Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 17:05 Chop etish versiyasi

Senatorlar, deputatlar, olima ayollar, turli vazirlik va idoralar mutasaddilari uyushmagan yoshlar bilan uchrashdi

Ishda, shaxsiy hayotda, oiladagi muvaffaqiyatning asosiy omili nimada? Qiyinchiliklarga duch kelganda ularni qanday yengasiz? Qanday qat’iy tamoyillarga og‘ishmay amal qilasiz? Uyushmagan yoshlarning senatorlar, deputatlar, olima ayollar, turli vazirlik va idoralar mutasaddilari bilan uchrashuvi hayotiy misollarga boy, samimiy tarzda kechdi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi hamda 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan "Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!" shiori ostida tashkil etilgan "Men ham yetakchi bo‘laman!" nomli ilk uchrashuvda qizlar, yosh oilalar vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining o‘rinbosari S.Ortiqova, Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori S.Rashidova, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Bositxonova, madaniyat vaziri o‘rinbosari K.Oqilova va boshqalar oilalar, yoshlar manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash, xalqimiz, ayniqsa, ulg‘ayib kelayotgan avlodning orzu-intilishlarini puxta o‘rganish, mavjud dolzarb masalalarga tezkor, o‘z vaqtida yechim topish davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati barcha yigit-qizlar manfaatlarini ko‘zlashi bilan birga ijtimoiy yo‘naltirilgani, ta’limni sifat jihatdan takomillashtirish, bandlikni ta’minlash, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlariga jiddiy e’tibor qaratishdek jabhalarni qamraydi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi iqtidorli qizlar safini kengaytirish borasida samarali faoliyat yuritayotgani barobarida, uyushmagan yoshlar bilan ham amaliy ishlarni tobora kuchaytirishi zarurligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Yoshlarning ayni toifasi bilan yangicha tizim va yondashuv asosida ish olib borish turli huquqbuzarliklar, oilaviy ajralishlar, erta nikoh kabi illatlarning oldini olishda asosiy omildir. Mazkur jamoat tashkiloti mahallalar, xonadonlarda bo‘lib, yosh oilalar, yigit-qizlarni o‘ylantirayotgan masalalarni o‘rganish, tahlil etish, bitiruvchi qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning mehnat bandligini ta’minlashga yaqindan ko‘maklashish bo‘yicha tizimli ishlarni olib bormoqda.

– Chirchiqdagi ta’lim maskanida bir muddat ishlab, soham to‘g‘ri kelmagani sababli ishdan bo‘shab, uyda o‘tirgan edim, – deydi Dilafro‘z G‘ayratova. – Bugungi suhbatda muvaffaqiyatning yo‘li oson emasligini, inson o‘z ustida tinimsiz izlansa, muttasil o‘qisa, maqsad sari dadil intilsa, qat’iy intizomga amal etsa, dilidagi ezgu orzulariga erishishi mumkinligini angladim. Imtihonlarga puxta tayyorlanib, kelgusi yili yangi ochilgan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga hujjat topshirish niyatidaman.

Muloqotda mamlakatimizda xotin-qizlarga, yosh oilalarga, yoshlarga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish borasidagi amaliy ishlarning mazmun-mohiyati, har bir insonning o‘z ota-onasi, oila, jamiyat, Vatan oldidagi burchi va mas’uliyati, baxt, muvaffaqiyat kabi tushunchalarning ahamiyati haqida hayotiy misollar yordamida so‘z yuritildi. Uyushmagan yoshlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha istiqboldagi rejalar belgilandi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
952






Все о погоде - Pogoda.uz