O‘zA O`zbek

13.06.2018 19:16 Chop etish versiyasi

Shaffoflikni ta’minlashda onlayn kuzatuvning ahamiyati

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki faoliyati samaradorligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston bank-moliya sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Pirovardida banklar faoliyatida mutlaqo yangi tizim ishga tushib, fuqarolar, xususan, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi ko‘payib, sifati oshmoqda. Tizimga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ham yaxshi samara bermoqda.

Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Nizomiddin Abbosovning ma’lum qilishicha, bank xizmatlari va mahsulotlarining yangi turlarini joriy etish, bank filiallari va mini-banklar tarmog‘ini kengaytirish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xorijiy valyutaning oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish va xalqaro to‘lov kartalaridan pul mablag‘larini xorijiy va milliy valyutadagi muddatli omonatlarga o‘tkazishni ta’minlovchi tizim joriy etilgan. Kredit olish shaffofligini ta’minlash maqsadida mijoz onlayn tarzda jarayonni kuzatish imkoniyatiga ega.

Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘larini boshqarish, shuningdek, mamlakatimiz aholisiga pensiya va nafaqa mablag‘larini aholi yashaydigan hududlarga naqd pul ko‘rinishida yetkazib berish vazifalari ham mazkur bank zimmasidadir.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 4 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy holatini yaxshilash hamda faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan bank bir qator imtiyoz va imkoniyatlarga ega bo‘ldi, – dedi Xalq bankining iqtisodiy tahlil departamenti direktori Jamol Yusupov. – Mazkur hujjatga muvofiq, 2018-2019 yillarda Xalq banki ustav kapitalini 1,6 trillion so‘mga oshirish, “UzPaynet” MCHJni ixtiyoriy ravishda tugatish va Xalq bankining tarkibiy bo‘linmasini tuzish belgilandi.

Tadbirda davlat aktivlarini boshqarish tizimi, pensiya va nafaqalar to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham so‘z bordi. Ayni kunda Xalq bankining barcha hududiy va tuman (shahar) filiallarida pensiya va nafaqa to‘lovlari bo‘limi tashkil etilgan. Uning sayyor kassalari orqali mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 3 milliondan ziyod pensionerganafaqa puli vaqtida yetkazib berilmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 554