O‘zA O`zbek

28.08.2018 19:50 Chop etish versiyasi

Sergeli tumanida 605,7 milliard soʻmlik 87 loyiha amalga oshiriladi

Sergeli tumanida 605,7 milliard soʻmlik 87 loyiha amalga oshiriladi Poytaxtimizda Oliy Majlis Senati Kengashi va xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari N.Umarov, Sergeli tumani hokimi N.Husanov, senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlar doirasida barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari zimmasiga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalasi yuklatilgani alohida taʻkidlandi.

Prezidentning joriy yil 15 avgustdagi “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq hukumat, vazirliklar, idoralar va shahar hokimligi zimmasiga poytaxtning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirish boʻyicha qator muhim vazifalar yuklatilgan edi.

Majlisda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat va aholini qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhining axboroti tinglandi. Shuningdek, masʻul vazirlik va idoralar, tuman hokimligi rahbarlarining belgilangan vazifalarni ijro etish chora-tadbirlari haqida bergan maʻlumotlari muhokama qilindi. Shu kunga qadar 4 ta sektor kesimida ishchi guruhi tomonidan tumanning 36 mahallasida 49 ming 845 xonadon egalari muammolari oʻrganildi. Bandlikni taʻminlash va yangi ish oʻrinlari yaratish, sogʻliqni saqlash, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, obodonlashtirish hamda yoʻllarni taʻmirlash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va manzilli moddiy yordam koʻrsatish kabi aniqlangan 1 ming 255 masalaning 446 tasi tegishli tartibda bartaraf etilgan. Bu jarayon davom etmoqda.

Tadbirda joriy yilda hududdagi koʻp qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha olib borilgan ishlarga alohida eʻtibor qaratildi. Unga koʻra, 36 mahalladagi 210 koʻp qavatli uy-joylarni taʻmirlash ishlari joriy yil 30 sentyabrga qadar tugatiladi. Buning uchun kredit, byudjet mablagʻlari hisobidan 16,1 milliard soʻm ajratilgan. Biroq ushbu muammoga tez fursatda chora koʻrish lozimligi boʻyicha soha xodimlariga zarur topshiriqlar berildi.

Mutaxassislar tomonidan 2018 yilda Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida jami 605,7 milliard soʻmlik 87 loyiha amalga oshirilishi, ushbu loyihalar hisobiga 1 ming 840 yangi ish oʻrni yaratilishi xususida maʻlumot berildi. Tumanning 2018-2019 yillar xorijiy investitsiya dasturida 13 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Uning umumiy qiymati 490,3 milliard soʻmni, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar miqdori 36,6 million dollarni tashkil etadi. Ushbu loyihalar asosida 1 ming 139 yangi ish oʻrni yaratiladi. Bugunga kelib 424 ish oʻrni yaratilgan boʻlib, qariyb 9 million dollarlik xorijiy sarmoya oʻzlashtirildi.

Ayni paytda Sergeli tumanida metro liniyasi, koʻp qavatli uylar qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda. Xususan, “Choshtepa” mahalla fuqarolar yigʻinida har biri 70 xonadondan iborat 60 ta 7 qavatli uy qurilishi davom etmoqda. Ular yaqinida zamonaviy sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlari, tibbiyot, dam olish maskanlari, kutubxona, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari quriladi.

Tadbirda tumanni kompleks rivojlantirish, aholini tashvishga solayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilishni taʻminlash choralari toʻgʻrisida qoʻshma qaror qabul qilindi.

Abdulaziz Musayev, Farhod Abdurasulov (surat) OʻzA
1 525