O‘zA O`zbek

14.09.2020 Chop etish versiyasi

Shahrisabzda kambagʻallikni qisqartirish: imkoniyat, harakat va natija

 Shahrisabzda kambagʻallikni qisqartirish: imkoniyat, harakat va natija


Davlatimiz rahbari parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida mamlakatimizdagi kambagʻallik darajasi 12-15 foiz atrofida ekanini maʼlum qilgan edi. Bu 4-5 million aholi yetarli daromad manbaiga ega emasligini, ijtimoiy himoyaga muhtojligini bildiradi. Tahlillarga koʻra, ana shu yurtdoshlarimizning bir kunlik daromadi 10-15 ming soʻmdan oshmas ekan...

Bu qatlamdagi insonlarning shu ahvolga tushib qolishiga turli sabablar koʻrsatish mumkin. Aslida ularni shu vaziyatdan chiqarish uchun zarur choralar koʻrish maqsadga muvofiq. Deylik, ular hayotini oʻrganish, tahlil qilish va ilmiy asoslash, bu borada tizimli ishlar qilish kerak.

Bir guruh jurnalistlar bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni Qashqadaryo viloyati misolida oʻrgandi. OʻzA ijodiy guruhining navbatdagi manzili Shahrisabz shahri boʻldi.

photo_2020-09-13_22-29-09.jpg

Shahrisabzda 139,5 ming aholi istiqomat qiladi. Roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari soni 4 ming 240 ta. Shundan kichik biznes subyektlari soni 1 ming 491 ta boʻlib, 595 tasi yoki 40 foizi soʻnggi 3 yilda tashkil etilgan. Yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 2 ming 749 tani tashkil etmoqda.

2019-yil tashkil etilgan 336 ta yangi kichik biznes subyektidan 52 tasi (12 foizi) faoliyat koʻrsatmayapti. Shundan, 27 tasi hisobraqam ochmagan, 19 tasi ixtiyoriy tugatish jarayonida, 6 tasi oborotsiz korxona hisoblanadi.

Shahrisabzda ishlab chiqarish va tadbirkorlik

Shahrisabz shahridagi sobiq 35-avtobaza hududida 1,1 gektar maydonda tashkil etilayotgan Texnopark qurilish ishlari bilan tanishdik. Ushbu Texnopark 8 ta lotdan iborat boʻlib, loyihaning umumiy qiymati 11 milliard 600 million soʻm.

Texnoparkda mebel, mineral suv ishlab chiqarish va qadoqlash, shaxsiy gigiyena vositalari (tibbiy niqoblar va tibbiyot qoʻlqoplari), gazoblok, qurilish materiallari (shpatlyovka, rodbon), MDF eshik va romlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Texnopark bino-inshootlari aholiga noqulayliklar tugʻdirmasligi uchunzamonaviy shovqin oʻtkazmaydigan sendvich panellardan foydalanilgan holda barpo etiladi.

Prezidentimizning2018-yil 29-martdagi qarori bilan Shahrisabz shahri “Uymovut” MFYdagi sobiq Guliston shirkat xoʻjaligi traktor parki oʻrnida 1,96 gektar maydonda Kichik sanoat zonasi tashkil etilgan.

Mazkur sanoat zonasi 11 ta lotdan iborat boʻlib, loyihaning umumiy qiymati 9 milliard 988 million soʻmni tashkil etadi. 95 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Kichik sanoat zonasi uchun yaratilgan ish oʻrni kam albatta.

Kichik sanoat zonasi hududida quyonchilik klasteri, qurilishda boʻyoq va pardozlash mahsulotlari, har xil turdagi isitish qozonlari ishlab chiqarish, yevro devor plitalari va bruschatkalar, mebel ishlab chiqarish, oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish va boshqa loyihalaramalga oshirilmoqda.

photo_2020-09-13_22-29-26.jpg

Kichik sanoat zonasidagi yer maydoni 11 tadbirkorlik subyektiga ajratib berilgan. Har bir tadbirkorga ishlab chiqarish quvvatiga qarab 5 sotixdan 11 sotixgacha ajratilgan. Yillik ishlab chiqarish hajmi 200 milliondan 800 milliongacha boʻlib, tadbirkorlik subyekti ishlab chiqarish quvvatiga qarab belgilanadi.

Kichik sanoat zonasi tarkibidagi “Rahimqulov Jafarbek” masʼuliyati cheklangan jamiyati mavsumiy isitish qozonlari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati bilan tanishdik.

Ilgari ijara asosida faoliyat olib borgan korxonaga shahar hokimligi tomonidan Kichik sanoat zonasi hududidan yer ajratildi. Buning natijasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi kengayib, daromad oshdi. 8 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Isitish qozonining qulayligi shundaki, tejamkor gazda, oʻtinda va koʻmirda ham ishlaydi. Isitish qozoni 35-40 litrgacha suv sigʻimiga ega boʻlib, tez qizish xususiyatiga ega. Ushbu isitish pechlaridan maktab, bogʻcha va boshqa obyektlarda foydalaniladi.

