Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.12.2017 17:43 Chop etish versiyasi

Shahar va tuman tibbiyot birlashmalari tarkibida bolalar anesteziologiyasi va reanimatsiyasi bo‘limlari tashkil etiladi

Bolalarda genetik sindromlarni erta tashxislash, tug‘ma gipoterioz va fenilketonuriya kabi nasliy kasalliklarga chaqaloqlarni ommaviy (95 foiz qamrovli) skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari tarkibida bolalar anesteziologiyasi va reanimatsiyasi bo‘limlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan «O‘zbekiston hududlarida bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish holati va istiqbollari. Pediatriyada innovatsion masalalar» mavzuidagi ilmiy-amaliy anjumanda ma’lum qilindi.

Anjumanda Prezidentimizning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi muammolarini bartaraf etish va rivojlantirish istiqbollariga yo‘naltirilgan topshiriqlari ijrosi, bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amaliy natijalari, tizimda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar va istiqboldagi rejalar tahlil qilindi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, viloyat va tuman tibbiyot muassasalarining o‘zaro uzviy bog‘liqligini ta’minlash, vertikal boshqaruv sifatini oshirish va bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni muvofiqlashtirish maqsadida Andijon, Buxoro va Samarqand viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hududiy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari hududlararo bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari etib belgilandi.

Qishloq oilaviy poliklinikalarida ishlayotgan ginekolog va pediatr vrachlar shtatlar jadvalining qayta ko‘rib chiqilayotgani onalar va bolalarga tibbiy-profilaktik yordam ko‘rsatish imkoniyatini yanada kengaytiradi.

Tadbir doirasida milliy va xalqaro kompaniyalar mahsulotlarining ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 098