O‘zA O`zbek

13.08.2020 Chop etish versiyasi

Senatorlar yertoʻlada yashab kelayotgan oilaning muammosini hal etmoqda

Senatorlar yertoʻlada yashab kelayotgan oilaning muammosini hal etmoqda

Shu kunlarda poytaxtimizning Sergeli tumanidagi koʻp qavatli uylarning yertoʻlasida yashab kelayotgan oila haqida videolavha ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.

Unda aytilishicha, koʻchada qolgan ona yordamga muhtoj boʻlib, Sergeli tumanidagi Yangi Choshtepa mahallasi Oʻzar koʻchasi 14-uy yertoʻlasida uch oylik chaqalogʻi va onasi bilan birga yashab kelmoqda.

Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Botir Matmuratov hamda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Nosirbek Abdullaxanov mazkur masalani joyiga chiqib oʻrgandi.

Maʼlum boʻlishicha, 1996-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan fuqaro A.Inogʻomova poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida doimiy roʻyxatda turadi. Biroq uyi yoʻqligi sababli onasi U.Inogʻomova bilan ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser nazoratida turadigan opasi N.Poʻlatovaning Sergeli tumanidagi Yangi Choshtepa mahallasi Oʻzar koʻchasi 14-uyida istiqomat qilgan. Bir xonali uyda yashab turgan paytda yuzaga kelgan oʻzaro kelishmovchilik sabab opasi ularni uyidan haydaydi. Oqibatda u uch oylik farzandi va onasi bilan yertoʻlada yashab turishga majbur boʻlgan.

A.Inogʻomova Mirzo Ulugʻbek tuman hokimligiga va boshqa bir qator tegishli idoralarga murojaat qilgan. Ammo hech qanday natija boʻlmagan.

Oliy Majlis Senati aʼzolari ushbu masala yuzasidan MFY raisi, mahalla faollari, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddilar bilan suhbatlashdi hamda ularga tegishli koʻrsatmalar berdi.

A.Inogʻomovaning muammosi qonuniy koʻrib chiqilishi uchun maʼlum muddat talab etilishi tabiiy. Shu bois, unga hozirda vaqtinchalik yashab turishi uchun ushbu hududdagi xonadonlardan birida sharoit yaratildi va ijara haqi toʻlab berildi.

Mazkur masala senatorlar tomonidan nazoratga olinib, ijobiy hal etiladigan boʻldi.

1 306
OʻzA