Korxona rahbarining qayd etishicha, sigʻimi jihatdan 4 xil turdagi isitish qozonlari ishlab chiqarilmoqda. Narxi esa sigʻimiga qarab 3 million 700 soʻmdan 4 million soʻmgacha belgilangan. Ayni paytgacha 47 ta isitish qozoni ishlab chiqarilgan boʻlib, kuz-qish mavsumi boshlanish arafasida ishlab chiqarish hajmi 2-3 barobar koʻpayadi.

Toʻylarga koʻrpa-toʻshak tikib, “temir daftar”dan chiqqan oila

Shahrisabz shahridagi “temir daftar”ga kirgan xonadon vakillari bilan suhbatlashdik.

Oʻrganish jarayonida amin boʻldikki, chekka hududlardagi aholining aksariyati tomorqasida dehqonchilik qilib, oʻz hayotini oʻnglab olgan. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik, fermerlik bilan shugʻullanib, chorvachilik, asalarichilik va parrandachilikni yoʻlga qoʻyayotgan, issiqxona barpo etib, qishin-yozin turli neʼmatlar yetishtirayotgan xonadonlar safi ham kengayib bormoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, pandemiya davrida shahardagi 2 ming 367 oila “temir daftar”ga kiritilgan.

Fayzobod mahallasidagi Otabek aka Rasulov mavsumiy ishlarda ishlab, roʻzgʻor tebratar edi. Pandemiya sabab uyda oʻtirib qoldi. Shahar mutasaddilari tomonidan “Toza hudud” davlat unitar korxonasi shahar filialiga ishga joylashtirildi. Ayoli “jigar sirrozi” bilan kasallangan. Shahar hokimligi tomonidan qurib berilgan ikki sotix issiqxonada onasi va ayoli ekin ekib sotishmoqda. Bu ham qoʻshimcha daromad. Onaxonning aytishicha, birinchi hosildan 300 kilogramm bodring sotilgan.

photo_2020-09-13_22-29-30.jpg


Sariosiyo mahallasida yashovchi 64 yoshni qarshilagan Shahodat aya Boltayeva oilasi ham joʻjabirday jon. Hovlida 3 xoʻjalik yashaydi. Uch nafar nogiron farzandi, kelinlari, nevaralari bilan hisoblaganda 10 dan ortiq kishi.

Pandemiya davrida shahar mutasaddilari tomonidan ushbu oila holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, homiylik yordamlari yetkazib berilgan. Shuningdek, 1 million soʻmdan bir martalik pul mablagʻlari tarqatilgan. Yaqinda oilaga saxovatpesha insonlar sigir sovgʻa qildi.

Oilaning oʻz hunari bor. Shahodat aya va ularning kelinlari toʻy koʻrpa-toʻshaklarini tikib, oilaga daromad keltiradi. Xonadon kelini qoʻli gul bichuvchilardan, oʻz ishining ustasi. Karantin yumshatilgach, toʻy mavsumi boshlanmoqda. Oilaga deyarli har kuni buyurtma bor. Harakat qilgan kam boʻlmaydi, deyishadi. Oilaning oʻz talabiga muvofiq ushbu xonadon “temir daftar”dan chiqarildi.

4 nafar ayolning uyi taʼmirlab berildi

Shahrisabz shahar Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Shahlo Rahmonovaning soʻzlariga koʻra, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida pandemiya davrida ogʻir sharoitga tushib qolgan, oziq-ovqatga muhtoj, vaqtinchalik ish oʻrnini yoʻqotgan 1 ming 657 nafar ehtiyojmand oilaga 114 million 179 ming soʻmlik bosqichma-bosqich 8 turdagi keyinchalik 6 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyenik vositalar tarqatildi.

Shahrisabz shahrida ham aholi bandligi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarga eʼtibor kuchaytirildi. 52 ta ogʻir sharoitli xotin-qizning 42 nafari ishga joylashtirildi.

Yil boshidan ish soʻrab murojaat etgan jami 860 nafar xotin-qizdan 191 nafarining bandligi taʼminlandi. 205 nafari ishsiz, deb eʼtirof etilib, shundan, 490 nafari jamoat ishiga jalb etilgan, 83 nafari kasbga yoʻnaltirilgan, 23 nafari ijtimoiy himoyaga olingan va ishsizlik nafaqalari toʻlab kelinmoqda.

photo_2020-09-13_22-29-17.jpg

Hozirgi kunda shahar Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tomonidan 122 nafar kredit olish istagida boʻlgan uy bekasi va ishsiz xotin-qizlarning roʻyxatlari shakllantirildi, ushbu loyihalar hisobidan kelgusida 216 ta ish oʻrni yaratiladi.

Ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 4 nafar ayolning uylari taʼmirlab berildi. 54 nafar sogʻligʻida muammosi bor xotin-qizga dori-darmon olishlari uchun naqd pul berildi.

Xoʻp, kambagʻallar “temir daftar”dan chiqarilyapti, shu bilan ish bitdimi? Endi ular xolidan xabar olinmaydimi? Yoʻq, aksincha, toki har bir fuqaro daromad topish yoʻliga kirmas ekan, uning holidan xabar olinaveradi, kerak boʻlsa pul topish usullari oʻrgatiladi. Bu borada hududlarda sektor rahbarlari, ayniqsa, mahalliy hokimlik vakillari bir soniya boʻlsin eʼtiborni susaytirmaydilar, degan umiddamiz.


5 104
Nurillo NASRIYEV, Jamshid NORQOBILOV (surat), OʻzA