O‘zA O`zbek

20.09.2019 Chop etish versiyasi

Shahzoda Turkiy bin Talal O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin

Shahzoda Turkiy bin Talal O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin

O‘rmonlarni saqlash, suvni tejash, eko, geo va agro turizmni rivojlantirish, yo‘l va shahar qurilishida atrof -muhitni muhofaza qilish mavzusida Arabistonda o‘tkazilgan konferensiyada yurtimiz vakillari ishtirok etdi.

Avstraliya, Ispaniya, Italiya, Yaponiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Hindiston, Gresiya, Oman, Iordaniya, Falastin, Misr, Janubiy Afrika, Marokash kabi yigirmaga yaqin davlat vakillari qatnashgan anjumanda Abxa viloyati gubernatori, shahzoda Turkiy bin Talal ishtirok etdi. U sessiyalarda moderatorlik qilish jarayonida har bir taqdimotdan keyin Abxa viloyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflarini so‘rab oldi.

Konferensiya ishtirokchilari Abxa shahri tabiati hamda Abxa milliy bog‘i faoliyati bilan tanishdi.

– Abxa tabiati mamlakatimizdagi qurg‘oqchil tog‘li hududlarga ya’ni, Nurota, Boysun, Bobotog‘, Dehqonobod, Qamashi o‘rmon xo‘jaliklari tabiatiga yaqin ekan, – deydi O‘rmon davlat qo‘mitasining xalqaro aloqalar, eksport va ekoturizm boshqarma boshlig‘i Abduvohid Zaxadullaev. – Lekin bu yerda harorat 40 darajaga yetmaydi hamda qish bo‘lmasligini aytishdi. Biz mahalliy ishtirokchilarga, viloyatdagi har bir kishiga 100 tup daraxt aksiyasini o‘tkazish borasida taklif berdik. Bu tashabbus ularga manzur bo‘ldi. Abxa viloyati gubernatori, shahzoda Turkiy bin Talal O‘zbekistonning tabiati, hayoti va urf-odatlari haqidagi taqdimotimizni katta qiziqish bilan tinglab, yurtimizga kelish istagi paydo bo‘lganini bildirdi.

Konferensiya doirasida atrof - muhitni yaxshilash, tabiatga asoslangan turizmni rivojlantirish, o‘rmonlarni kengaytirish va saqlash bo‘yicha Abxa viloyatining strategiyasi borasida tavsiyalar qabul qilindi. 

1 762
O‘zA