenat psixologi Nodira Hasanova. – Bizning oʻquvchilarimiz iqtidori, orzu-oʻylari, qiliqlari, shoʻxliklari bilan odatdagi maktablarda oʻqiyotgan tengdoshlaridan farq qilmaydi. Faqat bunday maktabda ishlash uchun mehr koʻproq kerak. Oʻqituvchi bolalarni chinakam sevsa, oʻquvchilar unga ishonadi. Ular koʻproq mustaqil fikrlashga moyil. Bolalar bilan munosabatning muhim jihati ularni mustaqil harakatlanish, oʻziga ishonishga oʻrgatish hisoblanadi. Oʻziga ishonch ularning toʻlaqonli hayot kechirishida juda muhim.

Hayotda mehr mehrni uygʻotishi isbot talab qilmaydigan haqiqat. Oʻqituvchi bilim bilan birga mehr ham bera olsa, oʻquvchining ishonchini, hurmatini qozonadi. Margʻuba Joʻrayeva, Saodat Suvonqulova, Rixsi Isoqova, Muhayyo Jabborova, Sherzod Abdusattarov, Shoira Hamidova, Muqaddas Ilyosova, Nargiza Abdurahmonova, Yulduz Hamidova, Gulnora Yorlaqabova va yana koʻplab oʻqituvchilar bolalarning chinakam mehriga, hurmatiga sazavor boʻlgan.

Keyingi yillarda taʼlim tizimida roʻy berayotgan yangiliklar – taʼlim-tarbiya jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalar, elektron darsliklar kiritilishi oʻqitish jarayonini tubdan yaxshilashga xizmat qilayotir. Oʻtgan yili maktabga Yaponiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi granti asosida koʻzi ojiz oʻquvchilarga moʻljallangan JAWS dasturi bilan Brayl usulida ishlaydigan 15 dona printer berildi. Maktab “ZIYONET” internet tarmogʻiga ulangan.

Oʻquvchilar braylcha darsliklar bilan toʻliq taʼminlangan. Maktab- internat kutubxonasida braylcha, lotincha 8 mingdan ziyod adabiyotlar bor. Oʻquvchilar boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun 12 yoʻnalishda toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida bu yil maktabda 219 million soʻmlik taʼmirlash, jihozlash ishlari amalga oshirildi. Shu hisobdan maktab yotoqxonasi, oshxonasi, sanitariya tarmoqlari taʼmirlandi, parta, stol-stullar yangilandi.

– Oʻquvchi va oʻqituvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi maktab-internat direktori Baxtiyor Sharipov. – Boshqa taʼlim muassasalari bilan taqqoslaganda bizga koʻrsatilayotgan yordamning salmogʻi juda katta. Ammo bizning ehtiyojimiz ham oddiy maktablarnikidan farq qiladi. Masalan, koʻzi ojizlar uchun ham daftar, ham qalam vazifasini oʻtaydigan Brayl pribori va uning qogʻozi yetishmasligi ancha muammo boʻlayotir. Brayl alfavitini ushbu maxsus oʻquv qurolidan foydalanmasdan yozish juda qiyin. Bu maxsus oʻquv ashyosi yurtimizda ishlab chiqarilmaydi shekilli, taʼlim taʼminoti tizimidagi korxonalar topib berolmayati.

Daftar kattaligidagi oddiygina katak taxta va Brayl alifbosini qogʻozni teshib tushiradigan grifel deb ataluvchi ashyodan iborat oʻquv asbobi shunchalik kamyob ekani ajablanarli, albatta. Ammo maktab bugun 200 donagina ushbu ashyoni hech qayerdan topolmayapti.

Maktab uchun bu oʻquv asbobi juda ham zarur. Davlatimiz rahbarining yuqorida zikr etilgan farmonida nogironlar uchun tegishli materiallarni nashr qilishni ragʻbatlantirish, muhim sohalarda audio kitoblar yaratish va ularni joriy etishni nazarda tutgan holda, Brayl alifbosini qoʻllash imkoniyatlarini kengaytirish vazifasi alohida belgilab berilgani bejiz emas.

Bu maktab taʼlimining oʻziga xos jihati – oʻquvchilarga kasb taʼlimi berish asosiy yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Aynan shu yoʻnalishda ham maktab yordamga muhtoj. Tikuv mashinalari kamligi mehnat darslari samaradorligini pasaytirmoqda. Oʻquvchilarning 100 dan ziyodini qizlar tashkil etadigan muassasaga bu mehnat quroli juda zarur. Maktab maʼmuriyatining 20 dona tikuv mashina soʻrab qilgan murojaati hozircha natija bermayotir.

Brayl oʻquv asbobi, tikuv mashinasi yoʻqligi u qadar katta muammo emasdek tuyulishi mumkin. Ammo har ikki ashyoga bu maktabda har kuni, har soat, har darsda ehtiyoj bor. Maktabning bu muammolarini hal etishga taʼlim, ijtimoiy taʼminot sohasiga tegishli idoralar yordami zarurligi sezilib turibdi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat) OʻzA