Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2018 12:54 Chop etish versiyasi

Sergeli va Yunusobod yo‘nalishidagi metro qurilishining borishi hamda boshqa ma’lumotlar e’lon qilindi

Sergeli va Yunusobod yo‘nalishidagi metro qurilishining borishi hamda boshqa ma’lumotlar e’lon qilindi Milliy matbuot markazida Toshkentda Sergeli va Yunusobod yo‘nalishidagi metro qurilishi, katta halqa yo‘li bo‘ylab qurilish jarayoni, bu borada qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, joriy yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi.

Unda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AK boshqaruvi raisi o‘rinbosari, "Toshkent metropoliteni" UK rahbari ma’lumot berdi. 

2.jpg

Uzunligi 7,1 kilometr bo‘lgan Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasi qurilishi 2020-yilga qadar qurib, foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Sergeli metro liniyasi hozirgacha Markaziy Osiyoda qo‘llanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda. Mazkur liniya ko‘priksimon tarzda quriladi, poyezdlar yer ustida harakatlanadi. Ushbu yo‘nalishda 6 bekat bo‘ladi. Qiziqarli yana bir jihat, poyezdlar to‘xtash maskani, ya’ni bekatlar 4 vagondan iborat metro poyezdiga mo‘ljallab quriladi. Bekatlarda yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus lift va eskalatorlar o‘rnatiladi.

Yunusobod yo‘nalishining yangi yo‘nalishi esa 2019-yilda to‘la nihoyasiga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda bu obyektda 100 dan ziyod malakali muhandis va ishchilar, 40 ga yaqin maxsus texnikalar jalb etilgan. Hozirgacha ushbu qurilishda kotlovanni tayyorlash va tuproqni chiqarib tashlash ishlari to‘liq yakunlangan.

Uchinchi loyiha – yer usti metro halqa yo‘li qurilishi bo‘lib, uning umumiy uzunligi 52,1 kilometrni tashkil etadi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha poyezdlarning o‘rtacha harakat tezligi soatiga 60 kilometrga yetadi. Halqa bo‘ylab yo‘lni bosib o‘tish vaqti 1 soat-u 10 daqiqa etib belgilangan.

Dastlabki bosqichda Toshkent metropolitenining "Do‘stlik" bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan 8 bekatdan iborat qismi quriladi. Keyinchalik u "Olmazor", “Beruniy”, “Bodomzor” hamda “Tuzel” bekatlari orqali yana “Do‘stlik” bekatiga tutashadi. Mazkur metro yo‘li Yashnobod, Uchtepa, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sergeli tumanlari hududidan o‘tadi.

Ayni paytgacha bu yerda 47,5 ming kub metr tuproq ishlari bajarildi. Rejaga ko‘ra ushbu metro liniyasida 35 bekat quriladi.

Ulug‘bek Asrorov, Muhammad Amin (surat), O‘zA
8 044