O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

Sergʻayrat ayolga qoyil: Ham oila, ham dala ishlari badastur

Sergʻayrat ayolga qoyil: Ham oila, ham dala ishlari badastur

Buxoro shahrida yashovchi Xursand Rahmonovani koʻpchilik mehnatkash, dehqonchilikni hadisini olgan tadbirkor sifatida yaxshi biladi.

Xursand opa yerga mehr berib birovdan kam boʻlmadi. U bundan 14 yil muqaddam Otbozor mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 1.6 gektar yerda “Anori gʻurbin+” fermer xoʻjaligini tashkil qilgan edi. Bu joy tashlandiq, yantoqzor ahvolda edi. 1 gektar maydondagi bogʻda ham uzumning bozorgir boʻlmagan navlari yetishtirilgan. Opaning aytishicha, shu joy ham gʻirt chakalakzorning oʻzi boʻlgan.

Yangi fermer tokzorni buzib olmazorga aylantirdi. Qolgan yerda ham oziq-ovqatbop mahsulotlar yetishtira boshladi. Oradan 2 yil oʻtar-oʻtmas, tarmoqni kengaytirishga kirishdi. Shahar ichida 65-yoʻnalish avtomobillari qatnovini yoʻlga qoʻydi. 2009-yildan boshlab “Tashabbus” koʻrik-tanlovida qatnasha boshladi. Oʻtgan yillar davomida u tanlovning viloyat va shahar bosqichlarida faxrli oʻrinlarni olib kelmoqda.

2010-yilga kelib fermer xoʻjaligi maydoni yana 1.8 gektarga koʻpaydi. Ayni paytda esa xoʻjalik tarkibida 4 gektar yer boʻlib, undan 3.5 gektari ekin maydonlari hisoblanadi.

–Yerga chin dildan mehr bersang, mehnatdan qochmasang, yer seni boqadi, – deydi Xursand Rahmonova. – Hayotim davomida nimagaki erishgan boʻlsam, hammasi halol mehnat ortidan. Lekin bugungi fermer turgʻun boʻlib qolmasligi kerak. Undan izlanuvchan boʻlishi talab etiladi. Malaka oshirish uchun 4-marta Turkiyaning Konya, Bursa shaharlarida, Xitoyda boʻldim. U yerlardan yangicha texnologiyalar xarid qildim. Chet elliklarning ish uslubining foydali tomonlarini oʻzlashtirdim. Natijada 60 sotix yerda issiqxona qurib, unda pomidor, bodring, lavlagi yetishtiryapmiz. Darvoqe, gulchilik bilan ham shugʻullanaman.

Xursand opa haqiqiy tadbirkor. Uning bu borada qoʻlidan kelmaydigan ishning oʻzi yoʻq. U baliqchilik bilan ham shugʻullanyapti. Ekin yerlariga kiraverishdagi yoʻllar chetini ham boʻsh qoʻymaydi. Uzumzor tashkil qilgan. Ishkomlardagi gʻoʻralar moʻl hosil vaʼda qilyapti.

Fermerning koʻplab mahsulotlari eksport qilinyaptiyu, lekin asosan opani anor yetishtirishdagi mahoratini qadrlashadi. U har yil 30 sotixdagi 100 tup anordan moʻl-koʻl hosil oladi. Chet ellik sayyohlar bu yerga tez-tez kelib turadi. Ular har bir donasi 1-1.2 kilo keladigan anorlarni koʻrib va oʻzlari uzib yeyishni xush koʻrishadi.

X. Rahmonova 2019-yil bankdan 25 million soʻm kredit olib, broyler tovuqlarini yetishtirshni ham boshlab yubordi. Ayni paytda kataklarda 1500 bosh tovuq parvarishlanmoqda. Bundan tashqari, aholiga xizmat koʻrsatish uchun paxta taroqlash sexi va oziq-ovqat magazini ham ishlab turibdi. Ogʻilxona va qoʻyxona esa hali biror marta boʻshab qolmagan. Qizigʻi, Xursand opa har biri yiliga 4 ta qoʻzichoq beradigan zotdor qoʻylarni parvarishlab keladi.

Bunday sergʻayrat ayolga qoyil qolmaslikning iloji bormi? Ham oila, ham dala ishlari...

Darvoqe, Xursand opa 2014-yil nafaqaga chiqqach, xoʻjalikni oʻgʻli — Ravshan Roziqovga topshirdi. Ammo bolalikdan mehr qoʻygan dalasidan koʻngil uzolmadi. Ishni oʻzi nazorat qiladi. U men ish yurituvchi deb soyada oʻtirmaydi. Opaning qoʻlidan oʻrogʻu ketmon tushmaydi. Uning hozirgi asosiy niyati 2 gektar yer olib, anor yetishtirishni keng yoʻlga qoʻyish. Oʻylaymizki, unga bu borada tegishli mutasaddilar qoʻllaridan kelgan yordamni koʻrsatishadi. Yaqin kelajakdagi rejalar shulardangina iborat emas, Xursand opa dorixona, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchasi, goʻzallik saloni, sartaroshxona, bolalar oʻyingohi, oshxona qurmoqchi. U bu ishlarni boshlab ham yuborgan. Toʻgʻrirogʻi, kerakli qurilish ashyolarining deyarli bari keltirilgan.

OʼzLiDeP Buxoro viloyati kengashi faollari Xursand Rahmonovaning tomorqadan unumli foydalanishdagi tajribasini yana bir bor oʻrganib, boshqalarga namuna qilib koʻrsatmoqda. Biz bir maqola bilan uning faqatgina fermer, tadbirkorligini yoritishga urindik. Holbuki Xursand opa jamoat ishlarida ham faol. U OʼzLiDeP Buxoro shahar kengashi “Ayollar qanoti” faoli, “Bunyodkor ayollar” loyihasi shahar bosqichi gʻolibasi, “Ishbilarmon ayol” koʻrik-tanlovi faol ishtirokchisi, “Anori gʻurbin+” boshlangʻich partiya tashkiloti raisi hamdir.

Obid QOʻLDOSHOV,
OʼzLiDeP Buxoro viloyat
Kengashi matbuot kotibi

935
O'zA