Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.08.2017 17:29 Chop etish versiyasi

"Shabada"da maroqli hordiq

Navoiy viloyatidagi “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Shabada” bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohida har qabulda 300 dan ortiq o‘quvchi maroqli hordiq chiqarmoqda.

– Bolalarning so‘lim tabiat qo‘ynida munosib hordiq chiqarib, yangi o‘quv yilini kuch-g‘ayratga to‘lgan holda boshlashi uchun oromgohda barcha sharoit yaratilgan, – deydi mazkur oromgoh direktori G.Jo‘raqulova. – Haroratning me’yordan ortiq isib ketishi, oftob urish xavfi kuchaygan pallada bolalarni soya joylarda saqlash, salqin ichimliklar ta’minotiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tibbiyot punkti xodimlari va otryad boshliqlari tomonidan bolalar sog‘ligi doimiy nazorat qilib boriladi. Maxsus fitobar tashkil etilgan.

Oromgohda turli fan va sport to‘garaklari faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, ingliz tili, tasviriy san’at, komputer savodxonligi va mohir qo‘llar to‘garaklarida bolalar alohida faollik ko‘rsatmoqda. Maskan kutubxonasida ham bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun barcha sharoit mavjud.

– Yozgi ta’tilni mana shunday go‘zal maskanda o‘tkazayotganimdan xursandman, – deydi Sh.Jabborov. – Tengdoshlarim bilan turli to‘garaklarga qatnashmoqdamiz. O‘zim suzishga juda qiziqaman. Oromgohda o‘tkazilgan suzish bo‘yicha musobaqada birinchi o‘rinni egalladim. Turli ko‘ngilochar o‘yinlar va intellektual bellashuvlar tashkil etilayotgani mazmunli dam olishimizda muhim omil bo‘lmoqda.

Oromgoh kun tartibiga asosan issiq kunlarda bolalarning suv havzalarida cho‘milishi qat’iy belgilangan. Tabiat qo‘yniga sayohat va sayrlar kun harorati bo‘yicha amalga oshirilib, bolalar alohida nazorat qilinmoqda.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
1 158






Все о погоде - Pogoda.uz